“Navoiy kon-metallurgiya kombinati”da 2021-yildan boshlab Ichki nazorat tuzilmasi – Komplayens xizmati tashkil etildi. Korrupsiyaga qarshi mazkur ichki nazorat tuzilma korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini koʻrish uchun masʼul etib belgilangan.
Kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashish hamda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash sohalarida 2024-yilning oʻtgan davri davomida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida
Kombinat tomonidan 2024-yil 10-yanvarda Komplayens xizmatining 12 banddan iborat “NKMK” AJda 2024-yil davomida Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini oshirish hamda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash yoʻnalishida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar dasturi va 2024-yil 30-yanvarda Kombinat tizimida raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilish xavflarini kamaytirish boʻyicha 9 ta banddan iborat yoʻl xaritasi tasdiqlangan va ijrosi nazoratga olindi.
Kombinatda 2024-yildan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi, kuzatuv kengashi va boshqaruviga koʻrib chiqish uchun kiritiladigan va ularning soʻroviga koʻra yuboriladigan hujjatlar loyihalari, Bosh direktor va bosh direktor oʻrinbosarlari qabullari yakuni boʻyicha tuzilgan bayonnomalar loyihalarini Bosh yuriskonsult va Komplayens xizmati tomonidan huquqiy va korrupsiyaviy ekspertizasidan oʻtkazish tartibi joriy etildi. Mazkur yoʻnalishlar boʻyicha 97 ta (32 ta fuqaro qabullari boʻyicha va 65 ta boshqaruvga koʻrib chiqish uchun kiritilgan) hujjatlarning qonuniyligi koʻrib chiqildi.
Komplayens xizmati tomonidan jami 5876 ta (5072 ta buyruq va 804 ta farmoyish) ichki idoraviy hujjatlar korrupsiyaga qarshi huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi. Korrupsiyaviy ekspertiza natijasida 428 ta ichki idoraviy hujjatlar normativ-huquqiy yoki ichki idoraviy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirildi.
Kombinatning markaziy apparati va barcha tarkibiy boʻlinmalarida
2024-yil 1-choragida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash oʻtkazildi. Baholash natijalariga koʻra, 947 ta funksiyalar baholanib, shundan 3 ta “yuqori”, 45 ta “oʻrta” va 899 ta “past” darajadagi xavf-xatarlar aniqlandi hamda ularni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan 2024-yil 20-fevralda 46 ta banddan iborat chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi. Bugungi kunda dasturning 30 ta bandi ijrosi toʻliq taʼminlandi.
Oʻtgan davr mobaynida Kombinat ishchi-xodimlari bilan 123 marotaba (jumladan, 96 ta seminar, uchrashuv va davra suhbati, 20 marotaba rasmiy veb-sayt, 2 ta gazeta, 3 marotaba televideniya, 2 marotaba radioda) huquqiy targʻibot va profilaktik tadbirlar oʻtkazildi. Targʻibot tadbirlarida 7048 nafar ishchi-xodimlar ishtiroki taʼminlandi.
Shu bilan birga, hozirgi kunga qadar Janubiy kon boshqarmasining 5708 nafar xodimlari «Korrupsiyaga qarshi (Compliance) elektron kursi boʻyicha oʻqitildi.
Xizmat xodimlari tomonidan jami 27 marotaba shundan, 16 marotaba onlayn va 11 marotaba oflayn malaka oshirish kurslarida ishtirok etildi.
Oʻtgan davr mobaynida Komplayens xizmatiga jami 558 ta ijro hujjatlari kelib tushgan boʻlib, ijro muddati kelgan 395 tasining ijrosi oʻz vaqtida taʼminlandi. Xususan, 46 ta yuridik va jismoniy shaxslardan murojaatlar kelib tushgan, shundan 41 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan, 5 ta murojaat qisman qanoatlantirilgan.
Shu bilan birga, Kombinatga xodimlarni ishga qabul qilish va boshqa ishga oʻtkazish boʻyicha komissiyaning 318 ta hamda homiylik va xayriya yordamlarini koʻrsatish komissiyasining 56 ta yigʻilishlarida komissiya aʼzosi sifatida ishtirok etildi.
Tanlov asosida ishga qabul qilinuvchi 1151 nafar nomzodlar ustidan “NKMK” AJ va uning tarkibiy boʻlinmalarida ishga qabul qilinayotgan nomzodlarni tekshirish boʻyicha Yoʻriqnoma talablari asosida tekshiruvlar amalga oshirildi. Nomzodlarni tekshirish natijasida 1150 ta ijobiy va 1 ta salbiy xulosalar berildi.
