Klasterlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 32 baravar oshdi

    Mamlakatimizda 2018-2022-yillarda klasterlarning rivojlanish tendensiyasi va xususiyatlari oʻrganildi.

    Hozirgi vaqtda klasterlar dunyo mamlakatlari iqtisodiyotining samarali oʻsish drayveri sifatida iqtisodiy faoliyatning qariyb 50 foizini qamrab olgan. Masalan, AQSHda 380 ta klaster bor va YAIMning 60 foizi ularning hissasiga toʻgʻri keladi.

    Italiya sanoatida band boʻlganlarning 43 foizi 206 ta klasterda mehnat qiladi va mamlakat eksportida ushbu klasterlarning ulushi 30 foizni tashkil etadi.

    Xitoyda 60 dan ortiq maxsus klasterlar 30 mingga yaqin korxonani birlashtiradi va ularda 3,5 million kishi mehnat qiladi. Mazkur korxonalarda yiliga 200 milliard AQSH dollariga teng mahsulot ishlab chiqariladi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oʻrganishlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2018-2022-yillarda 506 ta klaster shakllantirildi. Soʻnggi besh yilda ular tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 32 baravar oshdi va 2022-yil natijalariga koʻra, 28,7 trillion soʻmga yetdi.

    2018-2022-yillarda klasterlarga yoʻnaltirilgan investitsiyalar hajmi 5,2 marotaba, tizimda band boʻlganlar soni esa 2,5 marotaba ortdi.

    Klasterlarning jami sanoat mahsulotlari eksportidagi ulushi 2019-yilda 5 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 11,4 foizga yetdi.

    2018-2022-yillar oraligʻida klasterlar tizimida mehnat unumdorligi 12,9 baravar, investitsiyalarning rentabellik (ARR) koeffitsiyenti 1 dan 1,4 gacha oshdi. Bu klasterlashtirish loyihalari juda samarali ekanligidan dalolat beradi.

    Sanoatning ishlab chiqarish tarmogʻida klasterlarning ijtimoiy–iqtisodiy samaradorligi va uning hududiy mehnat taqsimotidagi oʻrni agregatlashgan Klaster quvvati (Pc) integral indeksi orqali baholandi. Har bir indeks qiymati 0 dan 1 gacha (0≤Pc≤1) oraliqda baholanadi. Agar qaymat 0 dan 1 ga yaqinlashsa, bu iqtisodiyotning klasterlashganlik darajasi yuqoriligini koʻrsatadi.

    Hisob-kitoblar sanoatning ishlab chiqarish tarmogʻida Klaster quvvati (Pc) integral indeksi 0,201 ni tashkil etishini koʻrsatdi. Bu tahlillar iqtisodiyotni klasterlashtirish salohiyati yuqoriligini, sohaga investitsiyalarni, shu jumladan, xorijiy investorlarni, tadbirkorlik subyektlarini qoʻshimcha jalb qilish imkoniyati mavjudligini koʻrsatadi.

    Dunyoning rivojlangan mamlakatlari tajribasiga koʻra, klasterlashtirish iqtisodiyotda mehnat unumdorligi va samaradorlik koʻrsatkichlari oshishiga olib keladi.

    Sanoat tarmoqlarida klasterlashtirish xomashyodan tayyor mahsulotgacha boʻlgan toʻliq ishlab chiqarish tizimini shakllantirish, shuningdek, bu tizimga ilm-fan, savdo, logistika kabi sohalarni jamlash imkonini beradi.