Ular komp`yuter u yoqda tursin, oddiy lingafon nimaligini bilmagan. Bu isbot talab etmaydigan haqiqat, deyilsa-da, yoshlar uchun bugun bir ertakdek tuyulmoqda. CHunki biz davlatimiz rahbarining beqiyos g'amxo'rligi tufayli ko'rkam koshonalarda, keng, yorug' va zamonaviy auditoriyalarda ta'lim olyapmiz.

Prezidentimizning yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risidagi qarashlari o'tgan qisqa vaqt davomida qator qonun hujjatlarida o'z ifodasini topib, yoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qonunchilik tizimi tubdan takomillashtirildi.

O'tgan to'rt yil vaqt mobaynida yosh avlod kamolotiga qaratilgan ellikdan ortiq huquqiy hujjat, jumladan, to'rtta qonun, Prezidentimizning o'ttizdan ortiq farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining qirqdan ziyod qarori qabul qilindi. “YOshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”, “O'zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to'g'risida”, “Bolalarni ularning sog'lig'iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Rivojlangan davlatlari tajribasi shuni ko'rsatyaptiki, qaysi mamlakatda yoshlar huquqlari to'laqonli ta'minlansa, o'z qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur imkoniyatlar yaratilsa, ularning yurt taraqqiyotiga qo'shadigan hissasi nihoyatda yuqori va samarali bo'ladi. Mamlakatning globallashuv jarayoniga kirib borishi tezlashadi.

Bizning mamlakatimizda ham yoshlarga, ayniqsa, ularning zamonaviy bilim olishiga e'tibor kuchaydi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar ko'lami nihoyatda kengaydi. Tabiiyki, xarajatlar miqdori ham shunga mutanosib —jahon standartlari darajasida bilim olishimiz uchun davlat byudjetidan katta mablag' sarflanmoqda. Bugun dunyo mamlakatlari pandemiya tufayli iqtisodiy inqirozga, moliyaviy tanazzulga uchragan bir vaqtda, nechog'lik og'ir va qiyin bo'lmasin, mamlakatimizda yoshlar ta'limi uchun zarur mablag' va manbalar izlab topilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu mablag'ni xarajat emas, balki kelajak kamoloti uchun qo'yilgan eng samarali sarmoya deb hisoblab, ta'lim darajasi va sifati davlatning istiqbolini belgilab beradigan muhim omil ekanini ta'kidlamoqda.

YUrtimizda buyuk mutafakkirlar, ulug' allomalarning bebaho merosini qadrlash, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish, o'quvchilarning aniq fanlar bo'yicha yuksak marralarni zabt etishiga ko'maklashish, iqtidorini aniqlash hamda ro'yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko'lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 sentyabrdagi “Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo'nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o'qitishga ixtisoslashtirilgan maktabni tashkil etish to'g'risida”gi hamda “Mirzo Ulug'bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatini va “Astronomiya va aeronavtika” bog'ini tashkil etish to'g'risida”gi qarorlari bunga yaqqol misoldir.

Zotan, O'zbekiston tarixida aniq fanlarga oid tadqiqotlarning ildizlari eng qadimgi davrga borib taqaladi. Miloddan avvalgi birinchi ming yillikda O'zbekiston hududida dehqonchilikning rivojlangan tarixiy-madaniy markazlarida Quyosh, Oy va sayyoralarning harakatlanish qonuniyatlariga doir chuqur bilimlarga asoslangan holda qishloq xo'jaligi ishlarini bajarish muddatlarini belgilovchi taqvimlar ishlab chiqilgan.

O'rta asrlar davrining buyuk mutafakkirlari Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg'oniy, Abu Rayxon Beruniy, ayniqsa, Mirzo Ulug'bekning matematika va astronomiya rivojiga qo'shgan ulkan hissasi jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e'tirof etilgan.

Mamlakatimizda aniq fanlarning kelgusidagi taraqqiyoti, iqtidorli yoshlar orasidan ushbu soha bo'yicha malakali kadrlar tayyorlash, ularning matematika, astronomiya va aeronavtika sohasidagi yangi bilimlarni o'rganishi va o'zlashtirishini qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

BMT ma'lumotlariga ko'ra, bugun dunyo bo'ylab 260 million bola maktabga borish imkoniyatiga ega emas. YAna, 400 milliondan ortig'i na yozish, na o'qishni biladi. Agar bu holatga qarshi zarur chora-tadbirlar ko'rilmasa, 2030 yilga borib, yosh avlod vakillarining 800 millionga yaqini ishga joylashish uchun o'tkaziladigan suhbatlarda oddiygina savollarga ham javob berolmaydigan darajaga tushishi mumkin.