Tanlov va mehnat qonunchiligi doirasida ishga qabul qilingan 1151 nafar xodimlarning mehnat shartnomalariga hamda “NKMK” AJ tomonidan tuzilgan 17 654 ta xoʻjalik shartnomalariga korrupsiyaga qarshi shartlarning kiritilishi taʼminlandi.
Oʻtgan davr mobaynida jami 38 marotaba oʻrganish va xizmat tekshiruvlari oʻtkazilib, bunda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan 30 nafar ishchi-xodimlar intizomiy javobgarlikka tortildi.
Oʻtkazilgan monitoringlar natijasida 1014 ta holatda manfaatlar toʻqnashuvi (shundan 929 ta ehtimoliy va 85 ta real) aniqlanib, shundan 966 tasi (881 tasi ehtimoliy va 85 ta real) boʻyicha holatlar Odob-axloq komissiyasiga koʻrib chiqish uchun kiritildi.
Komissiya qaroriga asosan 65 ta holat koʻrib chiqildi, shundan, 14 tasi boshqa lavozimga oʻtkazildi, 5 tasi rad etildi, 1 tasi lavozimdan ozod etildi, 45 tasi boʻyicha kelgusida ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi holatlarini oldini olish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Qolgan 901 tasi boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Xaridlar sohasida “Tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish boʻyicha” Komissiyasi (komissiya tarkibiga Komplayens xizmati kiritilgan) tomonidan
3 ta tender va 26 ta tanlash hujjatlari boʻyicha tovar yetkazib beruvchilar hujjatlari koʻrib chiqilib, qonuniylik taʼminlandi.
Kombinat bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishmoqchi boʻlgan 60 ta kontragentlarning faoliyati tekshirildi. Hisobot davrida 1 ta 3,5 mlrd. soʻmlik tanlovning asossiz bekor qilinishi oldi olindi.
Bundan tashqari, “NKMK” AJ bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishuvchi xorijiy jismoniy va yuridik shaxs hamda banklarni sanksiyalar boʻyicha nazorat qiluvchi Komissiya (komissiya tarkibiga Komplayens xizmati kiritilgan) tomonidan 14 ta kontragent hujjatlari sanksiyaviy nazoratdan oʻtkazildi. Shundan, 12 tasi boʻyicha ijobiy va 2 tasi boʻyicha salbiy xulosa berildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi «Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi
PQ-81-son qaroriga koʻra, 2024-yilning 3-choragi boʻyicha 29 turdagi maʼlumot va hisobotlar “E-Anticor.uz” elektron platformasiga kiritildi.
Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash sohasida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 154-son Farmoni ijrosi yuzasidan tegishli maʼlumotlarning belgilangan muddatlarda Kombinatning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi taʼminlanmoqda.
Kombinatning www.nkmk.uz rasmiy veb-saytida hamda ichki portal (kombinat xodimlari uchun joriy etilgan)da joriy etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Ochiq maʼlumotlar” boʻlimlarida ichki idoraviy hujjatlar, eʼlon qilinishi belgilangan maʼlumotlar, murojaatlarni yuborish uchun tegishli aloqa kanallari, ijtimoiy videoroliklar hamda Komplayens xizmatining masʼul xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar joylashtirildi hamda ushbu maʼlumotlar doimiy tarzda yangilanib borilishi nazoratga olindi.
Shu bilan birga, Kombinatning 2024-yil 9-fevraldagi tegishli buyrugʻi bilan “NKMK” AJning faoliyatiga oid ochiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar, ularni yangilab borish muddatlari va masʼul ijrochilar roʻyxati hamda maʼlumotlarning namunaviy shakllari tasdiqlandi. Mazkur ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni belgilangan muddatlarda rasmiy veb-saytga eʼlon qilinishi nazorat olindi.
2024-yil avgust oyida Kombinat Markaziy apparati “SERT International” xalqaro sertifikatlovchi tashkilot tomonidan oʻtkazilgan 2 bosqichli tashqi audit yakuni boʻyicha ISO 37001:2016 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standart talablariga muvofiqligi tasdiqlandi va xalqaro sertifikatga ega boʻldi.
Rustam Avezov,
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati”
aksiyadorlik jamiyati Komplayens xizmati boshligʻi