Ularni bir qarashdan taniysiz. Qoʻllarida planshet yo telefon... Nimalarnidir axtarishadi, nimalarnidir qiyoslashadi. Oʻtirgan joylari kutubxona yo soya-salqin daraxtzor, xiyobon... dunyo bilan ishlari yoʻq, goʻyo bu olamda oʻzlariyu orzulari, intilishlari bor, xolos. Ha, adashmadingiz, ular – oliygohlarga kirish uchun astoydil harakatda boʻlgan abiturentlar. Nafsilamrini aytganda, ularning hammasini abituriyent, deb atash ham unchalik toʻgʻri boʻlmaydi. Chunki taʼlimda yuz bergan islohotlardan, yanayam aniqroq ifodalasak, imtiyozlardan foydalanib, ularning anchasi allaqachon muddatidan avval kerakli ballarni toʻplab, xorijning oliygohlariga kirib olishdi.

Yaqinda bir hamkasbim “Oltin qalam” XVII Milliy mukofoti sovrindorlaridan biri boʻlishi munosabati bilan suhbatlashib qoldik. Gap aylanib oilaviy masalalarga kelganida, suhbatdoshim onalarga xos gʻurur bilan:

– Toʻngʻich oʻgʻlim birvarakayiga xorijning ikkita oliygohiga kirish uchun yetarli ballarni yigʻdi. Lekin hali-hanuz kitobdan bosh koʻtarmayapti. “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga harakat qilib koʻraman. Oʻtib ketsam yaxshi boʻlardi. Baribir oʻz yurtingda oʻqish boshqacha-da, axir, oʻz yurtingning odamlari qolib togʻu toshlari ham seni suyaydi, degan gap boru...” degan fikrini eshitib, kechagina qoʻlidan yetaklab yurgan farzandimning ulgʻayib qolganini his qilib koʻnglim oʻsdi, – dedi.

Ha, oʻgʻil-qizlarimiz ham jisman, ham fikran ulgʻayishmoqda. Shuning uchun faqat suhbatdoshimga oʻxshagan ziyoli onalarning farzandlari bitta-ikkita boʻlib emas, mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizning turli goʻshalarida tashkil etilgan Prezident maktabi, ijod maktablari bitiruvchilari ham guras-guras boʻlib, toʻp-toʻp boʻlib institut, universitetlarga intilmoqda. Sirdaryo viloyatida faoliyat olib borayotgan Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi direktori, II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibasi Pokizaxon Ahmadjonovani tinglaymiz:

– Oʻquvchilarimiz maktab uchun belgilangan dasturdan tashqari ham turli toʻgarak mashgʻulotlariga, adabiyot, sanʼat, ilm yoʻnalishlaridagi tanlovlarda ham faol ishtirok etishadi. Aksariyat hollarda gʻolib boʻlib ham qaytadi. Ana shu jarayonlar bolalarimiz qalbida ayricha bir dadillik, oʻzlariga ishonch ruhini uygʻotmoqda. Bu yil yigirma nafar ilk qaldirgʻochlarimiz maktabimizni bitirdi. Oʻylaymanki, hammasi oʻzlari orzulagan oliygohlarga kirish baxtiga ega boʻlishadi....

Sezganingizday, Prezident maktablari, ijod maktablari bitiruvchilari oldida ayni kunlarda “Kim boʻlsam ekan?” degan savol koʻndalang boʻlib turgani yoʻq. Yana hamkasbim singari oʻz ota-onalaridan koʻrganlarini bolalari hayotida takrorlayotgan oilalarning ham bu savol atrofida mashaqqatlari yoʻq boʻlsa kerak. Chunki suhbatdoshimning ota-onalari faqat unigina emas, oʻgʻillari Javohirxoʻja va Jasurxoʻjani ham bola yoshidan turli toʻgaraklarga yetaklab olib borishgan, ularning oʻzlari qiziqqan sohalari boʻyicha qoʻshimcha mashgʻulotlarga undashgan.

– Na darsdan soʻng, na dam olish kunlari boʻsh vaqtimiz boʻlmasdi. Sport, musiqa... xullas, qadamimiz yetadigan joyda qanday toʻgarak, ansambl boʻlsa, hammasiga qatnashardik, – deydi hamkasbim oʻsmirlik davrlarini xotirlar ekan.

Ammo oʻgʻil-qizlarimizning qiziqishlariga qarab kasbga yoʻnaltirishga juda katta ahamiyat berilayotgan bizning davrimizda, maktablardagi oʻquv sifatini koʻtarish masalasiga davlat darajasida eʼtibor koʻrsatilayotgan dorilamon zamonimizda ham bitiruvchilarning oliygohlarga kirishi bilan bogʻliq qator muammolar borligidan koʻz yumib boʻlmaydi. Bu muammolar bugun paydo boʻlgan emas, kechagi beparvolik, gʻofillik, yana allaqaysi xatolarimizning davomi, desak haq gapni aytgan boʻlamiz. Deylik, oʻqituvchilarning maoshi bosqichma-bosqich oshirilayapti. Ular ortiqcha qogʻozbozlikdan xalos qilinayotgani ham bor gap. Lekin maktabda dars berayotgan muallimlarning hammasi oʻz kasbining ustalarimi? Axir, yetakchi talabalar imtihon oldidan roʻyxat bilan pul toʻplagan, “5” ga muncha pul, “4” uchun muncha, “Z” uchun muncha”, deya ajratib oʻtirgan zamonlardan buyon nari borsa, oʻn-oʻn ikki yil oʻtgandir. Sessiya paytini ota-onalar “yirik choʻzilib, ingichka uziladigan payt”, deya atashardi. Talabalarning oʻzi ham “Oʻqisang, oʻqimasang, baribir, oladiganini olmaguncha, bahosini qoʻymaydi”, deb yurishardi. Oʻsha talabalarning bir qismi bugun maktablarda dars bermayaptimi? Ular orasida oʻz ustida ishlab, maoshini halollab olayotganlari ham bordir. Biroq “hayotda hamma narsani pul hal qiladi”, tarzidagi kayfiyatda qolganlari ham kam emas. Aynan shu kayfiyatdagi muallimlar qoʻlida oʻqiyotgan oʻquvchilar koʻnglini to maktabni bitirguncha ham “Kim boʻlsam ekan?” degan savol bezovta qilmaydi. Aynan shunday oʻquvchilarning attestatidagi baholar ham ozgʻingina “3” boʻladi. Boshlangʻichdan boshlangan oʻrtamiyonalik to bitirgunlaricha davom etaveradi. Umuman, oʻzlashtirishdagi oʻrtamiyonalik darajasiga jiddiyroq yondashuv yoʻqligi bor gap. Har bir bola uchun astoydil jon kuydirilsa, yuz foiz boʻlmasayam, oʻzlashtirish sifati koʻtariladi. Ammo dars oʻtishdagi dangasaligimizni, “Hamma oʻqiyversa, podani kim boqadi?” degan bahona bilan niqoblashni yaxshi koʻramiz.

Aksariyat oʻqituvchilar shu ruhiyatda boʻlganidan yo “Nima boʻlsa boʻlar, kerak boʻlsa, ota-onasi oʻqitib olsin”, degan kayfiyatdaligidan bitiruvchilar bilan bogʻliq muammolarning yana bittasi xuddi shu joyda oʻzini namoyon qiladi. Bitiruvchi qarasa, “aʼlo”, “yaxshi” bahoga oʻqigan tengdoshlari yelib-yugurib oliygohlarga kirish uchun hujjat tayyorlashyapti. Ularning ertasini tasavvur qilishadi: ozoda kiyimlarda oʻqishga qatnashyapti, indinini tasavvur qiladi: ish joylari tayin, hayotda oʻrinlarini topgan... Ularning ham koʻngli qoʻzgʻaladi, “Men ham oʻqiyman, qanaqa qilib boʻlsayam oʻqishga kiritasiz”, deya oyoq tirab oladi.. Ehtimol, bir-ikkita ota-ona oʻgʻli yo qizining yetuklik attestatini qoʻliga olib:

