1942-yilning ayni yoz faslida Saydulla aka va Boltajon opa xonadoniga mash'um urush nafasi etdi – suyukli kenjasi Mirzamahmudni ham frontga safarbar qilish haqidagi bir parcha qog'ozni tashlab ketishdi. Shundoq ham ikki farzandini urushga jo'natgan Saydulla aka va Boltajon opaning tashvishiga tashvish qo'shildi. Urush hech qanday shafqatni bilmaydi. Ota-ona o'z jigargo'shasini jangga yubormasdan qayga boradi? Noiloj, bu o'g'lini ham frontga yuborishdi. endigina o'n oltidan oshgan, hali mo'ylablari sabza urishga ulgurmagan va ota-ona bag'rining taftini esidan chiqarmagan Mirzamahmudni majburlab frontga olib ketishdi.
Dastlab ularni Turkmanistonning Toshovuz viloyati sahrolarida joylashgan dala o'quv maydoniga olib borishib, jang sir-asrorlarini o'rgata boshladilar. Olti oylik o'quv mashg'ulotlaridan so'ng ularni urushning qaynoq nuqtalaridan biri bo'lgan Stalingradga tashlashdi. Stalingrad ostonalaridagi janglarda nemis-fashist gazandalariga qarshi mardonavor kurashgan yosh Mirzamahmud o'zbek jangchilari nimalarga qodir ekanini yana bir bor ko'rsatib qo'ydi. O'sha paytlarda u motoo'qchilar diviziyasida pulemyotchi edi. Qaysidir jangda Mirzamahmud oyog'idan yaralandi. Yaralanganidan nishona snaryad parchasi to hayotining oxirigacha tanasida qoldi.
Jangdan so'ng otryaddan uch askar omon qoladi va o'rmonga yashirinishadi. Ulardan biri mening bobom Mirzamahmud edi. Shu ko'yi bir hafta o'rmonda qolib ketishadi. Eyishga ovqat, ichishga suvlari qolmagan. Nailoj, o'rmondagi daraxtlarning ildizlari bilan oziqlanganlarini bobom menga so'zlab bergan edi. Bir kuni kechqurun bobomni suv olib kelish uchun o'rmon chetidagi bir ko'lmakka yuborishadi. Chunki ularning ichida eng yoshi bobom bo'lgan. Atrof zim-ziyo, hech narsani ko'rib bo'lmaydi. Bobom ko'lmakdan boshidagi kaskaga suv olib keladi. O'sha suvni qaynatib, choy ichishadi. ertalab yuzlarini yuvish uchun ko'lmakka borganlarida ne ko'z bilan ko'rishsinki, bir nemis jangchisi jonsiz yotar edi. Darrov uning kiyimlarini tekshirib ko'rib, yarim buxanka non topib olishadi. Non suvda uning o'zi kabi shishib ketgan, shu nonni eb tirik qolishgan ekan...
Bobom menga urush xotiralari haqida ko'p so'zlab bergan. Ana shunday voqealardan biri Belorussiyada bo'lgan. Nemis askarlari kichik qishloqlardan birini egallab olgan va bobom xizmat qilayotgan otryadga qishloqni ulardan tozalash vazifasi yuklatilgan edi. Jang uzoq davom etib, qishloq nemislardan batamom ozod qilingan va shu jarayonda har ikki tomondan ham ko'plab jangchilar yo'qotilgan. Mardonavor olishuvda bobom va yana besh-oltita jangchi omon qolishgan.
1945-yilda urush tugashi arafasida bobom Berlin ostonalarida bo'layotgan janglarda jon olib jon berayotgan edi. O'zining aytishiga qaraganda, Reyxstagga bayroq o'rnatilishi jarayonida qatnashgan.
Urush nihoyasiga etganiga qaramay, minglab ko'ngilli askarlar qatori bobom ham o'z uyiga qaytmay, to 1950 yilgacha Germaniyani urushdan so'ng qayta tiklash tadbirlarida faol ishtirok etdi. Ayniqsa, Berlin, Drezden shaharlari urushdan juda katta talafot ko'rgan edi. 1950 yilda bir olam taassurotlar, yurt sog'inchi bilan qalbi jo'shib, ko'kragi ordenu medallarga to'lib, jonajon diyori Namanganga qaytib keldi. Bu orada bobomning katta akasi Normirza bobom ham eson-omon uyga qaytadi. Ammo o'rtancha akasi Tursunboyga urushdan qaytish nasib etmadi.
Urushdan keyingi yillar O'zbekistonda hayot birmuncha og'irroq kechdi. Shunday og'ir sharoitlarda bobom hozirgi Namangan tumanidagi 26-umumta'lim maktabida geografiya fanidan bir necha yillar saboq berdi. Andijon viloyatining avvalgi Bo'z, hozirgi Bo'ston tumanida dehqonchilik bilan shug'ullandi. Hayotining oxirgi yillarini mahalla-ko'y xizmatiga bag'ishladi. 76 yoshda olamdan o'tgan bobomning mangu xotiralari biz — avlodlari qalbida abadiy qolajak.
Islombek HASANOV,
Jamoat xavfsizligi universiteti o'qituvchisi