Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi — barqaror taraqqiyot kafolati

    Fikr 6 Dekabr 2024 339

    Oʻzbekistonda jamiyat, davlatning evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqiladigan boʻlsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish biz uchun hayotiy zarurat edi.

    Binobarin, ushbu hujjat davlatimiz va xalqimizning keyingi qadamlari, taraqqiyot istiqbollarini belgilab berdi.

    Keyingi yillarda erishilgan muvaffaqiyatlar, xususan, inson huquqlari, odil sudlov, soʻz va vijdon erkinligi hamda ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi yutuqlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyildi. Bu esa ularning barchasidan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham erkin foydalanishi kafolatlandi, deganidir.

    Bosh qonunimizda Oʻzbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi. Shu oʻrinda “ijtimoiy” tushunchasiga alohida urgʻu berishni istardim. Bu insonga eʼtibor va gʻamxoʻrlik degani. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar 3 barobar koʻpaytirildi. Har kimning uy-joyli boʻlish, munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish kabi huquqlari shular jumlasidandir.

    Yangilangan Konstitutsiyaga koʻra, hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanadi.

    Respublikamizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadlaridan biri. Yangilangan Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa koʻpaydi. Inson huquq va erkinliklari qonunlarimiz, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi borasida qatʼiy talab qoʻyildi. Bu esa davlat organlari va mansabdor shaxslar oʻz faoliyatini “inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirishiga zamin boʻladi. Davlat va inson oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar inson foydasiga hal etiladi.Mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda Konstitutsiyaga muvofiq taʼminlanadi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerak. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga oʻz roziligisiz yuklatilishi mumkin emas. Bosh qonunimizda aks etgan ushbu normalar oddiy odamlarning hayotini yanada yengillashtiradi.

    Bosh qonunimiz yurtimiz fuqarosi Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilmasligini yoki boshqa davlatlarga berilmasligini kafolatlaydi. Bu hamyurtlarimizning doimiy ravishda davlat himoyasida ekaniga ishonchini mustahkamlab, vatanparvarlik tuygʻusini joʻsh urdiradi. Shuningdek, xorijda yashayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarimizni saqlab qolish va rivojlantirish masalalariga ham davlat gʻamxoʻrlik qilishi belgilandi. Ushbu norma chet ellarda yashayotgan, ishlayotgan, taʼlim olayotgan vatandoshlarimiz oʻz yurti bilan doimiy aloqada boʻlishiga, tili, madaniyati, urf-odatlari va anʼanalarini saqlab, yanada rivojlantirishga, tarixiy vatan — Oʻzbekistonning obroʻsini yanada oshirishga hissasini qoʻshishiga xizmat qiladi.

    Oʻzbekistonda oʻlim jazosining taqiqlanishi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Bu insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.

    Shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emas. Ushbu qoida insonlarni noqonuniy hibsga yoki asossiz qamoqqa olishga va saqlashga yoʻl qoʻyilmaslikka qaratilgan. Shu tariqa odamlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bogʻliq barcha harakatlarga faqat sud qarori asosida yoʻl qoʻyilishi mustahkamlandi. Yaʼni odil sudlovni amalga oshirishda “Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” institutlari yanada kengaytirildi, ilk bor ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik, yaʼni “sukut saqlash” huquqi berildi.Unda har kim oʻz huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga h aqliligi belgilandi. Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar buzilgan huquq va erkinliklarini oʻzgalar huquqlarini buzmagan holda mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Yagona shart fuqarolar tomonidan oʻzini himoya qilishda qoʻllaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boʻlishidir.

    Endi har kim Oʻzbekiston qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha mavjud ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, murojaat etishga haqli. Agar xalqaro shartnomada Oʻzbekiston qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, Oʻzbekistonda xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllanilishi mustahkamlandi. Mazkur qoida fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida himoyalanishini taʼminlaydi. Davlat organlari yoki mansabdorlar tomonidan shaxslarga nisbatan gʻayriqonuniy qaror yoki xatti-harakatlar sodir etilishining oldini oladi, shaxslarga yetkazilgan zarar oʻz vaqtida va toʻliq qoplab berilishini koʻzda tutadi. Bundan buyon shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda oʻz huquqlari va ushlab turilish asoslari tushuntirilishi shart. Aybdorlikka oid barcha shubhalar agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinadi. Mazkur norma tergov va sud jarayonida faqat ishonchli va qonuniy dalillardan foydalanishni taʼminlaydi, natijada shaxsni asossiz ravishda javobgarlikka tortilishdan himoya qiladi.

    Bosh qonunimizda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi mustahkamlandi. Hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilandi. Bu jinoiy taʼqib ostidagi har qanday shaxsga yoki uning yaqin qarindoshlariga ruhiy bosim va turli tahdidlar oʻtkazish, shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish kabi boshqa noqonuniy usullar qoʻllanilishining oldini olishga qaratilgan oliy huquqiy normadir.

    Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar oʻziga nisbatan insoniy muomalada boʻlinishi hamda inson shaxsiga xos boʻlgan shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga egaligi mustahkamlandi. Shaxsning sudlangani va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emas.

    Endi har bir shaxsning mamlakatimiz boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, yurtimizdan tashqariga chiqish hamda Oʻzbekiston fuqarolarining oʻz vataniga moneliksiz qaytish huquqlari Bosh qonunimiz darajasida mustahkamlandi. Ushbu qoidalarning barchasi Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularning buzilishi holatlariga barvaqt barham berishga xizmat qiladi.

    Konstitutsiyaga advokatura institutiga bagʻishlangan va advokatlar faoliyati kafolatlarini mustahkamlovchi alohida bob kiritildi. Advokat va uning kasbiy faoliyati davlat himoyasida ekani, advokatning kasbga oid huquqlari, shaʼni va qadr-qimmati qonun bilan qoʻriqlanishi mustahkamlandi.

    Yangilangan Konstitutsiya “shaxs — jamiyat — davlat” tamoyiliga amal qilgan holda demokratiya, qonun ustuvorligi, insonparvarlik, adolat, vatanparvarlik kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni oʻzida mujassamlashtiradi. Ayniqsa, qonuniylik, tenglik kabi konstitutsiyaviy prinsiplarni taʼminlab beradi.

    Bu esa har bir inson uchun Oʻzbekistonda munosib hayot kechirish, oʻzining hayoti, sogʻligʻi kabi bebaho neʼmatlarini ishonchli himoya qilish, barkamol rivojlanish orqali jamiyatimizning muhim aʼzosi sifatida shakllanish uchun mustahkam zamin yaratilganidan dalolat.

    Poʻlat Bobojonov,

    Ichki ishlar vaziri, general-leytenant