OAV vakillari “NKMK“ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi faoliyati bilan tanishdi

    Navoiy kon-metallurgiya kombinatida ishchi-xodimlar va ularning oila aʼzolari hamda pensionerlarni ijtimoiy himoyalashga alohida eʼtibor beriladi.

    Bu ishlarni amalga oshirishda 88 ming nafardan ortiq aʼzosi boʻlgan “NKMK“ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi va uning kombinat boʻlinmalari, “NKMK jamgʻarmasi” DM, “Navoiyuran” DK, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetidagi 7 ta birlashgan kasaba uyushmasi qoʻmitasi, 152 ta boshlangʻich kasaba uyushmasi tashkiloti muhim ahamiyat kasb etadi.

    Kengash faoliyatining asosiy maqsadi kasaba uyushmasi aʼzolarining kasbiy, ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Bu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar 11-noyabr – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni oldidan Navoiy shahrida 8-noyabr kuni “Ishchi-xodimlar va faxriylarni ijtimoiy himoya qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar tahlili va kelgusi rejalar” mavzusida OAV vakillari va jurnalistlar uchun oʻtkazilgan matbuot anjumanida muhokama etildi.

    Kombinatda mehnat qilayotgan har bir ishchi-xodimning munosib mehnat sharoitlarida ishlashi, mehnatiga yarasha haq toʻlanishiga erishish bilan birga, ularning salomatligi muhofazasiga ham alohida ahamiyat berilmoqda. Kasaba uyushma vakillarining kombinat maʼmuriyati bilan birgalikda ish joylari, ishlab chiqarish uchastkalari va sexlarda ish sharoitlari, mehnat muhofazasi, unga rioya etilish holati, ishchi-xodimlarni yoʻriqnomalardan oʻtkazish yuzasidan maqsadli oʻrganishlar olib borish tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Kombinat muhandis- texnik xodimlarining mehnat muhofazasi yuzasidan bilim darajasini oshirish maqsadida ular oʻrtasida “Ishning eng yaxshi tashkilotchisi va mehnat muhofazasi boʻyicha qonun va qoidalar bilimdoni”, mehnat muhofazasi vakillari oʻrtasida esa “Yilning eng yaxshi mehnat muhofazasi vakili” hamda turli yoʻnalish boʻyicha “Yilning eng yaxshi yosh mutaxassisi” kabi tanlovlar oʻtkazilib kelinayotgani istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Kombinat ishchi-xodimlari, ularning oila aʼzolari va faxriylarni sogʻlomlashtirish hamda madaniy saviyasini oshirish boʻyicha yetarlicha imkoniyat va sharoitlar yaratilgan. Ularni sogʻlomlashtirish uchun Tibbiy- sanitariya boʻlimi va uning joylardagi beshta Tibbiy-sanitariya qismi zamonaviy tibbiy-diagnostika uskunalari bilan jihozlangan.Ishchi-xodimlar salomatligini yaxshilash maqsadida ularga “NKMK” sanatoriysi, “Gornyak” pansionati, “Toʻdakoʻl” dam olish maskani, “Metallurg”, “Konchi” va “Nurobod” sanatoriy-profilaktoriylari, Yalta va Kislovodsk shahridagi “Oʻzbekiston” sanatoriylari, “Qirgʻiz dengizi sohillari”, “Yangiyoʻl”, “Shaxand” hamda ijtimoiy sugʻurta byudjeti mablagʻlari hisobidan “Turon”, “Oqtosh”, “Chinobod”, “Umid gulshani”, “Boʻston”, “Sitorai Mohi Xosa”, “Chortoq”, “Chimyon” sanatoriylariga imtiyozli narxlarda har yili mingdan ortiq yoʻllanmalar ajratilmoqda.

    Ichki turizmni rivojlantirish maqsadida ishchi-xodimlar va ularning oila aʼzolari, pensionerlar va mehnat faxriylari uchun muntazam ravishda Samarqand, Xiva, Toshkent, Buxoro, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarga sayohatlar tashkil etilmoqda.

    Ishchi-xodimlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, madaniy hordiq chiqarishlari uchun madaniyat muassasalari tashkil etilgan. Bunda, Navoiy shahridagi “Farhod”, Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” va Nurobod shahridagi “Nurobod” madaniyat saroylari, Uchquduq shahridagi “Uchquduq” madaniyat uyi, Zafarobod qoʻrgʻonidagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazi, Karmana tumanidagi “Navroʻz” klubi, Zarkent qoʻrgʻonidagi “Konchi” madaniyat-sport majmuasi, Navoiydagi bolalar ijodiyoti markazi kabi maskanlar oʻzbek madaniyati va sanʼatini yanada ravnaq toptirish, yosh avlodimizning maʼnaviy dunyosini yuksaltirishdek ezgu ishga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshib kelmoqda.

    Kasaba uyushmasi Kengashi nafaqat ishchi-xodimlar, balki ularning farzandlari uchun doimiy gʻamxoʻrlik qilib bormoqda. Jumladan, har yili 11 ta bolalar sogʻlomlashtirish oromgohida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” DK va “NKMK jamgʻarmasi” DMda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarning 12 ming nafardan ortiq farzandlari yozgi taʼtil mavsumini mazmunli oʻtkazishadi.

    — Navoiy kon-metallurgiya kombinatida Jamoa shartnomasi alohida oʻringa ega boʻlib, ishchi-xodimlar, ularning oilasi, faxriylarimiz manfaati va huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashda asosiy hujjat hisoblanadi, — deydi “NKMK“ xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Isroil Rahmatov. — Jamoa shartnomasida koʻzda tutilgan barcha majburiyatlarga qatʼiy amal qilib kelinmoqda. Xususan, ishchi-xodimlarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash uchun joriy yilning oʻtgan davrida 2 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Kasaba uyushmasi tasarrufida tashkil etilgan “Birdamlik” fondi tomonidan 384 nafar kam taʼminlangan, yolgʻiz pensioner va ijtimoiy himoyaga muhtoj ishchi-xodimga 2024-yilning 9 oyida 895,5 mln. soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi. Boshlangʻich kasaba uyushma qoʻmitalari tomonidan kam taʼminlangan, yolgʻiz pensionerlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj, koʻp farzandli ishchi-xodimlarga 4,4 mlrd. soʻm miqdorida moddiy yordam pullari ajratildi. Jamoatchilik asosida faoliyat olib borayotgan kasaba uyushmalari faollari 2,1 mlrd. soʻm miqdorida ragʻbatlantirildi.

    Tadbirda OAV vakillari va jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.


    “NKMK” AJ Matbuot xizmati


    Reklama