— Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni izchil oshirish, shu asosda yangi ekologik toza ishlab chiqish quvvatlarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish negizida amaldagi gidroelektrostansiyalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash kabi vazifalar jamiyatimiz zimmasiga yuklangan ustuvor masalalar sirasiga kiradi, — deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Abdugʻani Sanginov. — Vaqt — oqar daryo, degan ibora bor Bu gidoenergetiklar uchun oddiy bir hikmat boʻlmay, ular faoliyatining mazmuniga mushtarak, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Avvallari suv dunyodagi eng arzon tabiiy resurs hisoblangan boʻlsa, endilikda eng ehtiyojmand va qimmatbaho neʼmatga aylanib boryapti. Keyingi yillarda suv tovar sifatida xalqaro xomashyo birjalarida sotuvga qoʻyilayotganligi ham shundan dalolat beradi. Qolaversa, mintaqamizda suv tanqisligi bilan bogʻliq vaziyat yildan-yilga tobora murakkablashib bormoqda. Xuddi shunday bir kezda, uning “yashil eneriya” yaratishdagi imkuoniyatidan ham samarali foydalanishimiz zarur. Bu zarurat tabiatning eng ulugʻ inʼomidan yetti emas, yetmish bor oʻlchab, oqilona ishlatishni kun tartibiga qoʻymoqda.

Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida hududlarda mikro va kichik GESlar qurish uchun maydonlar belgilanib, jami 56 megavattli 200 ta loyiha ishlab chiqilgani taʼkidlandi. Chunki, kichik gidroinshootlar muqobil energiyani rivojlantirishning eng samarali yoʻnalishlaridan biri. Ayniqsa, olis masofadagi va yetib borishi qiyin, uzatish liniyalarini yetkazish imkoniyati cheklangan joylarda bunday elektr stansiyalari juda asqatadi. Kichik daryolar, kanallar, suv omborlaridan tushadigan suv oʻzanlari buning uchun qulay manba sanaladi.

Mikro GES xalqaro standartlarga koʻra, asosan quvvati 0,1 kVtdan 100 kVtgacha boʻlgan gidroenergetik qurilma boʻlib, u turbina, tasmali va reduktorli uzatmalar hamda asinxron generatordan iborat. Gidroturbinalar suvning tez oqimi tufayli quvvat hosil qiladi. Suv qancha tezroq oqsa, u ham shuncha koʻproq elektr quvvati ishlab chiqaradi, qurilish jarayonida va foydalanish davrida tabiiy landshaft va atrof-muhitni buzmaydi. Suv sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydi, yaʼni, asl tabiiy xususiyatini yoʻqotmaydi. Shu bois ular har jihatdan foydali va nisbatan arzon elektr energiyasi hosil qilishda qoʻl keladi. Bu esa yurtimizning turli hududlarida yangi GESlar qurish, mavjudlarini modernizatsiya qilishni taqozo etadi.

Toshkent viloyatida yangi “Tuyaboʻgʻiz” kichik GESi davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bundan uch yil oldin foydalanishga topshirilgan boʻlsa, shundan keyin Katta Fargʻona kanalida kichik GESlar kaskadi ishga tushdi. Har biri 6 mVt quvvatga ega ikkita kaskad yiliga 72,89 million kVt soat elektr energiyasi yetkazib beryapti.

Kichik GESni qurish uchun “Gidroloyiha” AJ tomonidan oʻziga xos muhandlislik yechimi tanlangan. Kanaldan aylanma suv yoʻli tortilib, birinchi turbina 1700 metr belgiga joylashtirildi va bu yerda sunʼiy sharshara hosil qilindi. 500 metrdan keyin yana bitta shunday inshoot qurildi. Soʻngra suv yana asosiy oqimga qaytadi. Ularning ikki qirgʻogʻiga 3 ming tupdan ziyod mevali, 1000 tupdan ortiq manzarali daraxtlar ekilib, “yashil” energiya inshootlarini boyituvchi landshaftga aylangan. Eng asosiysi, yangi gidroinshoot foydalanishga topshirilgandan buyon Uchqoʻrgʻon tumanidagi 50 mingga yaqin xonadonni uzluksiz ekologik toza va qayta tiklanuvchi elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyati yuzaga keldi, qanchadan qancha ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari ham ular quvvatidan bahra olyapti.

