(Erkin Vohidov ijodiga chizgilar)

Insoniyat tafakkuri tarixida unutilmas voqea boʻlgan edi. Oradan ikki kun oʻtgach, kimdir shahardan “Qizil Oʻzbekiston” gazetasini olib keldi.
Gazetada oʻzbek shoirining sunʼiy yoʻldosh uchirilganiga bagʻishlangan birinchi sheʼri bosilgan ekan. Ammo sheʼr muallifi nomidan keyingi ­satrda “1-kurs talabasi”, degan soʻzlar muhrlangan edi. Sheʼr muallifi esa biz kuratori boʻlgan kurs talabasi Erkin Vohidov ekan. Buni qarangki, na biz, oʻqituvchi va aspirantlar, na E.Vohidovning kursdoshlari shu vaqtgacha uning yosh shoir ekanini bilmagan ekanmiz.

Men shu kunlarda yubiley tantanalari oʻtkazilayotgan ulkan shoir E.Vohidovni oʻzbek adabiyo­tidagi shu ilk qadamidan soʻnggi nafasigacha bosib oʻtgan sharafli yoʻlini yaxshi bilganim bilan faxrlanib yuraman.

Lirik tuygʻular olami

Keyin maʼlum boʻlishicha, E.Vohidov ijodi 1950-1951-yillarda boshlangan ekan. Oʻsha yillarda yozilgan sheʼrlarining birida uning “ijodiy dasturi” bunday ifodasini topgan:

Men jilgʻaman,

Daryo boʻlib toʻlgim keladi.

Ona yurtim,

Senga oʻgʻlon boʻlgim keladi.

Bugun senga

Faqatgina sheʼr bagʻishladim.

Kerak boʻlsa,

Jonni fido qilgim keladi.

E.Vohidovning bu ilk satrlarini uning koʻp jildli kulliyotiga epigraf qilsa boʻladi. 50-yillarda jilgʻa boʻlgan E.Vohidov umrining soʻnggi bekatiga yetmasdanoq nafaqat oʻzbek, balki jahon sheʼriyati ummoniga borib quyilgan daryo darajasiga koʻtarilgan edi. Agar gʻavvos-kitobxon bu daryoga bir shoʻngʻib chiqsa, unda ne-ne qimmatbaho toshlar, yoqut, brilliant, yombilar porloq nur taratib turganini koʻrib, hayratga tushadi.

Bagʻrida shunday qimmatbaho maʼdanlar boʻlgan, kitobxon qalbiga eng ezgu, goʻzal va munavvar tuygʻularni payvand qiladigan sheʼrlar, shak-shubhasiz, oʻz-oʻzidan qogʻozga tushmaydi.

Har bir shoirning yurak toʻlqinlari, avvalo, ishqiy sheʼrlarda oʻz ifodasini topadi. Zero, inson qalbidagi munavvar tuygʻularni uygʻotib yuboradigan muhabbatdek boshqa moʻjiza bor, deb boʻlmaydi bu dunyoda.

Mana bu sheʼrda lirik qahramonning yorni koʻrgan yoki uni koʻrishga intizor boʻlgan paytdagi “oh-voh”lari emas, balki boshqa bir koʻrkam ruhiy holati tasvir etilgan:

Oy fonusin koʻtargan osmon,

Yulduzchalar boʻldi parvona.

Sayr etaylik, kel, birga, jonon,

Koʻnglim seni istar yagona.

Qoʻllarimdan tut oʻzing, dilbar,

Oydin yoʻlga yetakla meni.

Oshiq boʻlib, ishon, shunchalar

Sevmagandim hech qachon seni.

Bu sheʼrda lirik qahramon qalbida muhabbat guli kurtak yozgan payti nafis satrlarda ifodalangan. Sheʼrga bahor nafasini purkagan jihat — uning ichki musiqasi. Hamid Olimjondan keyin oʻzbek sheʼriyatida sheʼr­ning ichki latif musiqasini katta mahorat bilan bera olgan shoirlardan biri, balki yagonasi E.Vohidovdir. Uning sheʼrlarini oʻqiy boshlaganingizda har bir soʻz, har bir satr, har bir band kuylab yuborgandek boʻladi. Shoirning latif musiqasi sizni sarxush qilib qoʻyadi.

Uning sheʼriyatiga xos muhim xususiyatlardan yana biri oy, quyosh, yulduz singari samoviy moʻjizalardan samarali foydalanishidir. E.Vohidov yerga tun pardasi tushib, oy va yulduzlar qora samoni gulistonga aylantirib yuborgan paytlarini shunday sevgan ediki, u yorga boʻlgan muhabbatini yashirmaganday, yulduzlar chamanzorida xayolan kezishni ham oʻzining baxtli daqiqalari deb bilgan. Yulduzsevar, oysevar shoirning Samarqand shahriga tashrif buyurib, Ulugʻbek yulduzlari bilan suhbatlashganida, uning shu fazilati tufayli bunday misralar tilla sochmalardek yaltillab ketgan:

Munajjim tasbehidan toʻkilgan

donalardek

Osmon uzra sochilib yarqiraydi yulduzlar.

Oy shamʼi tegrasida uchgan parvonalardek

To sahar javlon urib parpiraydi

yulduzlar...

...Samarqand yulduzlari laʼlimikin,

durdona,

Naqsh olmalar singari terib

olgim keladi.

Har biri soʻylar ekan

qadimdan bir afsona,

Sahargacha koʻz yummay,

quloq solgim keladi.

Ana, Hulkar — yetti qiz imlar

meni yiroqdan.

Oydin koʻchalar boʻylab shuʼlalarda

oqurman...

Odatda shoirlar boshqa shahar va boshqa yurtlarga qilgan sayohatlaridan dasta-dasta sheʼrlar bilan qaytadilar. Koʻpincha bu sheʼrlarning aksarida shu shahar yoki yurtda uchragan goʻzal qizga tushgan tasodifiy muhabbat-u, daryo yoki togʻ tasviriga bagʻishlangan sayoz tuygʻular joy olgan boʻladi. E.Vohidov ijodida bunday nochor holatni mutlaqo koʻrmaysiz. U har bir safaridan ruhan boyib, oʻzgarib, yangilanib, yuksalib qaytgan.

Mana, uning Xorazmga borib, doʻstlar bilan daryo boʻyida qilgan gurungidan tugʻilgan “Daryo oqshomi” degan ajoyib bir sheʼri:

Bulutlarning etagida zar,

Amu uzra toʻr tashlar quyosh.

Daryo sokin,

Uxlar toʻlqinlar,

Uxlar qoʻyib qirgʻoqlarga bosh.

Tovlanadi ufq atlasda,

Baliqchilar ovdan qaytadi.

Yelkanlarni tebratib asta

Ona daryo

Alla aytadi.

Bunday barkamol, har satrida mislsiz darajada goʻzal tashbehlar porlab turgan, bulutlari etagiga zar ulangan, quyoshi daryoga toʻr tashlagan, daryosi esa baliqchilar ketganlaridan soʻng alla aytib, olamni uxlatayotgan paytdagi manzarani Rafaelning ham shunday aniq va yorqin boʻyoqlar bilan chizib bera olishiga shubha qilasan kishi!

Bunday muhtasham sheʼrlardan iborat betak­ror badiiy olamni bizning buyuk zamondoshimiz va vatandoshimiz Erkin Vohidov yaratib ketdi.

Aruz vaznining yangilanishi

Zamonaviy oʻzbek sheʼriyati vazn tizimlarining yangilanishi Choʻlpon va Fitrat nomlari bilan bogʻliq. Ular oʻzbek adabiyotiga xalq ijodiga xos barmoq vaznini olib kirganlarida aruz chindan ham “charchab” qolgan edi. Ammo Choʻlpon ­
1936-yilda A.S.Pushkinning “Bulbul va gul” sheʼrini oʻzbek tiliga tarjima qilganida, aruz vazniga murojaat etgan. Toʻgʻri, ulugʻ rus shoirining:

