Fikr tarbiyasi
Mana salkam besh yildirki, mamlakatimiz ulkan islohotlar ichida yashamoqda. Bu islohotlar jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan, uning natijalarini, samaralarini biz har kuni, har daqiqa oʻz hayotimiz misolida sezib turibmiz.
Ayni paytda bu oʻzgarish va yuksalishlarni xorijliklar ham eʼtirof etayotgani bor gap. Bu bejiz emas. Soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda ham ichki, ham tashqi siyosatda tub burilish yuz berganiga qoʻshni davlatlar, xalqaro hamjamiyat guvoh.
Mashoyixlar “Odam oʻzgarmaguncha, olam oʻzgarmaydi” deyishadi. Yurtimizdagi jamiki oʻzgarishlar bizning tafakkurimiz oʻzgarganidan, oʻzgarishga yuz tutganidan darak beradi. Tafakkur oʻzgarishiga, avvalo, adabiyot, sanʼat, ilm-fan turtki beradi. Ayni shu sabab ham islohotlar ibtidosida mamlakatimizda ilm-fan, adabiyot va sanʼat, maʼnaviyatga boʻlgan eʼtibor mujassam.
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev Prezident boʻlib saylangan dastlabki kunlarida ilm ahli — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi olimlari bilan uchrashdi. Bu uchrashuv orqali mamlakatimiz rahbari boshqaruv siyosati oʻzgarganini, bundan keyin mamlakatning ustuvor yoʻnalishi fan va ishlab chiqarish hamkorligiga asoslanishini, iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishida akademik fanning ahamiyatini yana-da oshirish zarurligini qatʼiy taʼkidladi.
Bu tarixiy uchrashuvdan soʻng koʻp narsa oʻzgardi. Aytish mumkinki, tarqoq va parokanda holga kelib qolgan Fanlar akademiyasi yangi bir tuzilma sifatida hayotda yana oʻz oʻrnini topdi. Boshqacha aytganda, mamlakatimiz rahbari ilm ahli bilan uchrashuvda jamiyat taraqqiyotining keyingi taqdiriga aloqador asosiy yoʻnalishlarni belgilab berdi, Oʻzbekistonning yangi qiyofasi, yangicha qarash, yangicha tafakkur, bundan keyingi taraqqiyot ilm-fan, madaniyat va sanʼat, taʼlim tizimi, bobolarimiz tilida aytganda, maʼnaviyat bilan chambarchas bogʻliq ekanligiga urgʻu berdi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-avgustda ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi ham ishtirokchilar uchun bir umr esda qolarlik boʻldi. Ochigʻi, oʻshanda Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida Islom sivilizatsiya markazi, Imom Buxoriy majmuasining qayta qurilishi, ijodkorlarga uy ajratilishi, Yozuvchilar uyushmasiga yangi bino qurilishi haqida gapirganda koʻpchilik ishonqiramagan, majlisda aytiladigan, odatiy gap-da, deya talqin qilganlar ham yoʻq emasdi. Oradan koʻp oʻtmay, ishonish ham qiyin boʻlgan, davlatimiz rahbari nutqida tilga olingan barcha masalalar hayotda oʻz aksini topdi. Ijodkorlar uyli boʻldi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga yangi bino qurib berildi. Adiblar xiyoboni goʻzal va betakror bir maskanga, ochiq osmon ostidagi muzeyga aylandi. Nafaqat Islom sivilizatsiya markazi, balki yana koʻplab madaniy maskanlar, muzeylar, ijod maktablari qad rostladi.
Buning bari mamlakatimizda yangi bir maʼnaviy muhit shakllanib kelayotganidan darak berardi. Shuning uchun ham Prezidentimiz ijodkorlardan eʼtiborni yana-da muhimroq — yoshlar tarbiyasi, inson kamoloti bilan bogʻliq boʻlgan odob-axloq, taʼlim-tarbiya masalalariga qaratish zarurligini taʼkidladi.
