Konstitutsiya – erkin va farovon hayotimiz kafolati

    Mamlakatimizda 1 Dekabr 2022 3871

    Davlat va jamiyat hayotining asosiy tamoyillarini belgilab beruvchi, inson huquq va erkinliklarining huquqiy kafolati vazifasini oʻtovchi Konstitutsiya – nafaqat davlatchilikning muhim ramzi, balki har bir xalqning milliy gʻururi va oʻz-oʻzini hurmat qilishining huquqiy timsoli hamdir.

    Shu bois mamlakatimizda har yili dekabr oyi boshida Konstitutsiya dekadasini nishonlash odat tusiga kirgan. Bu yil Asosiy qonunimizning 30 yilligi tantanalari konstitutsiyaviy islohot jarayonlari bilan uygʻunlik va hamohanglik kasb etyapti.

    Umumxalq muhokamalarida fuqarolar tomonidan kelib tushgan 160 mingga yaqin takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 76 ta moddalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga koʻra, Asosiy qonunni 15 ta yangi modda va 1 ta yangi bob bilan toʻldirish rejalashtirilgan.

    2022-yil 1-dekabrda boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi – inson qadrini ulugʻlash, erkin va farovon hayotimiz kafolati” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida shu haqda soʻz bordi. Konstitutsiyamizning 30 yilligiga bagʻishlangan ushbu anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti va Toshkent Davlat transport universiteti hamkorligida tashkil etildi.

    Konferensiya doirasida oʻtgan yillar mobaynida Asosiy qonunimizning bosib oʻtgan yoʻli xususida fikr almashildi. Shu maqsadda yalpi majlis va bir nechta shoʻbadan iborat yigʻilishlarda qizgʻin muhokamalar oʻtkazildi.

    Yalpi majlisda Konstitutsiyaviy komissiya raisi, Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti qoshidagi Oʻzbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash raisi, akademik A.Saidov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi, Davlat va huquq instituti direktori M.Turgʻunov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlimni rivojlantirish va ilgʻor texnologiyalarni joriy etish tadqiqotlari markazi direktori Sh.Yaqubov maʼruza qildi.

    Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining jamiyat va davlat hayotini yangi bosqichga koʻtarishdagi roli alohida taʼkidlandi. Xususan, taʼlim tizimida Konstitutsiyani oʻrganishning nazariy va amaliy jihatlari, xalqaro huquq va milliy qonunchilikning oʻzaro taʼsiri muammolari tahlil etildi.

    Muhokamalarda Davlat va huquq instituti xodimlari – boʻlim mudiri M.Baratov, O.Oqyulov, N.Azizov, R.Nazarov, shuningdek, Toshkent Davlat transport universiteti vakillari – kafedra mudiri A.Dadasheva, B.Yuldashev qatnashdi.

    Soʻzga chiqqanlar tomonidan Konstitutsiyamizning milliy davlatchilikni shakllantirishdagi oʻrni, ijod erkinligining konstitutsiyaviy asoslari, konstitutsiyaviy normalarning amaliy ijrosini taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlari xususida atroflicha fikr yuritildi. Asosiy qonunimiz inson qadr-qimmati, jamiyat erkin va farovon hayotining kafolati ekani yana bir bor eʼtirof etildi.

    Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi yakunida besh jildlik “Konstitutsiyaviy islohotlar: dunyo mamlakatlari tajribasi” kitobining uch jildi, “Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar Konstitutsiyalari” va “Jahon Konstitutsiyalari” kitoblari taqdimoti boʻlib oʻtdi.

    Davlat va huquq instituti xodimlari tomonidan tayyorlangan ushbu nashrlar konstitutsiyaviy-huquqiy savodxonlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi kitoblar mamlakatimiz Asosiy Qonunining 30 yilligiga moʻjaz va munosib sovgʻadir.

    Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.