Xususan, Usmon Nosir hayoti va ijodini tadqiq etgan olimlardan biri boʻlganim tufayli bu qaror meni qattiq hayajonlantiribgina qolmay, mudroq xotiralarim va orzularimni uygʻotib yubordi.

Isteʼdod maktabi...

Usmon Nosir... 1937-yil, fevral oyi...
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining binosi katta zalida hali 25 yoshga toʻlmagan shoirning ijodiy kechasi boʻlgan. Kechada soʻzga chiqqan notiqlar bir ogʻizdan uni “hozirgi oʻzbek sheʼriyatining quyoshi” deb taʼriflagan edi.

Vaholanki, oʻsha vaqtda oʻzbek sheʼriyati boʻs­tonida Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon singari mashhur shoirlar ijodi barq urib turgan. Usmon Nosir esa yangilanib borayotgan oʻzbek sheʼriyati osmonida bamisoli porloq yulduz misoli paydo boʻldi. Shu yillarda oʻzbek sheʼriyati eshigini chertib kirayotgan Shuhrat, Hamid Gʻulom, Shukrullo, Turob Toʻla singari yosh shoirlar bu yulduz shuʼlalaridan bahramand boʻlgan holda taniqli shoir va yozuvchilar boʻlib yetishdi. Ularni “Usmon Nosir maktabi”dan yetishib chiqqan shoirlar, desak xato boʻlmaydi.

* * *

Har qanday shoir yoki yozuvchining bolalik va yoshlik yillari boʻladi. Ulardan kamdan-kami shu faslda fikr va tuygʻu ifodasi ravon va maftunkor sheʼrlarni yozishga muvaffaq boʻladi. Bunday “iligi toʻq” sheʼrlarni yozish uchun yosh shoir yillab mashq qilishi, yozilgan oʻnlab sheʼrlarini yirtib tashlab, ularda topolmagan ranglar, ohanglar, poetik obrazlarni yaratish malakasini egallashi lozim.

Usmon Nosir ham dastlab aksar shoirlar umrining shunday bahoriy faslini boshidan kechirdi. U sheʼrdan sheʼrga, toʻplamdan toʻplamga shoir sifatida oʻsib va shakllanib bordi. Shu davrda Firdavsiy va Navoiy, Pushkin va Lermontov, Choʻlpon va Oybek sheʼrlarini oʻqib, ustoz shoirlardan sheʼr yozish madaniyatini mukammal oʻrgandi.

Ammo haqiqiy shoir boʻlish uchun ijodiy mehnatning oʻzigina yetmaydi. Boʻlajak shoirda, avvalo, yolgʻiz Alloh beradigan mukofot — tugʻma isteʼdod boʻlishi lozim. Tugʻma isteʼdod bilan ijodiy mehnat uygʻunlashgandagina haqiqiy shoir dunyoga keladi. Usmon Nosir ijodida ana shunday eng muhim ikki omil chambarchas bogʻlangan edi.

“Tugʻma isteʼdodni, — deb yozgan edi ­Abdulla Oripov “Usmon Nosir haqida soʻz” degan maqolasida, — faqat stixiyadan iborat holat, deb tushunish notoʻgʻridir. Haqiqiy qalb egasi oʻz grajdanlik darajasini, bilim va quvvai hofizasini muttasil kengaytirgan holdagina tarix uchun zarur sanʼatkorga aylanishi mumkin. Biz bugun soʻz yuritayotgan shoir Usmon Nosir tabiatning benihoya muruvvati tufayli dunyoga kelgan ana shunday isteʼdod egasi edi”.

Ulugʻ shoirning shu soʻzlarini oʻqir ekanman, “grajdanlik darajasini, bilim va quvvai hofizasi”ni muttasil kengaytirib yashagan shoirlar yodimga keladi. Ular qanday ijodkor edi, degan oʻylar oʻtadi xayolimizdan.

“Usmon Nosir deganda, — deb davom etadi A.Oripov, — biz kimni tushunamiz? U shunday isteʼdod egasiki, bamisoli tekkan joyini kuydiruvchi olovdir... Usmon Nosir ulugʻ va abadiy sheʼriyatning diydasidan oqib ulgurmagan shabnamdir. U hali qahqahaga aylanmay lablarimizda manguga qotib qolgan nim tabassumdir”.

Mazkur taʼrif bundan qariyb toʻqson yil avval yashab oʻtgan shoir hayoti, ijodi va taqdirini oʻzida ifodalagan, bizni oʻyga soladigan soʻzlar. Agar Usmon Nosir sheʼriyatiga ularda ifodalangan falsafiy fikrlar asosida yondoshsak, shoir guvohi boʻlgan va guvohi boʻlmagan xushnudu fojiali voqealarning aks etganini koʻramiz.

Sheʼriyatning sanʼat va adabiyotning boshqa turlaridan keskin farq qiladigan jihati shundaki, shoir oʻzining tarixiy davr voqealariga, jamiyat va inson hayotidagi oʻzgarishlarga boʻlgan munosabatini lirik qahramon obrazi orqali ifodalaydi.

Lirik qahramon bamisoli hayotiy voqealardan qattiq taʼsirlanib, tilsiz qolgan shoirga tarjimonlik qiladi. Shoir lirik qahramon ­obrazi orqali hatto oʻzi koʻrmagan, tarixiy-­memuar kitoblardagi insoniyat tarixining dastlabki davrlaridagi dahshatli voqealardan dahshatga tushganini sezamiz. Shu maʼnoda, Usmon Nosir sheʼrlaridan birida bor-yoʻgʻi ikki yildan keyin oʻzi va zamondoshlari boshiga tushajak fojiali taqdirni bashorat qilgandek boʻlib ­tuyuladi menga.

Bu sheʼr “Nil va Rim” deb ataladi. U bunday satrlar bilan boshlanadi:

Lampam yonur... Yaralangan qanotdek ogʻir

Oʻy bosadi. Yuragimda goʻyo sel yogʻir.

Qiynalaman. Tirishaman. Hushim parishon,

Oʻtmish, hozir va kelajak koʻrinur har on.

Qadimda osmon baravar piramidalarni, muhtasham haykallarni toshdan, marmardan, tilladan yasagan, Kleopatra singari malikalar uchun esa tilla va kumushdan hayratomuz zebu ziynatlarni ijod qilgan ustalar oʻsha davrning baxtsiz qullari edi. Oʻsha davrning vallomatlari bu och va yalangʻoch qullar mehnatini qadrlash u yoqda tursin, hatto yalangʻoch sahnalarda ularning och yoʻlbarslar bilan jangini tomosha qilishni yaxshi koʻrgan. Hatto ularning bahaybat hayvonlarga yem boʻlishlarini tomosha qilib lazzatlanishgan.

Qarang, bir tomonda, shunday oʻyinlarni sevuvchi aslzodalar, ikkinchi tomonda —
qullar...

To Minisdan Ramzesgacha, Ramzesdan nari,

Malika qiz Kleopatra hukmron davri.

Undan tortib... yana uzoq, yana koʻp yillar

Harsang bilan yotqizilgan necha ming dillar.

Koʻz yoshidan, dil toshidan qurilgan haykal

Magʻrur turar, magʻrur boqar; hech biron mahal

Na olamdan, na zamondan qoʻrqmas asti u.

Gʻazabini yutib olgan qullar dasti bu!

Qullar... (Menman u qullarning oʻlmas avlodi,

Mana menman, u qullarning hech soʻnmas yodi.

Mana menman, falaklarga lov-lov oʻt qoʻyib,

Otalarim boshlaridan poydevor oʻyib,

Ozodligim obidasin qurgan insonman!

Oʻsha jonman, oʻsha qonman va oʻsha shonman!)

Usmon Nosirning “Nil va Rim” sheʼrini kichik liro-tragik doston deyish mumkin. Uning lirik qahramoni oʻzini ana shu qullarning avlodi, deb biladi va hatto oʻzining jamiyatdagi hozirgi mavqei bilan faxrlanadi. Holbuki, stalinizm gullab-yashnagan 30-50-yillarda gigant qurilish­larda, zavod va fabrikalarda, paxtazor dalalarda qishni qish, yozni yoz demay ishlagan millionlab kishilarning antik davr qullaridan farqi kam boʻlgan.

1937-1938-yillardagi qatagʻon davrida esa qamoqqa olinib, Kolima singari abadiy muzlik­lar oʻlkasiga badargʻa qilingan kishilar buning yaqqol misolidir. Xususan, 1937-yilda qamoqqa olinib, Magadanga yuborilgan oʻzbek xalqining sevimli shoiri Usmon Nosir shular qatorida edi.

Shu soʻzlardan keyin yuqorida keltirilgan: “...Qiynalaman. Tirishaman, Hushim parishon, Oʻtmish, hozir va kelajak koʻrinur har on” ­satrlarini qayta oʻqisak, oʻzini antik davr qullarining avlodi deb atagan shoirning oʻz fojiali taqdirini bashorat qilganiga ishonging keladi kishi.

Balki shunday kelajakni sezibmi, u ­erkin, ozod yashashga intildi. U hayotni sevardi.
Tabiatning toʻrt faslidan, oʻziga xos latofatidan olam-olam ilhom olardi.

U sayohat qilish, boshqa oʻlkalar va xalqlar hayoti bilan tanishib, ularda mavzu va gʻoyalar doirasini kengaytirish va ilhomlanish manbai­ni koʻrdi. Shu maqsadda nafaqat Oʻzbekiston, shuning­dek, Boltiq va Kaspiy dengizlari tevaragidagi shaharlarning tabiati va odamlari bilan tanishdi. Shu maʼnoda, uni dunyo kezgan shoir, desak adolatdan boʻladi.

Yoʻlchiman, manzilim dengizdan nari,

Lojuvard ufqning tubiga yaqin.

Koʻnglimda dardlarim daryodek oqin,

Chayqalar; koʻzlarim tikilgan sari.

O, yoʻllar!..

Chu, qora toychogʻim! Chu, qora yoʻrgʻam!

Murodga qasd qilib yugurgan yetur.

Boʻronni sevmasa, dil nechun tepur?

Tiriklik ne kerak bemehnat, begʻam?!

Chu, qora yoʻrgʻam!..

Usmon Nosir 1935-yili Boltiq dengizi boʻylarida kezib, hayot sururidan zavq olganida qalbidan shunday lirik, ayni paytda falsafiy satrlar paydo boʻlgandi:

Dengiz oyna kabi yaltirar.

Toʻlqinlarga suqim oqadi.

Oqqush mungli-mungli “oh” urib,

Hazin kuyi dilga yoqadi.

 

Oʻtiraman, koʻnglim osuda,

Boshim uzra barglar shitraydi.

Soyalari limmo-lim suvda

Tanga-tanga boʻlib titraydi.

Lirikaning turfa turlari bor. Yuqorida ikki bandi keltirilgan sheʼr — peyzaj lirikasining namunasi. Agar Ayvazovskiy Qora dengiz boʻylab gudok chalib ketayotgan paroxodni tasvirlash bilan oʻzining ­musavvirlik
vazifasini turfa boʻyoqlar yordamida bajarilgan, deb bilsa, Usmon Nosir dengiz sohilida hordiq olayotgan lirik qahramonning moviy suvga tikilib turgan holatini, boshi uzra dengiz shamolidan titrab turgan barglarning toʻkilib, suvda tanga-tanga halqalar, halqachalar yasab, titrab turganiga koʻproq
eʼtibor qaratadi.

Va tasvirni shunday detallashtirish yoʻli bilan sheʼrga jon bagʻishlaydi. Lirik qahramon tasavvurida shunday jonlangan va lirik sheʼr sifatida maydonga kelgan manzara uni — lirik qahramonni yanada toʻlqinlantirib yuboradi:

Qanday yaxshi, kechqurun yolgʻiz

Yursang, koʻngling asti toʻymasa.

Oy — goʻyoki parishonhol qiz

Sochlarini yozib oʻynasa...

Ayvazovskiy kartinasidan bu sheʼrning farqi shundaki, bittasida paroxod tasvirlangan, ikkinchisida esa oqqush, oy va qiz obrazlari hiyla jilva berib oʻtgan boʻlsa, Usmon Nosir sheʼrida lirik qahramonning shu manzaraga boʻlgan munosabati soʻz va poetik obrazlar yordamida aniq va yorqin ifodasini topgan.

Usmon Nosirning 1933-1935-yillarda yaratgan sheʼrlari shoir ijodining choʻqqisi hisoblanadi. Afsuski, uning soʻngi sheʼrlarini ham oʻz ichiga olgan oxirgi kitobi maʼlum sabablarga koʻra, nashr etilmay qoldi. Aniqrogʻi, bu toʻplam yoqib yuborilgan.

Isteʼdodli shoir ijodi sheʼrdan-sheʼrga chaman yangligʻ ochilib borgan. Jumladan, 1936-1937-yillarda yozgan sheʼrlari avvalgilaridan ham maʼno va badiiy latofati bilan yuksak asarlar boʻlgani shunga katta ishonch uygʻotadi.

Usmon Nosirning lirik sheʼrlari (va dos­tonlari)dagi mavzu, gʻoya va lirik qahramonning yangiligi, lirik va epik manzaralarning tasvirga tortilgani, poetik intonatsiya, ritm, vazn va qofiya masalalari boʻyicha olib borgan badiiy izlanishlari oʻzbek poeziyasida keskin ajralib turishiga asos boʻlib xizmat qildi. U favqulodda qisqa ijodiy umri mobaynida yaratgan sheʼrlari, dostonlari va tarjimalari bilan oʻzbek adabiyoti taraq­qiyotiga ulkan hissa qoʻshdi.

Usmon Nosirning 1935-yildagi ijodiy kechasida soʻzga chiqib, shoir ijodiga yuksak baho bergan katta va yosh shoirlar orasida shogirdlari boʻlmagan. Uning qisqa ijodiy umrida qilgan xayrli ishlaridan yana biri “Usmon Nosir ijodiy maktabi”ga asos solganidir.

Shu maktabda taʼlim olgan shoirlardan biri Neʼmat Toshpoʻlat edi. U 1988-yilda yozilgan “Otashin qalbdan chiqqan satrlar” maqolasida shunday deydi: “Usmon Nosir yoshlarning sheʼr­larini oʻqishdan erinmasdi. Yaxshi maslahat berardi. Biz, shoir va yozuvchi Shuhrat, shoir va dramaturg Turob Toʻla bilan birga bundan 52 yil muqaddam Toshkent radioeshittirish komitetining adabiyot boʻlimida ishlar edik. Usmon Nosir bilan tez-tez uchrashib turardik. Yangi yozgan sheʼrlarimizga undan maslahatlar olardik.

“Yaxshi sheʼr yaratish uchun, — derdi u yoshlarning mashqlarini oʻqir ekan, — chinakam mehnat qilish kerak. Klassiklardan oʻrganish va originallikka intilish sheʼrga husn, badiiy rang, goʻzallik va harorat beradi. Qalam tebratishni orzu qildingmi, insonning yuragini, koʻnglini, ichki dunyosini ochib berishga harakat qil. Buning uchun esa, avvalo, inson ruhini yaxshi bilishing, hayotni puxta oʻrganishing kerak. ­Nihoyat, sheʼr yozganda, oʻylamay-netmay soʻzni soʻzga ulab, qatorlashtirib chiqishdan qoch. Soʻzni tejab ishlatishga — oz soʻz bilan koʻp maʼnoni anglatishga ahamiyat ber...”

Ustoz shoirning bu qimmatli maslahati faqat yosh shoirlarga atalgan emas, balki tengdosh­lariga ham, uning oʻziga ham oid edi. Neʼmat ­Toshpoʻlat Usmon Nosir haqidagi xotirasini davom ettirib, yana bunday yozgan: “...Shunday derdi u. Shunday derdi-da, Pushkindan, Lermontovdan satrlar oʻqirdi. Ha, Pushkindan sheʼrlar oʻqirdi... “Heyne bilan oʻrtoq tutunib, Lermontovdan koʻmak oʻtinar”, bu ulugʻ zotlarni chuqur oʻrganar edi. Shuning uchun ham uning tarjimasida “Bogʻchasaroy fontani” va Lermontovning
“Demon”ini oʻqir ekanmiz, xuddi original asarni oʻqigandek lazzatlanamiz”.

Shuhrat, Turob Toʻla, Shukrullolardan keyingi avlod vakili Erkin Vohidov Usmon Nosir sheʼr­laridan olgan taassurotini shunday ifodalagan: “Isteʼdod shunday bir gavharki, u dengiz tubida, sadaf ichida ham — gavhar, isteʼdod shunday bir zilol irmoqki, uning har qatrasida daryolarning qudrati, ummonlarning teranligi bor; isteʼdod shunday bir gulki, uning har bir ochilmagan gʻunchasida chamanlarning boʻyi va tarovati bor”.

Usmon Nosir sheʼriyati toʻgʻrisida bu soʻzlardan baland, bu soʻzlardan goʻzal, bu soʻzlardan purmaʼno soʻzlarni aytishga kamina ojizlik qilaman.

Katta isteʼdod yulduzi soʻnmas yulduzlardan biri boʻlsa ajab emas!

Naim KARIMOV,

akademik