Mazkur uchrashuvda davlatimiz rahbari ijodkor ziyolilarning zahmatli mehnatlariga “Inson qalbini, uning dardu tashvishlarini, xalqning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini betakror soʻz, ohang va ranglarda tarannum etishni oʻz hayotining maʼno-mazmuni deb biladigan siz, muhtaram ijod ahlining mehnati naqadar mashaqqatli, masʼuliyatli va sharafli ekanini barchamiz yaxshi bilamiz”, deya eng munosib baho berdi. Ayni paytda eng xatarli muammolardan biri boʻlgan ommaviy madaniyat taʼsiri borasidagi xavotirlarini ham bayon qilib oʻtdi: “Biz bir narsani hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz zarur. Agar “ommaviy madaniyat” tahdidi faqat chetdan — Gʻarbdan kirib keladi, desak, qattiq adashamiz. Bu balo, afsuski, oʻzimizdan, oʻz oramizdan ham chiqishi mumkin. Men bu gaplarni osmondan olib aytayotganim yoʻq. Yurtimizda nashr etilayotgan ayrim gazeta-jurnallar, kitoblarni, suratga olinayotgan baʼzi klip va kinolarni, efirga berilayotgan qoʻshiq va raqslarni kuzatib, sogʻlom fikrlaydigan har qanday odam shunday xulosaga kelishi tabiiy... Eng yomoni, badiiy ijod sohasida jaholat koʻrinishlari kuchayib bormoqda”.
Zero, keng oʻquvchilar ommasiga moʻljallab yozilgan, bir oʻqishdayoq hamma siru asrori oydinlashadigan, oʻquvchini qiynamaydigan turli qiziqarli voqealaru oldi-qochdilarga boy kitob namunasi bilan hamma ham qiynalmay oʻqiy olavermaydigan, magʻzini chaqavermaydigan, lekin didni, saviyani, fikrni va inson haqidagi bilimni yangilaydigan asar namunalariga bir xil yondashib, bir xil mezonda baholab boʻlmaydi.
Faqat bizda emas, jahon adabiyoti tajribasida ham shunday. Deylik XX asr jahon badiiy tafakkuri choʻqqilari boʻlmish amerikalik adib Uilyam Folknerni barcha amerikaliklar, Alber Kamyuni esa barcha fransuzlar oʻqiyvermaydi va oʻqiy olmaydi ham. Ular oʻz vatanida ommaviy yozuvchi sanalmaydi. Biroq birinchisi Amerika, ikkinchisi Fransiya madaniyati va badiiy tafakkurining faxri sanaladi. Shunday ekan, ommaviylik badiiylik mezoni emas va menimcha, ommaviylik maʼlum maʼnoda badiiyatdan chetlashish, mavjud didga boʻysunish hamdir. Badiiyat esa didning betinim oʻsishiga xizmat qiladi, uni doimo harakatga, oʻsishga, izlanishga chorlaydi. Hazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Abdulla Oripov kabi adib va shoirlarimizning asarlari xuddi ana shunday yuksak badiiyat namunasidir. Inchunin, chinakam badiiy yangilanish, badiiy inqilob insonga yangicha qarashdan, uning qalbiga, hasratiga, musibatiga, nafrat va muhabbatiga, uning ogʻrigʻiga chinakam yaqinlashishdan boshlanadi. Insonning qalbini kashf qilmasdan turib, adabiyotda yangilik yaratish mumkin emas.
Adabiyotning bosh mavzusi — inson. Unga boriladigan, yaqinlashadigan yoʻl esa uslub sanaladi. Uslub, Folkner soʻzi bilan aytganda, yozuvchining oʻzi. Yozuvchi oʻzgarmas ekan, uslub ham oʻzgarmaydi. Shakllanmagan uslub — shakllanmagan shaxsning ifoda tarzidir.
Bizda uzoq yillar yozuvchi shaxsi haqida, shaxs va isteʼdod yaxlitligi haqida lom-mim deyilmadi. Vaholanki, chala jamiyat chala shaxsni, chala shaxs chala isteʼdodni, chala isteʼdod chala adabiyotni paydo qiladi. Chala adabiyot oʻz navbatida chala didni, chala maʼnaviyatni yuzaga keltirishga xizmat qiladi. Jamiyatning estetik didi — bu davlat hududi kabi qattiq muhofaza qilinishi va muttasil oʻstirib borilishi lozim boʻlgan maʼnaviy mulkdir. Keyinchalik mamlakatimiz rahbari ommaviy madaniyat balosidan yana bir bor ogohlantirib, undan saqlanish uchun fikr tarbiyasi lozimligini, tarixga, milliy qadriyatlarga yangicha yondashuv zarurati mavjudligini urgʻuladi:
“Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda, uning tarbiyaviy taʼsiri boʻlmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga oʻrgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”. Zero, tarixiy tafakkur millatning maʼnaviy quvvati, milliy oʻzligining sarchashmasidir. Millat qachon oʻzligiga qaytsa, ana shu sarchashmani oʻziniki qilolsa, u buyuk ishlarni amalga oshiradigan millatga aylanadi. Milliy oʻzlik — bu milliy uygʻonishning asosidir.