– Ahvolingni qara, seni qaysi institut yoki universitet qabul qilar ekan? – der. Lekin aksariyat ota-onalar: – Bir bosh urib koʻrsin, hozir “yoʻq”, desak, oʻzini bir narsa qilib qoʻymasin, – deyishadi. Tabiiyki, bugun bilimdan boshqa hech qanday kuch oliygoh darvozasin ochishga qodir emas. Yillar davomida “Kim boʻlsam ekan?” degan savol bilan ogʻrinmagani uchun aro yoʻlda qolib ketadi va odamlar orasida:

– Ha, endi oʻqish deganga beli baquvvatlar kiradi, bizning kuchimiz yetmadi, – degan gap-soʻzlarni tarqatishadi. Ota-onalar ham oriyat yuzasidan bu gap- soʻzlarga qoʻshilishadi. Bir-ikki hafta koʻkragini zaxga berib yotib, soʻng biron kasb-hunar oʻrganishga borganlari bu muammodan chiqib ketadi. Ammo “Qishloqqa qaytishga uyalaman”, deb shaharda qolganlarining hayotida yangi mashamashalar boshlanib ketishi hech gap emas. Kimi arava sudrab mardikorlikka chiqadi, kimi kazzoblarga qoʻshilib qoladi...

Ayniqsa, “Agar mana shu yil oʻqishga kira olmasang uzatib yuboraman”, degan shart bilan shaharga yuborilgan qizlarimiz hayotida anchagina koʻngilsizliklarni kuzatganmiz. Talaba boʻlish baxtiga erishsa, xoʻp-xoʻp, bunday boʻlmasa-chi...

Bir paytlar bolalarim yoshroq paytlarida roʻzgʻor yumushlariga qiynalib qolganimda M. ismli ayolni mardikor bozoridan yordamga olib kelganman. Ittifaqo, namanganlik qoʻshnimiz kirib qolgan. Uni koʻrib ayol oʻzini hammomga urgan. Chiqib ketganidan soʻng yigʻlab-yigʻlab tarixini gapirib bergan.

– Bu opa bizning xeshimiz boʻladi. Mening bu ahvolda yashashimni bilmasligi kerak. Oʻn yetti yoshimda oʻqiyman, shifokor boʻlaman, deb shaharga kelganman. Dadam:

– Mayli, bu yil senga imkon beramiz. Kirsang, oʻqib ketasan. Agar bunday boʻlmasa, kelishing bilan toʻy qilamiz, sovchilar tayyor, – deyishdi. Maktabda oʻrtacha oʻqigandim, imtihonlardan oʻta olmadim. Ammo yosh edim, uzatilishga, er, oila yukini gardanimga olishga mutlaqo hohishim yoʻq edi. Shuning uchun uydagilarni “Kirdim”, deb aldadim. Ota-onalarim sodda odamlar edi, ishonishdi. Biron joyda ishlab, kechalari tayyorgarlik koʻrsam, yanagi yil kirib ketarman, ota-onamning oldida yuzim yorugʻ boʻlar, dedim. Kunduzi ish topolmagach, kechasi ishlaydigan kafega idish-tovoq yuvuvchi boʻlib ishga kirdim. Abituriyentligimda tanishgan, oʻzimga qismatdosh qizlar bilan ijarada turardim. Bir-ikki oy ishlagach, yuvishda ishlatiladigan geldan qoʻlimga narsa toshib ketdi. Pulsiz, ijaradan qarz boʻlib qiynalib yursam, xonadoshlarimdan biri “E, yurasanmi, bunaqa, yoshsan, chiroylisan, foydalanib qolmaysanmi”, deb qoldi. Avvallari qoʻrqdim, soʻng yengil yashashga oʻrganib qoldim. Oʻqish orzusi ham oʻlda-joʻlda qolib ketdi. Yillar oʻtib, turmush ham qurganday boʻldim. Lekin bir-ikki bor yashirin ravishda abort qildirganimdan soʻng farzand ham koʻrmadim, roʻzgʻorim boʻlmadi. Mana, endi uyga ham borolmayman, na uyim, na joyim, na oilam, na qarindoshim bor. Qancha vaqt oʻtib ketgan boʻlsa-da, qishloqdoshlarim oldida sirim fosh boʻlib qolishidan hanuz qoʻrqib yashayman.

Albatta, barcha oʻqishga kira olmagan qizlarning taqdiri bu xilda adashib ketmaydi. Men Toshkent davlat yuridik institutiga yetti yozda yetti bor hujjatu imtihon topshirib sakkizinchi yili kirgan navoiylik Guli ismli qizni bilaman. Hozir xususiy notarius ochgan, ishlari maqtovga loyiq. Lekin na oʻgʻil bolaga, na qiz bolaga oʻqishga kirishdan avval ota-ona tomonidan yuqoridagiday shart qoʻyilishi hamisha ham yaxshilik bilan tugamasligini aytmoqchi edim. Bir paytlar Kosovo, keyinroq Suriya, Ukraina yana allaqayerlarga adashib-uloqib ketganlarning ham xatolarining ildizi – oʻz vaqtida “Kim boʻlsam ekan?”, degan savol bilan ogʻrimaganida.

Oʻrni kelganida oʻzim kuzatadigan yana bir holat haqida ham gapirgim kelyapti. Baʼzi oilalar, maktablarda kasbga yoʻnaltirishda xatoliklar boʻlib turadi. Farzandlar ruhiga “Sen hammadan zoʻrsan”, degan kayfiyat singdiriladi. “Mening oʻgʻlim boshliq boʻladi, boshliq bu, boshliq”, deya mehmonlar oldida kichkinalarini erkalatishadi. Bir qarashda hazilga oʻxshash bu kayfiyat erkatoylar katta boʻlgach ham davom etaveradi.

– Mening bolam prokuror boʻladi. Bizdan ham bir chiqsin...

– Qishloq xoʻjaligida oʻqiydi, hokim boʻladi...

– Bankir boʻladi, qoʻlida pul oʻynaydi...

Hayotingizda bir marta boʻlsayam, bunday gaplar qulogʻingizga tushmagan, deb boʻlmaydi. Albatta, orzu qilish yaxshi. Lekin holva degan bilan hamisha ogʻiz chuchiyvermaydi. Boʻyidan balandga sakragan orzuning oyogʻi sinib, shikastlanishi mumkin. “Kim boʻlsam ekan?” degan savol haqida oʻylaganda bu jihatlarini ham xotirdan faromush qilib boʻlmaydi, bizningcha.

Zamonlar oʻzgardi. Har bir oilada voyaga yetayotgan farzandga faqat shu xonadonning bolasi deb emas, yurt bolasi degan munosabat yildan-yilga mustahkam tortmoqda. Bolalarimiz voyaga yetgach, muallaq bir hayotda qolmasligi uchun, biron kasb-hunar egasi boʻlib, oyoqda mahkam turishi uchun davlat tomonidan misli koʻrilmagan darajada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Imkoniyat – boshlovchi, imkoniyat – yetaklovchi. Baribir har kim oʻzi oʻz taqdirining egasidir.

...Ularni bir qarashda taniysiz, qoʻllarida planshet yo telefon... nimalarnidar axtarishadi, nimalarnidir qiyoslashadi. Kimlargadir ular koʻpdek tuyular, yetarlidek koʻrinar, lekin salkam oʻttiz olti millionlik aholisi bor, ulardan oltmish foizi yoshlar boʻlgan mamlakat uchun, mening nazdimda, ular kamdek... Ularning aksariyati hanuz qishloqlarda, togʻlarda, adirlarda, yana yurtimizning allaqaysi puchmoqlarida qolib ketayotgandek... Otayotgan tong, botayotgan shomni shunchaki kutib, kuzatayotgandek... Togʻni talqon qiladigan yoshlarda qalblarida Vatanga, xalqqa daxldorlik tuygʻusi zaif, juda zaifday... “Biron davlatga borib ishlasamu, lak-lak pul topsam” – orzusining choʻqqisi shu nuqtaday...

Erta, juda erta ularning qalbida “Kim boʻlsam ekan?” degan savol uygʻonsagina, shu savolni uygʻotish kuchiga ega boʻlsakkina, bu kabi “day, dek”lardan xalos boʻlib, koʻnglimiz yorishadigandek, toʻliq, tugal bir halovat keladiganday...

Qutlibeka RAHIMBOYEVA,

Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi