Taʼlim va ilmiy rivojlanish yoʻlidagi yangi davr

    Fikr 3 Dekabr 2024 153

    2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining qabul qilinganiga 32-yil toʻladi.

    Konstitutsiya, huquqiy davlat qurishdagi asosiy hujjat boʻlib, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu davr mobaynida mamlakatimizda muhim ijtimoiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi.

    2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumida umumxalq ovoz berish yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilindi. Konstitutsiyaning yangi tahriri mazmunan va shaklan yanada takomillashgan boʻlib, jamiyatimizning barcha sohalarini, jumladan, oliy taʼlim, fan va yoshlar bilan bogʻliq masalalarni qamrab oldi. Konstitutsiyada taʼlim va ilm-fanning rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan davlatning masʼuliyati, yoshlarning ijodiy va intellektual rivojlanishiga yoʻnaltirilgan huquqiy va ijtimoiy majburiyatlar aniq belgilab qoʻyilgan. Bu esa mamlakatimizning kelajakdagi taraqqiyoti uchun muhim qadam boʻlib, oliy taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasidagi islohotlarning mustahkam huquqiy asosini yaratdi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi taʼlimga alohida eʼtibor qaratib, unda oliy taʼlim muassasalari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilagan. Konstitutsiyaning 51-moddasiga koʻra, har bir fuqaro oliy taʼlim olish huquqiga ega. Bu huquqning amalga oshirilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi shart. Konstitutsiyada belgilangan ushbu normada, eng avvalo, fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli ekani qayd etilgan.

    1992-yili qabul qilingan Konstitutsiyada oliy taʼlimga va uning huquqiy asoslariga alohida eʼtibor berilgan boʻlsada, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada taʼlim muassasalarining akademik erkinligi, oʻzini oʻzi boshqarish va tadqiqotlar oʻtkazish huquqlari mustahkamlangan. Bu yoshlarning bilim olish va ilmiy ishlarni olib borishdagi erkinligini taʼminlashga, taʼlim tizimining zamon talablariga moslashtirishga qaratilgan muhim qadamdir.

    Taʼlim tizimini yanada rivojlantirish va zamon talablariga moslashtirishga qaratilayotgan tadbirlar, xususan Konstitutsiyamizda belgilab qoʻyilgan – akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqlari Oʻzbekistonda taʼlim tizimini zamon talablariga moslashtirishda muhim rol oʻynamoqda. Hozirda respublikamizda talabalar soni 1 mln 400 ming nafardan oshib, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 39 foizga yetdi. Shu bilan birga oliygohlarimizdagi taʼlim sifati ham sezilarli oʻsib bormoqda.

    Birgina 2024-yilda 6 ta oliygohdagi 38 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazildi, bu esa Oʻzbekiston oliy taʼlimiga xalqaro talablarga moslashish va yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi. Shu bilan birga, 9 ta xorijiy oliygoh bilan hamkorlikda 15 ta qoʻshma taʼlim dasturi tashkil etildi.

    Oliy taʼlim muassasalarimizning xalqaro reytinglarda muvaffaqiyatga erishayotganini ham alohida qayd etish lozim. Joriy yilda “QS” xalqaro reytingida “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” MTU (547-oʻrin) va Oʻzbekiston Milliy universiteti (781-790-oʻrin) TOP-1000 talik roʻyxatidan oʻrin oldi. 3 ta oliygohimiz esa “Times Higher Education” xalqaro reyting tashkiloti tomonidan eʼlon qilingan World University Rankings-2025 TOP-1000 oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxatini egalladi. Bu, oʻz navbatida, Oʻzbekiston taʼlimi darajasining xalqaro miqyosda tan olinayotganini va mamlakatimizning taʼlim tizimining rivojlanishini anglatadi.

    Mazkur natijalar taʼlim sohasidagi islohotlarning samarasini koʻrsatadi va Konstitutsiyada belgilangan prinsiplarning amalda ishga tushirilganini anglatib, taʼlim tizimini global darajada muvaffaqiyatli rivojlantirishga asos solmoqda.

    Konstitutsiyaning 52-moddasi oʻqituvchilarning mehnati va farovonligiga alohida eʼtibor qaratadi. Yangilangan Konstitutsiyada ushbu moddada oʻqituvchilarning qadr-qimmati, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy oʻsishi hamda himoya qilish masalalariga kengroq eʼtibor berilgan. Bu orqali taʼlim sohasidagi inson kapitalini qoʻllab-quvvatlash, mutaxassislarning shaxsiy va professional oʻsishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan muhim qadamlar qoʻyildi.