Tamaddun poydevori
Xalqimizning eng katta boyligi nima, degan savolga, albatta, turlicha javob berish mumkin. Kimdir mamlakatimizning yer osti va yer usti tabiiy boyliklarini sanar, kimdir mamlakatimiz qulay bir geografik muhitda joylashganini, azaldan tamaddunlar oʻlkasi boʻlib kelganini aytib oʻtar. Bular bari haqiqat. Biroq Prezidentimiz oʻz nutqida qayd etganidek, eng katta boyligimiz, bu — bizning xalqimiz, milliy qadriyatlarimiz, ona tilimiz. Shuning uchun “Davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.
Yer yuzida xalqlar koʻp, biroq oʻz davlati va ona tiliga ega boʻlgan, uni bugungi kungacha asrab-avaylab kelayotgan, yangi yuz yillik ostonasida davlat tili deya eʼzozlab kelish baxti hammaga ham nasib etgan emas. Shu oʻrinda oʻz-oʻzidan bir savol tugʻiladi. Til va tamaddun, til, milliy qadriyatlar hamda davlatchilik bir-biriga qanchalik bogʻliq?
Bir narsa aniqki, jamiyatdagi har qanday rivojlanish, bu birinchi navbatda til va tafakkur hodisasidir. Insoniyat tarixini esa til tarixining taraqqiyoti yoxud tanazzuli, deb taʼriflash mumkin.
Tilning eng muhim xususiyatlaridan biri, uning shu tilda gaplashuvchi insonlarni birlashtiruvchi xususiyatga ega ekanligida. Taraqqiyot tarqoqlik emas, jipslik, birdamlikdir. Birdamlik davlatchilikning asosi sanaladi. Xalq maqollarida bu juda goʻzal tarzda ifodalangan: “Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar”. Birlashish bu jipslashish, kuch-qudrat, quvvat, degani. Birlashib oʻzish taraqqiyot, ertangi kunni yaratishni anglatadi.
Mamlakat yetakchisi oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda soʻzlagan nutqida “Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin”, der ekan, milliy qadriyatlarimizning eng yuksak namunasi boʻlgan baxshichilik sanʼati, umuman, xalq ogʻzaki ijodiga ayricha mehru muhabbatini bayon etib oʻtdi.
Shu oʻrinda Prezidentimiz tashabbusi bilan qadim davrlardan to bugungi kunimizgacha jonli ijro holatida yashab kelayotgan, biroq dunyoning koʻpgina mamlakatlarida unutilgan yoxud unutilishga yuz tutgan baxshichilik sanʼatini asrab-avaylash, uni kelgusi avlodlarga yetkazishga qaratilgan epik ijrochi, yaʼni baxshilar hamda shu sohaning yetuk mutaxassislari boʻlgan folklorshunos olimlar ishtirokida xalqaro miqyosdagi anjuman ilk marta Termiz shahrida oʻtkazilganini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Zero, baxshilar millat tarixi, sanʼati, madaniyatini ming yillar davomida asrab-avaylab kelayotgan, avloddan-avlodga yetkazayotgan, milliy madaniyat, tarix va falsafaga oʻzining benazir ulushini qoʻshib kelayotgan ulkan ijodkorlardir.
“Alpomish”, “Goʻroʻgʻli” kabi ulkan badiiy obidalar ham bizga epik ijodkorlardan meros boʻlib qolgan. Baxshi oʻz epik xotirasida ana shu qadim anʼanalarni saqlab, uni avlodlarga yetkazib kelgan va har gal ijro etilganda bu epik anʼana yana-da boyib, yangilanib borgan. Ular tilning goʻzal tovlanishlarini nozik ilgʻay olgan epik bilim va epik xotiraning merosxoʻrlari, asrovchilaridir. Boshqacha aytganda, bugungi globallashgan bir jamiyatda, dunyoning koʻpgina xalqlarida epik anʼana tamoman soʻnib boʻlgan va yoxud soʻnib borayotgan bir holatda, yurtimizda haligacha baxshi, jirov, oqin, xalfachilik sanʼatining saqlanib qolayotganligi va xalqaro miqyosdagi festival hamda ilmiy anjumanning oʻtkazilishi dunyoning koʻplab rivojlangan mamlakatlari orasida oʻz oʻrnini topayotgan, kundan-kunga yangidan-yangi qiyofa kasb etib, yuksalib borayotgan mamlakatimizning bugungi shiddati va ertangi kelajagini ham belgilab beradi.
Yurtimizda yuz bergan tamaddunlarga nazar soladigan boʻlsak, ularning bari ilm, maʼrifat, adabiyot, sanʼat va madaniyat bilan chambarchas bogʻliq ekanligini koʻrishimiz mumkin.
Birinchi Renessans haqida gap ketganda, Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Ahmad al-Fargʻoniy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Zamaxshariy bilan bir qatorda Mahmud Koshgʻariy nomi alohida tilga olinadi. Uning “Devonu lugʻotit turk” asari tilimizdagi soʻzlar aks etgan shunchaki bitik emas. Bu xalqimizning, turkiy tilning dunyo tamaddunidagi oʻrni va nufuzini koʻrsatib turuvchi, tilshunos, folklorshunos, adabiyotshunoslar, tarix va etnograflar uchun ham birdek qadrli qomusiy asardir.
Mamlakatimiz rahbari Uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasini oʻrtaga tashladi: “Biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi xorazmiylar, beruniylar, ibn sinolar, ulugʻbeklar, Navoiy va boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qilishi lozim”.
Mana shu uchinchi tamaddun poydevorini yaratishda, oʻzimizni yangi tamaddunga tayyorlashda Alisher Navoiydek allomalarning fikriga, asarlariga suyanishimiz lozim boʻladi.
Garchand 580-yil oldin tavallud topgan boʻlsa-da, bizni bugun qiynayotgan, oʻylantirayotgan muammolarga javobni Alisher Navoiy asarlari beradi.
Navoiy oʻz davrining farzandi, biroq u oʻz davrininggina shoiri emas. U bugunning ham, kelajakning ham shoiri, faylasufi, tarixchisi, tilshunosi, tom maʼnodagi ziyolisidir. Fikrda, tafakkurda, badiiyatda Navoiy koʻtarilgan maqomga insoniyat hali yetib kelmadi. Yetib borish, bu merosni anglash, oʻziniki qilish, oʻziga singdirish esa har bir avlodning oʻziga bogʻliq. Odam va olim haqidagi, inson qalbi va ruhiyati haqidagi Navoiy fikrlari hamma davrlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etaveradi.
Millat badiiy tafakkuri mahsuli boʻlmish ulugʻlarimizning asarlari badiiy, falsafiy, ilmiy jihatdan mukammal asarlargina emas, balki bizning tafakkurimizga, ongimizga, shuurimizga kuch va quvvat beradigan, insonlarni, ellarni, elatlarni, xalqlarni bir-biriga birlashtiradigan maʼnaviy makon, maʼnaviyat poydevori hamdir.
Kelajakka qaratilgan dastur
Prezidentimiz ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvda xalqimizning maʼnaviy kamolotida ijodkor ziyolilarning oʻrni haqida fikr yuritar ekan, “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulugʻ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va sanʼatimiz ham albatta boʻladi”, degan edi. Bu Uchinchi Renessans haqidagi fikrlarning ibtidosi, ertangi kun, buyuk kelajakka qaratilgan dasturdir.
Davlatimiz rahbarining ilm-fan, milliy qadriyatlar, maʼnaviyat sohasidagi har bir qarori, har bir chiqishida bu dasturilamal fikrlar bir-birini toʻldirib, yana-da mustahkamlanib bormoqda.
Jabbor ESHONQULOV,
OʻzR FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori,
filologiya fanlari doktori, professor