V bezmolvii sadov, vesnoy, vo mgle nochey,

Poyet nad rozoyu vostochnыy solovey

satrlari bilan boshlangan sheʼridan Sharq sheʼriyati ruhi ufurib turadi. Ammo bu sheʼr tarjima qilingan 30-yillarning oʻrtalarida aruz unutila boshlangan edi. Ammo nayzavoz tanqidchilarning aziz boshiga tosh otishlariga bahona qoldirgan boʻlsa ham Choʻlpon Pushkin sheʼrini shunday zavq bilan, yoniq ilhom bilan bir oʻtirishda tarjima qilganki, koʻhna aruzning hali istifoda etilmagan imkoniyatlari oz emasligi maʼlum boʻlgan. Mana oʻsha mashhur tarjimaning dastlabki satrlari:

Bahor chogʻda holi bogʻda bir

zulmatli tun erdi,

Gʻarib bulbul figʻon aylab:

“Gulim, rahm aylagil”, derdi.

Biroq ul gul quloq solmas edi

faryodu afgʻona,

Faqat orom olardi noladin

toʻlgʻona-toʻlgʻona...

Qanday goʻzal tarjima-ya! Agar Pushkin oʻzbek shoiri boʻlganida, gul va bulbul mavzuini shunday yuksak mahorat bilan talqin qila olgan boʻlarmidi, buni Xudo biladi. Choʻlponning rus tilidagi sheʼrni aruz vaznida tarjima qilgani shu bilan oqlanadiki, bu sheʼr gul va bulbuldek sof ­sharqona mavzuga bagʻishlangan va shu sheʼr yozilgan vaqtda aruz turkiy va forsiy sheʼriyat boʻstonida muattar boʻyini sochib turgan.

Pushkin ham oʻz sheʼrini Sharq sheʼriyatining ruhi va badiiy bezaklari bilan yashnatib yuborgan. Agar u tirik boʻlganida, bu tarjima uchun Choʻlponning qoʻlini mahkam siqib: “Rahmat sizga, Sharq Pushkini!” degan boʻlarmidi...

Choʻlpon aruzning badiiy imkoniyatlari hali tugamagani, u xalq va adabiyotga xizmat qilishda hali davom etishi mumkinligini sezgan. Shu bois, ahyon-ahyonda oʻzi ham aruzda goʻzal gʻazallar yozgan.

Ammo oʻtgan asrning 20-yillarida adabiyotga “komsomol shoirlar” kirib kelishi bilan barmoq vazni shoʻro davri oʻzbek sheʼriyatining asosiy vazniga aylandi. 50-yillar oxirida xitoylarning “Mayli, barcha gullar gullayversin!” degan shiori taʼsirida oʻzbek sheʼriyatida yana aruz uygʻona boshladi.

Biroq bu joʻn gaplar tizmasidan iborat aruz edi. Uning asosiy mavzulari ham partiya, besh yillik plan, paxta, tinchlik uchun kurash... kabilar boʻldi. Habibiy, Charxiy, Akmal Poʻlat singari aruznavis shoirlarga yordamga kelgan Hamid Gʻulom, Poʻlat Moʻmin ham aruzning boshini yerdan koʻtara olmadilar. Demak, “Hamma ayb aruzning oʻzida”, deyishga asos bordek edi.

E.Vohidov qoʻliga qalam ushlagan vaqtda oʻzbek adabiyotida shunday noxush holat hukm surayotgan edi. 1961-yilda “Tong nafasi” degan ilk sheʼrlar kitobi chiqqan shoir 1969-yilda kutilmaganda “Yoshlik devoni” sheʼrlar toʻplamini eʼlon qiladi. Aruz vaznidagi sheʼrlardan tashkil topgan bu toʻplam Oʻzbekistondagi adabiy hayotni mavjlantirib, toʻlqinlantirib yuboradi. Gʻafur ­Gʻulom, Sobir Abdulla, Mirtemir aruz vaznida ham talay sheʼrlar yozgan boʻlsa-da, koʻhna adabiy vaznni tiriltirish va yashartirish sharafi E.Vohidov zimmasiga tushdi. U bu oʻta mashaqqatli va sharafli ishni aʼlo darajada bajardi.

“Men aruzga murojaat qilganda, — degan edi E.Vohidov professor U.Normatovning savoliga javoban, — bir necha maqsadni koʻzda tutgan edim:

Birinchidan, oʻzimni yangilash, odatiy fikrlash uslubidan, odatiy vazn va qofiyalardan uzoqlashish. Ikkinchidan, klassik sheʼriyat maktabini oʻrganish, sheʼrga quyuq ranglar berish, obrazli fikr­lash, sanjob misralar tuzish sanʼatiga yaqinlashish. Uchinchidan, sheʼriyatdagi buyuk soddalik yoʻlida shoir dastlab oddiylikdan murakkablikka qarab yuradi. Maqsadim shu bosqichga qadam qoʻyish ham edi. Toʻrtinchidan, hozirgi yoshlarimiz klassik adabiyotdan bir oz uzoqlashib qoldilar. Navoiy, Bobur, Ogahiylarning faqat nomini biladigan yoshlar kam emas. Madaniy meros esa katta boyligimiz...”.

Men bu soʻzlarga yana quyidagi “modda”ni qoʻshishni istardim: “Beshinchidan, zamonaviy sheʼriyatdagi partiyaga va partiya olib borgan tadbirlarga sheʼriy qarsaklar chalishdan — maddohbozlikdan qochish”.

Tanqidchi shoir doʻstining yuqoridagi javobini tinglab, bunday luqma tashlagan:

“Tanqidchi: — Ijodkor janr shakli orqali fikr­laydi. Qadimgi gʻazal shakli sizga bugungi kishilarimizning kayfiyatini real ifoda etishga, bugungi kishilar tilidan gapirishga monelik qilgan tomonlarini hech his etganmisiz?

Shoir: — Bu savolingizga bir gʻazal bilan ­javob beraman:

Fursating yetmaydi doim,

hech qachon yetgan emas,

Mehnating bitmaydi doim,

hech qachon bitgan emas.

Chun zamondek bepoyondir

koʻksing ichra orzu,

Fursatu orzuni quvlab

hech kishi yetgan emas...

Bu gʻazal bugungi kishilarning kayfiyatini ifoda qiladimi? Gʻazalda aytilgan fikrlarga qoʻshilish yo qoʻshilmaslik — ikkinchi masala”.

Shoirning bu javobidan ayon boʻladiki, gap vazn va shaklda ham emas, balki mahoratda, aruz vazni sirlarini egallab, shu sirlar tovlanib turgan sheʼrlarni yoza bilishda.

Ijodiy yangilanishning muhim yoʻllaridan biri, adabiy merosni oʻrganishdan tashqari, yangi shaharlar, yangi yurtlarga borib, oʻzgacha turmush kechirayotgan kishilar bilan uchrashish. Bu dunyoda E.Vohidovning oyogʻi tegmagan yurt, oyogʻi tegmagan qitʼa qolmagan. Odatda E.Vohidov darajasidagi shoirlar shunday safarlaridan bir olam taassurotlar bilan qaytib, hayotga muhabbat bodasi bilan toʻla sheʼrlarni kitobxonlarga hadya qiladilar. Yeseninning oltin qalamiga mansub “Shahinam, o mening Shahinam” sheʼri tarjimoni E.Vohidov Armanistonga borganida, shu sheʼr bilan raqobatlasha oladigan bir goʻzal asar yozgan. Agar “fors goʻzali” Shahina (Shagane) Yeseninni maftun etgan boʻlsa, Erkin arman yurtiga qilgan safari chogʻida Shahinaning “singlisi” — Azganushga bagʻishlangan porloq bir sheʼrini yozgan. Aruzda bitilgan bu sheʼrning qaysi bandini oʻqimaylik, undan ilohiy sheʼriyat boʻstonining orombaxsh shabadalari esib turgandek boʻladi.

Mana, shu chaqnoq yulduz nurlari bilan sugʻorilgan muxammasning uchinchi bandi:

...Oʻsma qoʻydingmi qoshingga,

bunchalar tim qoradir,

Bilmadim, bu qoshlaringdaan

qancha dillar poradir,

Rahm qilgil, bitta oʻzbek

shunchalar yolvoradir,

Tush oʻzing, yo ayt, yoningga qaysi

yoʻldan boradir?

Azganushim,

Azganush, hoy, Azganushim,

Azganush!

Bu sheʼr oʻzining badiiy barkamolligi bilan Yesenin sheʼri bilan bir qatorda kulib-yayrab, sizni qitiqlab turadi. Shoir Azganush obrazi orqali abadiy goʻzallik timsoli bilan ayolni, yorni, jononni ulugʻlaydi.

Modomiki, mumtoz adabiyotimizning gul va bulbul, muhabbat singari oʻlmas mavzularida yozilgan sheʼrlarni tilga olayotgan ekanmiz, yana shunday mavzudagi sheʼrlardan biriga nazar tashlasak:

Tun bilan yigʻlabdi bulbul

Gʻuncha hajri dogʻida.

Koʻz yoshi shabnam boʻlib

Qolmish uning yaprogʻida.

Koʻz yumar boʻlsam koʻzim –

Oldida paydo gul yuzim,

Gʻuncha koʻz ochmogʻi bor

Bulbul koʻzin yummogʻida.

Mumtoz adabiy merosimizda ham, zamondosh shoirlarimiz ijodida ham gul va bulbul mavzusi mislsiz darajada katta mahorat bilan talqin qilingan sheʼrlar oz emas. Lekin sheʼrning soʻnggi satri shu qadar yoniq fikr va tuygʻular bilan tovlanib turadiki, ularning qaysi biri yetakchi motiv ekanini aniqlash mahol boʻlib qoladi.

Agar E.Vohidovning bu va boshqa aruziy ijodi namunalarini oʻqisangiz, oʻzingizni qandaydir ruhiy yuksaklikka koʻtarilgandek his etasiz. ­Shoirning aruzdagi asarlarida qanchalik yuksak fikr va tuygʻular javlon urmasin va bizni ruhan boyitmasin, ulardan taralgan ilohiy musiqa bizni sarxush qilib turadi.

Shoir isteʼdodining

yana bir qirrasi

E.Vohidovning talabalik yillarida filologiya fakultetida Yoqub Gʻulomov degan tilshunos domla boʻlgan. U garchand dialektologiya (shevashunoslik) fanidan dars bersa-da, qizib ketgan vaqtlarida Toshkent shevasida soʻzlab yuborardi. Kunlardan birida fakultetning devoriy gazetasida Yoqub Gʻulomga bagʻishlangan faqat bir jumladan iborat epigramma chiqib qoldi. Unda: “Tilimizda “votti-votti” asta-sekin yoʻqolvotti”, degan soʻzlar yozilgan edi. Oʻzbek tili sofligi uchun kurash boshlangan oʻsha yillarda E.Vohidovning bu epigrammasi juda mashhur boʻlib ketgan.

Umuman, hazil, oʻzgani kuldirish tuygʻusi — ­nodir hodisalardan. E.Vohidov aksar zamondosh shoirlarimizdan isteʼdodining porloqligi va serqirraligi bilan ajraladi. U davralarda hazillar gulxaniga soʻz payraxalarini tashlab, gulxanning avj olib, osmon qadar koʻtarilishiga boshqalarga qaraganda, oʻn baravar koʻproq hissa qoʻshardi.

Shunday noyob fazilat va noyob xazinaning egasi boʻlgan E.Vohidov juda koʻp hazil sheʼrlar yozdi, “Oltin devor” singari komediyalar yaratdi. Lekin, menimcha, uning shunday asarlari orasida bir sheʼriy turkumi borki, unda butun bir
davr — algʻov-dalgʻovlardan iborat bolsheviklar davri illatlari shafqatsizlarcha ochib tashlangan. Bu shoirning “Donishqishloq latifalari” degan sheʼriy turkumidir.

Bu turkumning bosh qahramoni — Matmusa. Donishqishloq qanday qishlogʻ-u, Matmusa qanday qahramon? Avvalo, yodda tutish kerakki, ­“Donishqishloq latifalari”, — sarlavhasining oʻzidan koʻrinib turganidek, hajviy asar. Matmusa, binobarin, hajviy qahramon. Bu qishloq toʻgʻrisidagi sheʼrning birinchi bandini oʻqiboq bunga amin boʻlasiz. Shoir bunday yozadi:

Donishqishloq degan joy

Bordir bizning tomonda.

Oʻsha qishloq ahlidek

Dono xalq yoʻq jahonda.

Bu qishloqning donoligi nimada? Shoir ­birma-bir izohlab-tushuntirib beradi:

Joʻyak tortib tomiga

Makka ekkan oʻshalar.

Kalishini perronga

Yechib ketgan oʻshalar.

Yuz qop ganchni bir yoʻla

Suvga qorgan u yerlik.

Echkini sartaroshga

Olib borgan u yerlik...

Shu tarzda asarda hajviy tip, hajviy syujet, hajviy holat, hajviy badiiy vositalar mushak­lari otilib, xuftonga aylangan kayfiyatingizni yulduz toʻla osmondek charogʻon qilib yuboradi.

Turkum “Matmusaning lagani”, “Matmusaning charxpalagi”, “Matmusaning uylanishi” singari bir necha sheʼriy latifalardan iborat. Shular orasida shoir gʻoya-maqsadining, ayniqsa, yorqin ifodalangani “Tandir kiygan Matmusa” sheʼridir. Bozorga borib, tandir sotib olishga majbur boʻlgan Matmusa endi uni qishloqqa qanday qilib olib kelsin? Eshakka ortsa, eshak koʻtarmaydi... U koʻpchilikdan chiqqan dono maslahat bilan tandirni boshiga kiyib oladi...

Shoir Matmusaning bu holatdagi mushkul ahvolini shunday mukammal tasvirlaydiki, uning nafaqat oʻta kulgili, balki fojiali holati achinish hissini uygʻotadi. Shoir yozadi:

Kun botaru shom tushar,

Yulduz chiqar osmonga.

Hamon borar Matmusa,

Yetmas manzil-makonga.

Deydilarki, to bu dam

Yoʻlda emish Matmusa.

Boshi ham yoʻq, cheki yoʻq

Choʻlda emish Matmusa...

 

Yoʻq, Matmusa ustidan kulmang. Boshiga tandir kiyib olib, moʻljal-makonini topolmagan faqat ugina emas. Qariyb yetmish yil boshiga tandir ki­yib olgan shoʻrolar davlati bizni, shoʻro xalqini, kommunizmga olib boraman, jannatda, huru gʻilmonlar ogʻushida yashaysiz, deb oxiri boshi berk koʻchalarga olib kirmadimi?! Shu davlatning aybi bilan boshlangan urushu talotoʻplarda millionlab kishilar bekordan-bekorga qirilib, ochlik va yalangʻochlikdan oʻlib ketmadimi? Undan keyin ham qanday karomatlar koʻrsatmadi shoʻrolar davlati?! Qoʻriq yer ochdirib, “Yeganingiz oldinda, yemaganingiz orqada”, deb qoʻyningizni puch yongʻoq bilan toʻldirmadimi?! Va hokazo...

E.Vohidov “Donishqishloq latifalari”da ana shu fojiali davrni, ana shu davlatning xalqqa nisbatan qilgan oʻyinlarini hajviy qahramon, hajviy syujet, hajviy boʻyoqlar bilan tasvirladi. Agar E.Vohidov shu katta fikrni, shu katta haqiqatni realistik qahramon, real voqelik tasviri va realistik boʻyoqlar yordamida aks ettirganida, uning ham hayoti fojiali kechgan boʻlarmidi.

E.Vohidovning boshqa koʻplab adiblarimiz, olimlarimiz qatori, oʻzbek xalqi tarixining mustamlakachilik davrida, tepasida qizil bayroqlar hilpirab, qora toʻqmoqlar esa har qanday ishga shaylanib turgan paytda shunday tagmaʼnoli asar yozganining oʻzi uning — ulugʻ oʻzbek shoirining jasoratidir.

E.Vohidovdan boy adabiy meros qoldi. Bu merosni oʻrganish va nashr etish jarayonida shoir, dramaturg va tarjimon Erkin Vohidovning oʻzbek adabiyoti taraqqiyotiga qoʻshgan bebaho hissasining koʻlami yanada aniq boʻladi.

Naim KARIMOV,

akademik