Yorugʻ kelajakni bilimli va salohiyatli yoshlar barpo etadi

    Fikr 14 Dekabr 2024 377

    Zamonaviy dunyoda mamlakatning kuchli va zaif jihatlari yoshlar, ularning bilim va malakasi orqali namoyon boʻladi.

    Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisidagi nutqi yurtimiz rivojlanishining istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab berishda muhim oʻrin tutadi. Unda taʼlim tizimini takomillashtirishga oid koʻtarilgan masalalar ham oʻz mazmuni va mohiyatiga koʻra keng qamrovli ijtimoiy-siyosiy ahamiyat kasb etadi.

    Bugungi globallashgan dunyoda har bir jamiyatning kelajagi yoshlarga, xususan, bolalarga bogʻliq. Maktabgacha taʼlim davri bolaning shaxs sifatida shakllanishi va intellektual rivojlanishi uchun muhim bosqich hisoblanadi. Prezidentimiz oʻz nutqida maktabgacha taʼlim tashkiloti qamrovini 80 foizga yetkazishni hukumat uchun ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Bu koʻrsatkichni taʼminlash uchun 2025-yilda 252 ta yangi maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilishi va 174 tasi taʼmirlanishi rejalashtirilgan.

    Yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari barpo etilishi nafaqat bolalarning taʼlimga boʻlgan talabini qondiradi, balki shu orqali ijtimoiy farovonlikni yanada oshirishga erishiladi. Ayniqsa, qishloq hududlardagi maktabgacha taʼlim tashkiloti va maktablar qamrovi oshishi orqali shahar va qishloq oʻrtasidagi ijtimoiy nomutanosiblik tobora qisqarib borayotganiga barchamiz guvohmiz.

    Kelajak avlodni yetuk qilib tarbiyalashda maktab taʼlimining oʻrni beqiyos. Albatta, bu sohada xususiy maktablar qamrovi kengayishi erkin raqobat muhitini shakllantiradi. Shu maqsadda davlatimiz rahbari tadbirkorlarga maktab qurish uchun 20 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit berilishini, bunda kredit stavkasining 13,5 foizdan oshgan qismi byudjetdan qoplanishini bildirdi.

    Taʼlimga kiritilayotgan sarmoya mamlakatning ijtimoiy barqarorligi va siyosiy taraqqiyoti uchun poydevor yaratadi. Bu jahon tajribasida ham allaqachon isbotlangan. Zamonaviy taʼlim tizimi faqatgina bilimli yoshlarni emas, balki madaniyatli, vatanparvarlik hissi yuqori, jamiyat taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshadigan shaxslarni tarbiyalashi zarur. Zero, bugungi dunyoning talabi ham shu.

    Ayni islohotlarga barchamiz birdek hissa qoʻshishimiz lozim. Ayniqsa, taʼlim sohasi xodimlari bu borada asosiy drayver hisoblanadi. Zamon kun sayin yangilanmoqda, demak, shunga muvofiq ravishda mamlakatimizda ustoz-murabbiylar ham bilimini, tajriba va mahoratini yangilab bormogʻi zarur. Bugun oʻn yil avvalgi metodlar asosida dars oʻtib, taʼlim berish oʻzini oqlamaydi. Ayni damda jahondagi ilgʻor taʼlim tizimlari jarayonga sunʼiy intellekt imkoniyatlarini keng integratsiya qilish ustida bosh qotirmoqda. Shubhasiz, keyingi oʻn yillikda ular bu borada sezilarli natijalarni qayd eta boshlaydi.

    Oʻzbekiston bu borada ortda qolmasligi lozim. Ayniqsa, sunʼiy intellektni taʼlim jarayoniga joriy qilish boʻyicha dasturlar ishlab chiqish hamda oʻqituvchilar va murabbiylar uchun zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish ustuvor vazifalardan biri boʻlishi kerak. Bugungi kunda oʻquvchilar uchun fanlarni yodlash emas, balki ularni hayotda qoʻllay olish koʻnikmasini shakllantirish muhim. Bunda innovatsion metodika va yangi texnologiyalar katta yordam beradi.

    Zamonaviy dunyoda mamlakatning kuchli va zaif jihatlari yoshlar, ularning bilim va malakasi orqali namoyon boʻladi. Taʼlim islohotlari jarayonida hozirdanoq kelajak avlod uchun mustahkam poydevor qoʻysak, kelgusi rivojlanishning muvaffaqiyatli boʻlishi yanada kafolatlanadi. Zero, yorqin kelajakni bilimli va salohiyatli yoshlar barpo etadi.

    Azizbek HASANOV,

    pedagogik fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent