Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki oʻrtasida kompyuter xurujlariga qarshi kurashish boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum bank telekommunikatsiya tizimlarida kompyuter xurujlarining oldini olish va aniqlash, ularni bartaraf etish uchun shart-sharoitlar yaratish va tomonlarning axborot xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan ikki mamlakat markaziy banklarining oʻzaro hamkorligini koʻzda tutadi.
Kompyuter xurujlariga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik bank tizimida axborot xavfsizligining tahdidi yuzasidan prognozlarni ishlab chiqish va ogohlantirish strategiyalarining samaradorligini oshirish, kompyuter xurujlarining sabablarini aniqlash, ularga munosabat bildirish va oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq boshqa vazifalarni amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.