Nafaqat olisdagi mamlakatlar, hatto yon-atrofimizdagi ayrim qo'shni davlatlarda ham bu sohada ko'pgina og'ir muammolar echilmasdan qolayotgani, bolalarning katta qismi maktab ta'limini olish imkoniga ega emasligi xalqaro jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Bu borada Xalqaro bolalar tashkiloti — YUNISEF va boshqa nufuzli tuzilmalarning O'zbekistonda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda erishilayotgan salmoqli yutuqlarni e'tirof etayotgani bejiz emas.

So'nggi yillarda mamlakatimizda jahonning taraqqiy etgan davlatlari tajribasini o'rganish imkoniyati tobora kengaydi. Ular to'plagan tajribaning biz uchun maqbul jihatlaridan foydalanish ham milliy dasturlarimizda ko'zda tutilgan. SHundan kelib chiqib, mamlakatimiz ta'lim muassasalarining chet ellardagi o'quv markazlari bilan hamkorligi tobora mustahkamlanmoqda. CHet ellik o'qituvchilar va mutaxassislarni xorijiy tilda mashg'ulot olib borish uchun mamlakatimizga taklif qilish, chet el o'quv va ilmiy markazlarida o'zbek kadrlarining malaka oshirib qaytishi, shuningdek, iqtidorli talabalarning chet ellarda tahsil olishi qamrovi kengaymoqda.

Bilim va qobiliyatini namoyon etib, tanlov va sinovlardan muvaffaqiyatli o'tgan O'zbekiston yoshlari YAponiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya, AQSH, Frantsiya va boshqa rivojlangan davlatlarning eng yaxshi oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olib, bakalavr va magistr diplomlariga ega bo'lishi uchun davlat byudjetidan katta miqdorda mablag' sarflanmoqda.

SHu bilan birga yurtimizda jahonning mashhur etakchi universitet va institutlari filiallari faoliyat ko'rsatmoqda. Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft` va gaz universiteti, M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, G.V.Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot universiteti, Turin politexnika universiteti, Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, Inha universiteti, Federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti, Puchon universiteti, MMFI milliy tadqiqot yadro universiteti federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi, Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti oliy maktabi, Adju universiteti, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti federal davlat avtonom oliy ta'lim muassasasi, SHarda universiteti, Vebster universiteti, Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti filiallari shular jumlasidandir.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 avgustdagi “YOshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning navbatdagi muhim bosqichi bo'ldi.

Mazkur qarorga binoan iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada jonlantirish, mamlakat ilm-fanining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshligini ta'minlash, mavjud ilmiy maktablar salohiyatini yanada mustahkamlash hamda ularning innovatsion salohiyatini rivojlantirish uchun, O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida YOshlar akademiyasi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari o'tgan yili 26 dekabr` kuni O'zbekiston yoshlari forumida “Ilmni qadrlang, ilmga intiling! Bir soniya vaqtingiz ham bekor o'tmasin! YOshlik — umrning eng bebaho davri. Ilm va bilim — o'tda yonmaydigan, suvda cho'kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!” deb biz, yoshlarga qimmatli maslahatlarini berdi.

Mazkur forumda yoshlar o'rtasida eng yaxshi ilmiy ishlanmalar uchun umumiy qiymati o'ttiz milliard so'mdan ortiq bo'lgan “YOsh olimlar” innovatsion loyihalari tanlovi e'lon qilingani qayd etildi. Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Xalq ta'limi vazirligiga 2021 yildan boshlab maktab o'quvchilari va oliy ta'lim muassasalari talabalari o'rtasida “Bo'lajak olim” tanlovini tashkil qilish bo'yicha topshiriqlar berildi. Bu orqali yoshlarning eng yaxshi innovatsion hamda startap loyihalarini ro'yobga chiqarish uchun ellik milliard so'm mablag' yo'naltirilishi ma'lum qilindi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev 2020 yil 29 dekabr` kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2021 yilga mamlakatimizda “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb nom berishni taklif etib, “Har qanday jamiyat taraqqiyotida uning kelajagini ta'minlaydigan yosh avlodning sog'lom va barkamol bo'lib voyaga etishi hal qiluvchi o'rin tutadi. SHu sababli biz islohotlarimiz ko'lami va samarasini yanada oshirishda har tomonlama etuk, zamonaviy bilim va hunarlarni puxta egallagan, azmu shijoatli, tashabbuskor yoshlarimizga tayanamiz”, deb ta'kidladi.

Nufuzli xorijiy universitetlar, ilmiy va innovatsion markazlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ular bilan kadrlar tayyorlash bo'yicha hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

SHu munosabat bilan “el-yurt umidi” jamg'armasi orqali etakchi xorijiy oliy o'quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o'qishga yuboriladigan yoshlar soni besh barobar oshirilishi, bu dastur orqali ilk bor bakalavr yo'nalishida chet ellarga yuz nafar yigit-qiz yuborilishi, keyingi yillardan ularning soni ikki-uch barobar ko'paytirilishi ma'lum qilindi.

Prezidentimizning 2021 yil 3 fevraldagi “2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi farmonida, biz, yoshlarni qo'llab-quvvatlash, har tomonlama etuk insonlar bo'lib kamol topishimiz uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga oid qator chora-tadbirlar belgilab berildi. YOshlar huquqlariga bag'ishlangan Butunjahon yoshlar anjumanini tashkil etish va o'tkazish, “Yilning eng faol yoshlar etakchisi”, “Yil sardori”, “Talabalar festivali”, “Intellektual o'yinlar” haftaligi, “Yil talabasi” singari ko'rik-tanlov va musobaqalar o'tkazish, hududlarda ilmiy faoliyat bilan shug'ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ilm-fanga keng jalb etish, nufuzli ilmiy maktablarni shakllantirish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish, soddalashtirilgan tartibda yoshlarning ilmiy loyihalarini moliyalashtirish shular jumlasidandir.

Ayniqsa, yoshlarning xalqaro “IT” sertifikatlarini olish xarajatining ellik foizgacha bo'lgan qismi byudjetdan qoplab berilishi, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarni dasturlash tillarini o'zlashtirishga qiziqtirish, xalqaro ta'lim dasturlari (imtihonlar) bo'yicha eng yuqori ball to'plagan iqtidorli yoshlarga imtihon topshirish chiqimining to'lab berilishi kabi imtiyozlar — biz, yoshlar uchun cheksiz imkoniyatlar eshigi ochilayotganidan dalolat.

Bundan tashqari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan, ushbu sohada muayyan yutuqlarga erishgan iste'dodli yoshlarning mazkur sohada ilg'or tajribaga ega davlatlar tomonidan tashkil etiladigan an'anaviy va masofaviy kurslarda ishtirokini ta'minlash, yigit-qizlarning xorijiy tillarni o'rganishi uchun yanada kengroq imkoniyat yaratish maqsadida bepul til o'rganish elektron platformasini yaratish, shuningdek, ularning Toshkent shahri markazida yuqori texnologiyalar va zamonaviy bilimlarni chuqur o'zlashtirishiga keng sharoit yaratish maqsadida alohida universitet binosini barpo etish bo'yicha chora-tadbirlar belgilangani ertangi kunimizga ishonchimizni yanada oshirdi.

Biz, yoshlar O'zbekistonda yashayotgan millionlab tengdoshlarimizni sog'lom va erkin fikrlash, yangidan-yangi tashabbuslar bilan chiqish, ma'naviy-ma'rifiy, madaniy, ijtimoiy-huquqiy, harbiy vatanparvarlik, sport-sog'lomlashtirish kabi sohalarda faol bo'lishga, shuningdek, bu borada eng maqbul loyihalarni ishlab chiqib hayotga tatbiq etishga chaqiramiz. CHunki jonajon Vatanimizning ertangi tinch va farovon, to'kis va barqaror hayotini barpo etish bugungi sa'y-harakatlarimizga bog'liq.

Ahror SAIDOV,

Toshkent Xalqaro Vestminster

universiteti talabasi