Biroq Tanzaniya hukumatining rasmiy maʼlumotlariga koʻra, Magufulining oʻlimiga yurak xuruji sabab boʻlgan. Bu haqda “Kun” nashri xabar berdi.
“Qadrdon tanzaniyaliklar, 17-mart kuni soat 18 atrofida jasur yetakchimiz, prezident Jon Magufulini yoʻqotganimizni oʻkinch bilan maʼlum qilamiz. U Dar-us-Salomdagi shifoxonada yurak kasalligidan vafot etdi”, deb maʼlum qilgan mamlakat vitse-prezidenti Samiya Suluxu.
Magufuli koronavirus tarqalishi sababli mamlakatda lokdaun kiritishdan bosh tortib kelgan va tibbiy niqoblar taqmaganlarni maqtagan. U virusga qarshi ilmiy yoʻllar bilan kurashishni tan olmagan.
Tanzaniya hukumati 2020-yil aprelidan koronavirusga chalinganlar boʻyicha statistika bermay qoʻygan, Magufuli esa uning davlati infeksiyadan xoli ekanini taʼkidlab kelgan.
Prezident, shuningdek, vaksinalarga ularni yevropaliklar ishlab chiqarishi sababli ishonmasligini hamda Tanzaniya vaksina sotib olmasligini aytgan.
Fevralda Tanzaniya prezidenti oʻz hamyurtlarini “kasalliklardan forigʻ boʻlish uchun” 3 kun ibodat qilishga chaqirgan.
Magufuli fevral oxiridan koʻrinmay qoʻygan. Hukumat bu borada biror-bir maʼlumot bermagan. Biroq muxolifat prezident koronavirusga chalingani va ogʻir ahvoldaligini taʼkidlab kelgan. 15-mart kuni muxolifat yetakchisi Lissu oʻz manbalariga tayanib, prezident oʻpkani sunʼiy shamollatish qurilmasiga ulanganini maʼlum qilgan.
Magufuli Tanzaniya prezidenti lavozimini 2015-yilda egallagan. U mamlakatning 5-prezidenti boʻlgan. 2020-yilgi prezidentlik saylovlarida gʻalaba qozonib, ikkinchi muddatga qayta saylangan.
Magufulining vafoti munosabati bilan mamlakatda ikki haftalik motam eʼlon qilingan. BBC News nashrining aniqlik kiritishicha, Tanzaniya konstitutsiyasiga koʻra, endi vitse-prezident Hasan vaqtincha prezident sifatida qasamyod qiladi hamda Magufulining muddati yakunigacha, 2025-yilga qadar mamlakatni boshqaradi.