Ayniqsa, yoshlarning, jumladan, oʻgʻil-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ularning har tomonlama rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratish Konstitusiyaning asosiy prinsiplaridandir. Bunday yondashuv davlatning yoshlar siyosati va ularni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishidagi asosiy vazifalarini aks ettiradi.
“Farzandlarimiz Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Konstitusiyamizda yoshlarning huquq va manfaatlarini toʻla ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, oʻgʻil-qizlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitusiyaviy darajada oʻz aksini topishi kerak”. Ushbu fikr yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va roli tobora oshib borayotgan bir paytda, davlatning ularga bo‘lgan e’tibori va mas’uliyatini ifodalaydi. Jumladan, har bir oʻgʻil-qizlarimizning tugʻilishi, sifatli va samarali taʼlim-tarbiya olishi, ishlashi uchun teng imkoniyatlarning yaratilishi, ularning mustaqil, ruhan tetik, kelajagi taʼminlangan hayot kechirishiga erishishining qonuniy kafolati boʻlishini taqazo etadi.
Davlat statistika agentligi ma’lumotlariga qaraganda, 2024-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 14-30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 9 million 654 ming 351 kishini tashkil etib, jami aholining chorak qismidan koʻprogʻi 26,8 foiziga toʻgʻri keladi. 2040-yilga borib bu koʻrsatkich, 50 millionga yetishi, jamiyatning yarmidan koʻpini yoshlar tashkil qilishi kutilmoqda.
Yoshlar ulushining ortishi davlat va jamiyat zimmasiga ularning ta’lim olishi, munosib ish o‘rniga ega bo‘lishi, sog‘liqni saqlash, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini maksimal darajada ta’minlash vazifasini qo‘yadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlanib, u mamlakatda yoshlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy faolligini ragʻbatlantirish va jamiyatda munosib oʻringa ega boʻlish vazifalarini ta’minlashga qaratilgan muhim normalarni oʻz ichiga oladi.
Konstitusiyaning 79-moddasi birinchi bandida qayd etilganidek: “Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi”. Mazkur norma davlatning yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash siyosatini aks ettiradi. Shu bilan birga, ularning jamiyatdagi faolligini ragʻbatlantirish hamda ularga teng imkoniyatlar yaratish kerakligini koʻrsatadi.
Konstitusiyaning 79-moddasi ikkinchi bandiga koʻra: “Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi”. Bu konstitusiyaviy norma davlatning yoshlar uchun jamiyatda barqaror, qulay va teng huquqli muhit yaratib berish majburiyatini ifodalaydi. Ya’ni, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli boʻlishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish va qoʻllab-quvvatlashni kafolatlaydi.
Yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy rivojlanishiga qaratilgan shart-sharoitlarni yaratish hamda ularning huquqlarini ta’minlashning muhim vazifalaridan biri sifatida yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, vatanparvarlikni va xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish tuygʻularini shakllantirish masalasi Konstitusiyaning 78-moddasi toʻrtinchi bandida mustahkamlangan: “Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi”.
Bundan tashqari, Konstitusiyaning 53-moddasi birinchi bandida har bir fuqaroga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi hamda madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlangan: “Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi”. Buning natijasida inson oʻzining ilmiy, texnik, badiiy va ijodiy izlanishlarini erkin olib borish, yangi gʻoyalar va ijodiy ishlarni namoyon etish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu bilan birga, intellektual mulk muhofazasi fuqarolarning ilmiy, ijodiy va badiiy ishlariga egalik huquqini himoya qilish, ularning mehnatiga oid huquqlarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik va intellektual mulk sohasidagi noqonuniy harakatlarga qarshi kurashishni ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitusiyada davlat yoshlarga gʻamxoʻrlik masalasida oʻz zimmasiga gʻoyat muhim majburiyatlarni olgan. Eng asosiysi, Konstitusiya yoshlarning har tomonlama rivojlanishini va ularning jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishini ta’minlash uchun huquqiy asos yaratgan hujjat hisoblanadi.
H.N.Oblomurodova,
TDYU dotsenti, falsafa fanlari boʻyicha
falsafa doktori PhD