Kadrlar raqobatbardoshligi amaliyot jarayonini toʻgʻri tashkil etishga bogʻliq

    Fikr 12 Dekabr 2024 109

    Har bir davlatning istiqboli ilm-fan, texnika, taʼlim taraqqiyoti va barkamol kadrlarni voyaga yetkazishga bogʻliq.

    Malakaviy amaliyot oliy oʻquv yurtidagi taʼlim-tarbiya jarayonining davomi hamda nazariy bilimlarni mustahkamlash hamda mazkur bilim, koʻnikma va malakani bevosita ishlab chiqarish jarayonida qoʻllash imkonini beradi. Oʻqitish samaradorligini amaliyot bilan mustahkamlash borasida Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida qator ishlar bajarilmoqda.

    Yoshlarga sifatli taʼlim berish, qolaversa, sohada ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirish maqsadida institut 30 dan ortiq yirik korxona va tashkilot bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan va shartnomalar tuzgan. Mutaxassislik kafedralarining qishloq xoʻjaligi ilmiy tadqiqot muassasalarida kafedra filiali va oʻquv markazlari ochilgan. Ularda taʼlim mutaxassisliklarining oʻquv rejasiga muvofiq mutaxassislik fanlaridan amaliy mashgʻulotlarining 50 foizi 5+1 dasturi doirasida ilmiy tadqiqot muassasalarida hamda ishlab chiqarish korxonalarida oʻtkazilmoqda.

    Masalan, Samarqand viloyati qishloq xoʻjaligi boshqarmasi, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, agroxizmatlar markazi, Jomboy oʻsimliklar klinikasi va biolaboratoriya markazi, Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasi, Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti Samarqand ilmiy-tajriba stansiyasi shular jumlasidan. Bundan tashqari, Oʻsimliklar karantini va himoyasi ilmiy tadqiqot instituti Samarqand filiali, “Samo agro” MCHJ, “Zarafshon Lohman Parranda” MCHJ QK, “PURE MILKY WORKS” MCHJ, “Jomboy Agrobio servis” MCHJ, “Oʻzbegim agro” Oʻzbekiston-Germaniya MCHJ yirik paxta-toʻqimachilik klasteri hamda yirik qishloq xoʻjaligi korxona va tashkilotlari, agroklasterlari hamda ilgʻor fermer xoʻjaliklarida ham talabalarimizning amaliyot oʻtashiga sharoit yaratilgan.

    Joriy yilda institutning qariyb 200 ga yaqin talabasi 10 dan ortiq rivojlangan mamlakat, xususan, Germaniya, Buyuk Britaniyadagi yirik korxona va tashkilotlarda haq toʻlanadigan amaliyotni oʻtab qaytdi. Bu jarayon talabalarga zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnologiyalari bilan tanishish imkonini berdi. GPS tizimli traktorlar, dronlar va sensorlar yordamida yerni nazorat qilish, hosildorlikni oshirishga qaratilgan ilgʻor biotexnologiyalar va aqlli sugʻorish tizimlarining afzalliklari oʻrganildi. Amaliyot davomida talabalar ishlab chiqarish samaradorligini oshiruvchi avtomatlashtirilgan uskunalar bilan ishlash tajribasini oʻrgandi. Rivojlangan davlatlarning ekologik toza ishlab chiqarish va organik qishloq xoʻjaligi usullari bilan yaqindan tanishdi. Talabalar nafaqat ilgʻor texnologiyalar, balki qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish usullari haqida ham maʼlumotga ega boʻldi.

    Talabalar Germaniyaning raqamlashtirishga asoslangan fermer xoʻjaliklari bilan yaqindan tanishdi. Amaliyot davomida maʼlumotlarni tahlil qilish, aniq rejalashtirish va zamonaviy texnologiyalarni samarali qoʻllashni oʻrgandi. Zamonaviy hosil yigʻuvchilar, tuproqni zarar yetkazmasdan qayta ishlaydigan uskunalar va resurs tejamkor tizimlar ularda katta qiziqish uygʻotdi. Talabalar orttirgan tajribasi orqali zamonaviy qishloq xoʻjaligida resurslarni tejash va ekologik masʼuliyatni taʼminlash boʻyicha yangi gʻoyalarga ega boʻldi.

    Bu kabi amaliyot oʻtagan yoshlar kelgusida soha rivojiga hissa qoʻshish bilan birga ilm-fanning yangidan kirib kelayotgan yutuqlari, zamonaviy texnika va texnologiyalarni tez va oson joriy qiladi.

    Kelgusida ham oliygohda taʼlim sifatini oshirishning samarali yechimlari qatorida talabalarning nazariy bilimlarini ishlab chiqarishda amaliy jihatdan mustahkamlash, fan — taʼlim — ishlab chiqarish integratsiyasini yanada kuchaytirish hamda ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻzlashtirgan malakali mutaxassislarni tayyorlashga ustuvor vazifa sifatida qaraladi.

    Shavkat HASANOV,

    iqtisodiyot fanlari doktori, professor