Hozirgi kunda Janubiy Fargʻona kanali oʻzanlarida ikkita “Andijon GESi”, “Shahrixon GESlari kaskadi” unitar korxonasi tarkibiga kiruvchi 4 ta kichik stansiya faoliyat koʻrsatadi. “Andijon GES-1” modernizatsiyadan qilinib, uning ishlab chiqarish quvvati 17,1 million kVt soatga yetkazildi.

Xalqimizda yoningdan oqqan suvning qadri yoʻq, degan koʻp maʼnoli hikmati bor. Gidromuhandislar esa, aksincha, uning har jihatdan foydasi katta, deyishadi va ular amalga oshirayotgan loyihalar buni tasdiqlab kelyapti. Misol uchun Jizzax viloyatida Zomin mikro GESi, Samarqand viloyatida 5 ta ixcham quvvatli gidroinshootlar kaskadi ishga tushgandan buyon minglab aholi xonadonlari uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlana boshladi.

Yana bir loyiha — Pop tumani Ohangaron daryosidagi “Qamchiq” kichik GESi. 2017-yilda barpo etish ishlari boshlangan ushbu inshootning oʻrtacha quvvati 26,5 mVt boʻlib, yiliga qariyb 80 million kVt elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu stansiya texnik-muhandislik murakkabligi jihatdan Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Togʻ bagʻridan oʻtgan tunnelning uzunligi 3,7 kilometr. kichik suv ombori va undan oqib tushadigan obihayotni elektrga aylantiradigan inshoot dengiz sathidan ancha yuqorida bunyod etildi. Tunneldan har soniyada oqib keladigan 33 kub metr suv toʻrtta agregatni katta bosim bilan harakatga keltiradi va elektr energiyasi aholi xonadonlari va ijtimoiy-iqtisodiy obyektlari sari yoʻllanadi.

Soʻnggi 5 yilda amalga oshirilgan loyihalar hisobiga elektr energiyasini ishlab chiqarish quvvati 2017-yildagi 1 731 MVtdan 2053 MVtga yetkazildi, deydi Abdugʻani Sanginov. - Bu vaqt mobaynida13 ta yangi zamonaviy gidroelektr stansiya qurilgan boʻlsa, 9 tasi modernizatsiya qilindi. Davlatimiz rahbarining gidroenergetika sohasidagi loyihalar bilan tanishish chogʻida taʼkidlaganidek, hali oldimizda turgan ishlar koʻlami kattap. Negaki, yurtimiz gidroenergetika sohasidagi salohiyatining qariyb 50 foizi ham oʻzlashtirilmagan.

Jamiyat tomonidan 2022-2026-yillarda umumiy hisobda qoʻshimcha 740 megavatt quvvatli 20 ta yirik loyihani amalga oshirish ustiida ish ketyapti. Xususan, 2022-yilda 258 megavattli 8 ta, shundan 4 ta yangi qurilish va shuncha modernizatsiya loyihalari, 2023-2024-yillarda 76 megavattli 8 ta, undan keyin yana 4 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan.

Prezidentimizning 2021-yil 10-dekabrdagi “Gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida xususiy sektor ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan 200 ta mikro GES loyihasining roʻyxati shakllantirildi. Ularni amalga oshirish tashabbusini bildirgan tadbirkorlar bilan uchrashuv, suxbatlar oʻtkazildi. Shu tariqa umumiy quvvati 56 megavattni tashkil etadigan loyihalar asosida yiliga 180 ming kilovatt soat elektr ishlab chiqarilishi moʻljallanmoqda.

Yana bir ahamiyatli jihati, 500 kilovattgacha boʻlgan GESlar tomonidan taqdim etiladigan elektr energiyasining boshlangʻich xarid narxi uchun jozibador tariflar belgilangan. 1 megavattgacha quyosh va shamol, 5 megavattgacha boʻlgan kichik GESlarning ortiqcha elektr energiyasi kamida 10 yil davomida davlat tomonidan kafolatli sotib olinadi.

Yil yakuniga qadar Andijon viloyatida 15 ta, Namanganda 10 ta, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 6 tadan, Samarqand, Sirdaryoda 2 tadan, Buxoro, Jizzax, Fargʻonada 1 tadan loyihani amalga oshirishga kirishiladi.

Oʻtgan qmsqa davr mobaynida jamiyat faoliyati xalqaro darajada ham eʼtirof etib kelinyapti. 2020-yilda “Oʻzbekgidroenergo” AJ jahonda yetakchi “uchlik” reyting agentliklaridan biri hisoblangan “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligining “B+” (barqaror) reytingiga sazovor boʻldi, oʻtgan yili mazkur reyting koʻrsatkichi “BB-” (barqaror) darajasiga koʻtarildi. Xaridlar jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida dunyodagi moliyaviy “katta toʻrtlik” ning biri hisoblangan “Deloyt end Tush” kompaniyasi bilan hamkorlik oʻrnatilib, zaruriy maslahat va tavsiyalar olindi.

Jamiyat yangi GESlarni qurish, mavjud GESlarni modernizatsiya qilish dasturi doirasida Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Fransiya, Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Avstriya, Turkiya, Tojikiston va Qirgʻiziston kabi davlatlar bilan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish borasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻygan

Xabaringiz bor, joriy yilningt 2-iyun kuni Tojikiston Prezidentining tashrifi doirasida Zarafshon daryosida Yovon gidroelektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi boʻlib oʻtdi. Ikki davlat yetakchilari ramziy tugmani bosib, qurilishga start berildi. Mazkur stansiya energetika sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyiha sanaladi. 140 megavatt quvvatga ega bu loyiha mamlakatlarimiz energetika xavfsizligi, suv va qishloq xoʻjaligi barqarorligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.

— Ikki mamlakat mutasaddi va mutaxassislari tomonidan Zarafshon daryosi havzasida 2 ta GESni qurish va undan foydalanishni texnik-iqtisodiy baholash boʻyicha oʻzaro kelishuvga erishilgan, — deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJning xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, investitsion loyihalarni tayyorlash va olib borilishini monitoring qilish bosh boshqarmasi boshligʻi Sunnatilla Ismatov, — Unga asosan, Tojikiston hududidagi Zarafshon daryosi havzasida mazkur quvvatlarning qurilishi ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqichda, yiliga oʻrtacha 832 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Yovon gidroelektr stansiyasini qurish ishlari bajariladi, Mazkur loyiha 15 yilda sarflangan mablagʻlarni qoplash hamda 40-50 yil davomida uzluksiz ishlash imkoniyatiga ega. Ikkinchi bosqichda, yiliga oʻrtacha 560 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi, quvvati 135 megavattga va prognoz qiymati 270 million AQSH dollariga teng boʻlgan Fandaryo gidroelektr stansiyasini qurish imkoniyati oʻrganib chiqilmoqda. Ularning yillik umumiy ishlab chiqarish quvvati 1400 million kVt.soatni tashkil etadi. Bu esa, oʻz navbatida, 600 mingdan ortiq oilaning elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojini qondirish imkonini beradi. Yangi GESlarning qurilishi doirasida 3 mingga yaqin mavsumiy, ishga tushirilishi natijasida esa 200 dan ortiq doimiy ish oʻrinlari yaratiladi.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, bundan besh yil oldin “Oʻzbekgidroenergol” AJ tashkil topganda uning tasarrufidagi GESlar soni 36 tani tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunga kelib ushbu koʻrsatkich yangi qurilgan yirik, oʻrta hamda mikro quvvtlar hisobiga 50 taga yetdi.Tez orada ular safiga 20 ta yirik va 200 dan ortiq mini GESlar kelib qoʻshiladi.

Energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xoʻjayevning qayd etishicha, 2026-yilga borib Oʻzbekistonda quyosh fotoelektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga va shamol elektr stansiyalari hajmi 4000 MVtga yetkaziladi hamda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 25 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini tashkil qiladi. Buning natijasida yiliga qariyb 3 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 1 million xonadonni 1 yil davomida tabiiy gaz bilan taʼminlash mumkin boʻladi.

Abdurauf QORJOVOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri