Mehnat munosabatlarida ijtimoiy sheriklikning oʻrni qanday?

    Fikr 16 Dekabr 2024 59

    Oʻzbekistonda aholi soni koʻpaya borgani sari, mamlakatda yangi ish oʻrinlariga boʻlgan talab ham tobora ortmoqda. Shu sababli, Oʻzbekiston hukumati ish oʻrinlarini kengaytirish uchun xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni oʻz oldiga maqsad qilgan.

    Ammo maʼlum kafolatlar boʻlmas ekan, mehnat bozori oʻz jozibadorligini yoʻqotishi, mavjud ishchi-xodimlarni ham saqlab qola olmasligi mumkin. Ana shunday kafolatlardan biri esa – ijtimoiy sheriklikdir.

    Ijtimoiy sheriklik tushunchasi nima?

    Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida unga shunday taʼrif berilgan:

    “Ijtimoiy sheriklik – davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini, shu jumladan, tarmoq, hududiy dasturlarni, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor boʻlgan boshqa qarorlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish borasidagi hamkorligidir”.

    Xalqaro tajribada mehnat munosabatlaridagi ijtimoiy sheriklikka “...kichik firmalardan tortib makroiqtisodiy darajada boʻlgan turli korxonalarning ikki va uch tomonlama kooperativ ishlab chiqarish munosabatlarini tartibga solish”, deb taʼrif berilgan.

    Yaʼni ijtimoiy sheriklik mehnat bozorida tengsizlikka qarshi kurashish vositasi hisoblanadi. Bu ishchilarga ish beruvchi ega boʻlgan imtiyozlardan, sharoit va imkoniyatlardan teng foydalanishni kafolatlaydi. Davlat organlarini esa har qanday ijtimoiy muammoni hal qilishda jamiyat bilan hamkorlik qilishga undaydi.

    Oʻzbekiston va dunyo amaliyotida ijtimoiy sheriklik asosan aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ularning ijtimoiy faolligi va bandligini taʼminlash, atrof-muhit, sogʻliqni saqlash, yoshlar va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish hamda ularning mamlakat hayotidagi toʻlaqonli ishtirok etishini taʼminlash kabi sohalarda amalga oshirilib kelinmoqda.

    Ijtimoiy sheriklikda fuqarolik jamiyati institutlarining oʻrni beqiyos boʻlib, ular juda koʻplab ijtimoiy ahamiyatga molik vazifalarni hal qilishni oʻz zimmasiga oladi. Shunga asosan, mamlakatda ularning erkin faoliyat yuritishlari uchun mustahkam huquqiy kafolatlar yaratilmoqda.

    Ularga yaqqol misol esa “Mahalla yettiligi” boʻlib, bu jamiyatdagi muammolarni davlat organlari, mahalla instituti va nodavlat-notijorat tashkilotlari birgalikda hal qilishini anglatadi. Shuning uchun ham 2024-yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallada “yettilik” hamfikr va hamjihat boʻlsa, ishsizlik, jinoyat boʻlmasligini aytgan edi.

    Qolaversa, mehnat munosabatlarida ijtimoiy sheriklik nodavlat notijorat tashkilotlarisiz amalga oshmaydi.

    Shu sababli ham bugungi kunda Oʻzbekiston erkin, demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish doirasida jamoat va nodavlat notijorat tashkilotlarning jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash boʻyicha tizimli islohotlarni ham amalga oshirmoqda.

    Masalan, “Madad” NNT, “Nihol” jamoat birlashmasi hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ishchi-xodimlarning mehnat munosabatlaridagi huquq va imtiyozlarini tiklash, yuridik yordam koʻrsatish hamda ushbu sohadagi bilim va koʻnikmalarini oshirish yuzasidan tegishli choralar koʻrilmoqda.

    Xususan, Toshkent viloyatidagi “Nihol” jamoat birlashmasi tomonidan AQSH Davlat departamentining Demokratiya, inson huquqlari va mehnat byurosi moliyaviy koʻmagida “Oʻz huquqlaringni bil” loyihasi amalga oshirilib, unda nogiron ayollarning mehnat huquqlari va shaxsiy huquqlari haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan bir qator treninglar oʻtkazib kelinmoqda.

    Bundan tashqari, telegram ijtimoiy tarmogʻining “Mehnat huquqlaringiz”, “Mehnat munosabatlari muhokamasi”, “Yuristkadr” guruhlarida mehnat sohasida huquqiy maslahat va yordam berish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasining 12-maqsadida ham ijtimoiy sheriklikning samarasini oshirish, nodavlat-notijorat tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shakllarida qoʻllab-quvvatlash hajmini ikki barobarga oshirish belgilangan.

    Shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi 27-maqsadida mamlakatda 2030-yilgacha boʻlgan davr oraligʻida kambagʻallik darajasini qisqartirish, ushbu sohaga ijtimoiy sheriklikni jalb qilgan holda 500 ming nafar malakali mutaxassislar tayyorlash ustuvor vazifa sifatida alohida qayd etilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil

    18-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida “...fuqarolik jamiyati institutlari bilan muloqotni kuchaytirish maqsadida har bir qoʻmita qoshida ularning vakillaridan iborat jamoatchilik kengashlarini tuzish” boʻyicha parlamentga qoʻyilgan vazifa hozirda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini rivojlantirish muhim ekanligidan dalolat beradi.

    Respublikadagi mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi ustuvor normativ-huquqiy hujjat hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida ijtimoiy sheriklik munosabatlarini tartibga solish boʻyicha alohida boʻlim mavjud. Unga koʻra, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik “...oʻz vakillari timsolida xodimlar, ish beruvchilar, ularning vakillari, davlat organlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tizimi boʻlib, bu tizim yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni hamda ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish masalalari yuzasidan xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarini muvofiqlashtirishni taʼminlashga qaratilganligi” belgilangan.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi Qonunida mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikka alohida bob ajratilgan boʻlib, unda mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikning asosiy prinsiplari, taraflari va shakllari koʻrsatib oʻtilgan. Shuningdek, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklikda ijtimoiy-mehnat masalalari boʻyicha komissiyalar faoliyati belgilab berilgan.

    Oʻz navbatida, uyushma tomonidan 2023-yilda va 2024-yilning yanvar may oylarida 4 ming 17 nafar mehnatkashlarning huquqlari tiklanib, xodimlar foydasiga 29 mlrd 713 mln soʻmdan ortiq zarar pullari undirib berilgan. Shu jumladan, gʻayriqonuniy ravishda ishdan boʻshatilgan xodimlar avvalgi lavozimiga tiklanib, majburiy ishdan chetlatilganlik (progul) vaqti uchun jami 789 mln 119 ming soʻm haq undirib berilgan.

    Biroq mehnat huquqlarini tiklashda jamoa shartnomalari va kelishuvlari, qoʻshma qarorlar, lokal hujjatlar, kasaba uyushmalari bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa hujjatlarni tuzish va tatbiq etish lozim boʻladi.

    Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida ushbu tamoyil “ijtimoiy muloqot” deb nomlangan va davlat, ish beruvchilar va xodimlar oʻrtasidagi uch taraflama hamkorlik asosida amalga oshirilishi belgilab qoʻyilgan.

    Har bir pogʻonadagi ijtimoiy sheriklikning oʻziga xos hujjati mavjud boʻlib, bular quyidagilar:

    • Bosh kelishuvlar;
    • Tarmoq kelishuvlari;
    • Hududiy kelishuvlar;
    • Jamoa shartnomalari hisoblanadi.

    Kasaba uyushmalari va ish beruvchilar, ularning birlashmalari (ittifoqlari, uyushmalari), davlat organlari oʻrtasidagi ijtimoiy sheriklik teng huquqlilik, vakillarning vakolatliligi, taraflarning manfaatlarini hurmat qilish va hisobga olish, majburiyatlarni qabul qilishning ixtiyoriyligi prinsiplari asosida quriladi.

    Shubhasiz, mamlakatda olib borilayotgan ushbu tadbirlarning barchasi ijtimoiy sherikliklikning ijobiy mahsuli va amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning talabidir.

    Shu sabab, Oʻzbekistonda mehnat sohasida ishchi-xodimlarning huquqlarini himoya qilish, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish hamda ushbu tizimda ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish muhim hisoblanadi.

    Qayd etish joizki, 2022-yilgi Mehnat huquqlari indeksida Oʻzbekiston dunyo davlatlari orasida “mehnat munosabatlarini tartibga solish” koʻrsatkichi boʻyicha 73,5 ball (100 ballik tizimda) bilan oʻrtacha davlatlar qatoridan joy olgan.

    Maʼlumot uchun: ushbu reyting uchta koʻrsatkich — Kasaba uyushmalarining oʻrni (0 ball), adolatli mehnat tizimi (40 ball) hamda munosib ish haqi (60 ball) boʻyicha baholangan.

    Eʼtiborlisi, ushbu reytingda mamlakatning oʻrnini yaxshilashda kasaba uyushmalari hamda mehnat sohasidagi fuqarolik jamiyatlari institutlari faoliyati bilan bogʻliq statistik maʼlumotlarning yaxshilanishi, Oʻzbekistonning kelgusida eʼlon qilinadigan reytinglardagi oʻrnini yanada yaxshilash imkonini beradi.

    Jumladan, Xalqaro Mehnat tashkilotining “Oʻzbekiston Respublikasi uchun munosib mehnat dasturi 2021-2025” hisobotida xodimlar huquqlarini himoya qiluvchi yagona organ sifatida Kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyatini xalqaro mehnat standartlariga moslashtirish, bunda ijtimoiy muloqotni rivojlantirish, Kasaba uyushmalari faoliyatini soddalashtirish va vakolatlarini oshirish taklif qilingan.

    Bu tizimning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishi ishchi-xodimlar mehnat jarayonlarida oʻz huquq va imkoniyatlaridan munosib ravishda foydalanishini kafolatlaydi. Qolaversa, mamlakatning xalqaro nufuzini oshiradi.

    Respublikada olib borilayotgan mehnat munosabatlaridagi ijtimoiy sheriklikni rivojlanish boʻyicha davlat siyosatini yangi yoʻnalishlarini tanlab olib, mavjudlarini jadallashtirish maqsadida xalqaro tajribaga murojaat qilish talab etiladi.

    Xalqaro tajribaga nazar tashlasak, avvalo yaqin qoʻshni davlat –Qozogʻistonda ishchi-xodimlarning ijtimoiy, mehnat huquqlari hamda kasbiy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish boʻyicha mehnat jamoalarida (tashkilotlarda) doimiy ravishda oʻquv kurslari tashkil etib boriladi. Bu esa oʻz navbatida tashkilotlardagi ishchilarning, xususan ish faoliyati boshlanganiga koʻp boʻlmagan xodimlarning mehnat kompetensiyalari oshishiga xizmat qiladi.

    Oʻz oʻrnida, Rossiyada ham tegishli amaliyot shakllanib, unga koʻra, ijtimoiy va mehnat munosabatlarining rivojlanishida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida doimiy ravishda davra suhbatlari, treninglar oʻtkazib kelinadi. Treninglarda mehnat huquqi xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda xodimlar ishtirokida ish jarayonlarida yuzaga kelgan keyslar koʻrib chiqiladi va huquqiy yechim beriladi.

    Buyuk Britaniyada ish beruvchi va xodim oʻrtasida yuzaga kelgan muammoni hal etish jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishi taʼminlanadi hamda ular ishtirokida muzokaralar olib boriladi. Aksariyat mamlakatlarda ishchilar manfaatlarini himoya qiluvchi tashkilot sifatida Kasaba uyushmalari faoliyat borsa, Buyuk Britaniya, xususan Angliyada esa nafaqat bu tashkilot, balki boshqa fuqarolik jamiyati institutlari (yakka yoki uyushgan holatda) ham ishchilarning huquq va imtiyozlarini himoya qilishda faol ishtiroki kuzatiladi.

    Singapurda mehnat munosabatlarida ijtimoiy sheriklikning ahamiyatini oshirish uchun akademik jurnallar, gazetalar, statistik maʼlumotlar, darsliklar va internet qidiruvlarida bu borada materiallar joylab borish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Bu orqali xodimlar uchun mehnat sohasidagi yangilik, imtiyoz, majburiyat hamda ijtimoiy sheriklik munosabatlaridan doimiy ravishda xabardor boʻlish tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Bu tizimning tashkilotchilari sifatida davlat, kasaba uyushmalari hamda boshqa fuqarolik jamiyati institutlari qayd etilgan.

    Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy sheriklik mehnat sohasining asosiy tomonlari boʻlgan xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning muhim tarkibiy qismi boʻlib, uning taʼminlanishi ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

    Bu borada rivojlangan xalqaro mamlakatlar tajribasiga tayanayotgan Oʻzbekiston ijtimoiy sheriklik tomonlarning tengligi, shuningdek, ularning manfaatlarini maksimal darajada hisobga olish prinsipi tamoyillarini qoʻllab-quvvatlamoqda.

    Natijada esa, mamlakat mehnat bozorini isloh qilish, yaratilayotgan yangi ish oʻrinlarining yanada jozibadorligini oshirish kabi maqsad sari muhim qadamlar tashlanmoqda.

    Suhrobjon Uzoqov,

    Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi

    Toshkent shahar hududiy boʻlinmasi masʼul xodimi