    Eski Konstitutsiyada oʻqituvchilarning qadr-qimmatiga va ijtimoiy himoyasini taʼminlashga oid qonunlar mavjud boʻlsada, ularning ijtimoiy muhofazasini aniq belgilagan modda mavjud emas edi. Yaʼni, oliy taʼlim sohasida oʻqituvchilarning ijtimoiy himoyasiga oid chegaralar va aniq huquqiy mexanizmlar belgilanmagan edi. Yangi Konstitutsiyada esa bu masalaga ahamiyat berilib, oʻqituvchilarning mehnati va farovonligiga katta eʼtibor qaratilgan. Konstitutsiyada davlatning oʻqituvchilarning ijtimoiy va moddiy farovonligini taʼminlash, ularning kasbiy oʻsishini ragʻbatlantirish va qadr-qimmatini himoya qilish haqida aniq normalar belgilab qoʻyilgan.

    Professor-oʻqituvchilarning kasbiy oʻsishini ragʻbatlantirish boʻyicha misol tariqasida birgina 2024-yilda 3 450 nafar professor-oʻqituvchilar xorijda malaka oshirganini keltirish mumkin. 2025-2030-yillarda esa xorijda malaka oshirgan yoki stajirovka oʻtagan professor-oʻqituvchilar ulushi 20 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Professor-oʻqituvchilarning xorijda malaka oshirarkan, ular yangi bilim va tajribaga ega boʻldi, bu, oʻz navbatida, mamlakatimizning taʼlim tizimini xalqaro darajadagi standartlarga moslashtirishga va ilgʻor pedagogik usullardan foydalanishga xizmat qiladi.

    Konstitutsiyada belgilangan yangi prinsiplar, ayniqsa, innovatsion faoliyatni rivojlantirishga yordam bermoqda. Tadqiqotlar va ilmiy ishlanmalarning dastlabki bosqichidagi yangi gʻoyalar va innovatsion loyihalarga qoʻllab-quvvatlashni taqozo qiluvchi qonunlar, mamlakatimizning yuqori taʼlim tizimini xalqaro tajribalar bilan uygʻunlashtirishga yoʻl ochdi. Konstitutsiyaning 53-moddasida ilmiy va texnik ijod erkinligi kafolatlangani, innovatsion faoliyatning mustaqil rivojlanishini taʼminlash maqsadida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini nazarda tutadi.

    Mamlakatimizda ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar hozirgi kunda nafaqat universitetlar va tadqiqot institutlari, balki innovatsion texnoparklar va biznes-inkubatorlarda ham faol olib borilmoqda. 2024-yilda respublikamizda 360,7 milliard soʻmlik 245 ta ilmiy loyiha moliyalashtirildi, tijoratlashtirish loyihalari doirasida qiymati 260 mlrd soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

    Konstitutsiyaning 53-moddasi ilmiy, texnik va madaniy ijod erkinligini taʼminlashga va intellektual mulkni muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratgan. Eski Konstitutsiyada ilmiy va texnik ijod erkinligiga oid huquqlar belgilangan boʻlsada, intellektual mulkni muhofaza qilishga oid qonunchilikning takomillashtirilish zaruriyati mavjud edi. Yangilangan Konstitutsiyada esa intellektual mulkning muhofaza qilinishi aniq belgilab berildi.

    Endilikda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida intellektual mulkni muhofaza qilish davlatning muhim vazifalaridan biri sifatida belgilandi. Ilmiy, texnik va madaniy ijod erkinligi fuqarolarning yangidan-yangi gʻoyalar, ilmiy va ijodiy ishlanmalarni yaratishda erkin harakat qilish huquqini kafolatlaydi, shu bilan birga ularning natijalari boʻlgan intellektual mulkni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilikni ham kuchaytirishga qaratilgan. Bunda, har qanday ijodiy faoliyatning natijasi boʻlgan intellektual mulkning muhofazasi va uning qonunli egasiga berilishi masalalari aniq belgilangan.

    Konstitutsiyaning 79-moddasi davlatning yoshlar huquqlarini himoya qilish va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantirishga qaratilgan muhim normalarni oʻz ichiga oladi. Mazkur moddada yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarini himoya qilish va ularning hayotdagi ishtirokini taʼminlash maqsadi koʻzda tutilgan. Bu orqali oʻsib kelayotgan avlodning har tomonlama rivojlanishi va faol jamiyat aʼzosi boʻlishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

    Yangilangan Konstitutsiyada yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishiga alohida eʼtibor beriladi. Buning natijasida ularning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlikka erishishga va dam olishga boʻlgan huquqlari amalga oshiriladi. Davlat yoshlarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishini taʼminlash uchun barcha zarur resurslar va imkoniyatlar bilan taʼminlashga ahamiyat qaratadi.

    Yoshlarning jamiyat hayotiga faol ishtirok etishlari, ularning oʻz fikrlarini erkin bildirishlari va davlat ishlarida ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Bundan kelib chiqib, Konstitutsiyada yoshlarga oid davlat siyosati va ularning huquqlarini himoya qilishga bagʻishlangan normalar, ularning ijtimoiy va iqtisodiy faoliyatini taʼminlashda muhim qadamlardir.

    Konstitutsiyada yoshlarning taʼlim olish huquqi va ularning ijtimoiy rivojlanishini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilgan. Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish maqsadida 2024-yilda amalga oshirilgan muhim qadamlardan biri – oliygohlarga qabul “avval test, soʻng tanlov” tamoyilida tashkil etildi. Bu amaliyot yoshlarga taʼlim olishda teng imkoniyatlar yaratish, ularning har birini sogʻlom raqobat muhitida oʻqishga jalb qilish maqsadida joriy qilingan.

    Shuningdek, yangi Konstitutsiya yoshlar uchun taʼlim sohasidagi barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning ijtimoiy rivojlanishini taʼminlash va jamiyat hayotida faol ishtirok etishlarini ragʻbatlantirishga qaratilgan qator ijobiy qadamlarni oʻz ichiga oladi.

    Oʻzbekistonda yoshlarning taʼlim va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan turli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shulardan “Maʼrifat ulashib” va “Adabiy-maʼrifiy haftaliklar” loyihalari doirasida 205,9 ming nafar talaba va oʻquvchilar qamrab olingan. Bu tadbirlar yoshlarning maʼnaviy rivojlanishini va bilimlarini oshirishga qaratilgan muhim qadamlar boʻldi.

    Oʻz navbatida, respublikamizning barcha oliygohlarida 9 ta sport turi boʻyicha 11 448 ta jamoa ishtirokida “Talabalar ligasi” sport musobaqalari oʻtkazildi, bu yoshlar orasida sportga boʻlgan qiziqishni oshirish va salomatlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Bundan tashqari, ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda 892 ming nafar talabalar orasida 10 412 ta profilaktik tadbirlar oʻtkazildi. Bu tadbirlar yoshlar oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, salomatlikni saqlash va ijtimoiy xatarlarni kamaytirish maqsadida tashkil etildi. Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan yoshlarning ijtimoiy rivojlanishini taʼminlash, ularga yordam berish va faol ishtirokini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirilgan qator tadbirlar ushbu maqsadlarga erishishda muhim ahamiyatga ega.

    Oliygohlarda talabalarning turar joylarini va oʻqish uchun zarur sharoitlarni yaratish davlatning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Konstitutsiyaga muvofiq, yoshlarning taʼlim olishga boʻlgan huquqi taʼminlanishi uchun talabalarga qulay va zamonaviy shart-sharoitlar yaratish talab qilinadi. 2024-yilda 15 240 oʻrinli talabalar turar joyi va 4 000 oʻrinli oʻquv binolari yaratildi. Shu bilan birga, davlat oliy taʼlim muassasalarining barcha bosqich talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish toʻliq raqamlashtirildi. Bu tadbirlar talabalarning taʼlim olish jarayonida oʻzlarini erkin his etishlari va ijtimoiy rivojlanishga katta imkoniyat yaratishga qaratilgan muhim qadamlardan hisoblanadi.

    Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatimizning barcha sohalarini, ayniqsa, taʼlim, fan va yoshlar bilan bogʻliq masalalarni qamrab olgan holda, jamiyatimizning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishida muhim rol oʻynaydi. Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan huquqiy normalar va prinsiplar, ayniqsa, taʼlim tizimidagi islohotlar, akademik erkinlik va ilmiy tadqiqotlarning rivojlanishiga qaratilgan yoshlar va professor-oʻqituvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar davlatning taʼlim sohasidagi olib borayotgan izchil va samarali siyosatida muhim ahamiyatga ega.

    Qoʻngʻirotboy SHARIPOV,

    oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri