Milliy mafkura va maʼnaviyat oʻz-oʻzidan ado etilib ketilaveradigan vazifa emas. Har qanday mamlakat taraqqiyotiga erishish, xalq tinchligini saqlash, turli ijtimoiy qatlam, diniy konfessiyalar, millat va elat, jinslar oʻrtasida tenglik siyosatini yuritish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga rioya qilish, xalqaro maydonda yuksak obroʻ-eʼtibor qozonishni taʼminlash uchun hamisha mustahkam, har taraflama takomillashgan, yangi zamon talablariga toʻla javob beradigan mukammal tizim yaratilishi va jamiyatda milliy mafkura va maʼnaviyat targʻiboti texnologiyasi faol ishlab turmogʻi zarur.

Jamiyatni uch muhim tizim – qonun, mafkura va maʼnaviyat boshqaradi. Qonunlarni davlat qabul qiladi. Milliy mafkura xalqniki hisoblanadi. Maʼnaviyat esa koʻp asrlik milliy va umuminsoniy qadriyatlarga suyanadi. Biroq bu uch tizim bir-birini inkor etmasligi, bir-biriga zid gʻoya yoki qatʼiyatlarni oʻrtaga qoʻymasligi, bir-birining faoliyatiga xalaqit bermasligi, aksincha, bir-birini qoʻllab-quvvatlashi, toʻldirishi shart. Sodda aytganda, milliy mafkura gʻoyalariga sadoqatli va maʼnaviyati yuksak shaxsdan, soʻzsiz-shubhasiz, davlat qonunlariga qatʼiy amal qilib yashash ham talab etiladi.

Mamlakatimizda mustaqillik yillarida tamoman yangi milliy mafkura va maʼnaviyat tizimi shakllantirildi. Modomiki, xalqning orzu-intilishlari, maqsad-muddaolari, manfaatlari, qiziqishlarini ifodalab, ularni himoya qilishga qaratilgan gʻoyalar tizimi (yigʻindisi, majmuasi) “milliy gʻoya”, buni hayotga bevosita tatbiq etish esa “milliy mafkura” boʻlsa, bu – bizda bor, shakllangan, ishlayapti va takomillashib boryapti ham.

1994-yilning 23-aprelida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tashkil etildi. 1999-yili Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi tuzildi. Unga hozirgi paytda mamlakat Prezidenti raislik qiladi. Mintaqa va hududning birinchi rahbari – oʻsha mintaqaviy va hududiy Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi. Maktabgacha taʼlim, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus taʼlim, oliy taʼlim tizimida milliy mafkura va maʼnaviyat asoslari, u bilan bogʻliq taʼlim-tarbiya tizimi mavjud. Ommaviy axborot vositalari, madaniyat tashkilotlari, adabiyot va sanʼat mohiyat eʼtibori bilan bevosita milliy mafkura va maʼnaviyat targʻibiga xizmat qiladi.

Ammo hayot har kuni, har soatda jamiyat oldiga yangi-yangi, xilma-xil, baʼzan hatto kutilmagan masala qoʻyadi va u oqilona yechim kutadi. Oqilona yechim esa xalqning orzu-intilishlari, maqsad-muddaolari, manfaatlari, qiziqishlaridan kelib chiqishi, eng muhimi, unga aslo zid kelmasligi kerak. Demak, milliy mafkura ham, bunga bogʻliq holda maʼnaviyat ham tinimsiz ravishda zamonga mos xulosa va pozitsiyani talab etadi. Milliy mafkura va maʼnaviyat sohasining murakkabligi ham ana shunda.

Fikr va gʻoya maydoni hamisha ikkiga boʻlinadi. Jamiyatda ezgu gʻoyalar yonida buzgʻunchi gʻoyalar ham yuraveradi. Xalq maqolida donolarcha aytilganidek, el ogʻziga elak tutib boʻlmaydi. Elak-ku tutib boʻlmas, biroq bu ikki bir-biriga zid gʻoyalar tinimsiz toʻqnash kelaveradigan jamiyatda fuqaro unisiga ishonsinmi yo bunisigami? Bu yogʻi – endi ogʻir masala, hatto oʻta murakkab jarayon. Chunki har kimning ixtiyori oʻzida-da. Shunday ekan, hammaning ham aynan ezgu gʻoyalar tarafdori boʻlishiga kim kafolat beradi? Eng yomoni, tarqatilayotgan har qanday fikr, xabar, gʻoya yoki mafkura orqasida turgan manfaatdor kuchlar bor.

Кeyingi yillarda ijtimoiy tarmoqlar kutilmagan darajada kuchayib ketdi. Bugun internetga oʻrgangan odamni bir kun undan uzib qoʻying, qani, nima boʻladi? Olamni boshiga koʻtaradi. Yashirib nima qildik, hozirgi zamonda odam bolasining, katta zarurat boʻlmasa, bir kun ham ovqat yemay, suyuqlik ichmay yashashini tasavvur qilib boʻlmagani singari qoʻlida zamonaviy telefoni yo kompyuteri bor kishilarning ijtimoiy tarmoqlarsiz bir kunini oʻtkazishini ham aqlga sigʻdirib boʻlmay qoldi.

Mafkura va maʼnaviyatning biz yuqorida sanagan tizimlarida-ku muayyan darajada “elak” mavjud. Ehtimol, ularning ezgu gʻoyalar targʻiboti bilan shugʻullanishini taʼminlash, faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati oʻrnatish, qaysidir maʼnoda ishini tartibga solishga erishish mumkindir. Lekin ijtimoiy tarmoqlar orqali tinimsiz, har kuni, har soat, har daqiqa, har soniyada Oʻzbekiston xalqining ong-tafakkuri va qalbini egallashga qaratilgan buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi qanday kurash olib boramiz?

Bugun bu milliy mafkura va maʼnaviyat ishini mustaqillikning dastlabki chorak asridagidan koʻra tamoman boshqa daraja va texnologiyalar asosida olib borishni taqozo etyapti. Shunday ekan, kimlargadir eski boʻlib tuyuladigan dono gapni qayta-qayta takrorlashdan aslo charchamaymiz: fikrga qarshi – fikr, gʻoyaga qarshi – gʻoya, jaholatga qarshi – maʼrifat bilan javob qaytarishga majburmiz. Hayotning oʻzi shuni talab qiladi. Zarurat shuni taqozo etadi.

Koʻngilda bir tahlika mavjud: keyingi yillarda hozirgi 30 yoshgacha boʻlgan aholimizning ong-tafakkurini shakllantirishda koʻp narsani boy berib qoʻymadikmikin? Bugun baʼzilarga qoʻyib bersangiz, hatto “milliy mafkura”, “maʼnaviyat” kabi tushunchalarni “eskirgan”, boringki, “ahamiyatsiz” deb biladi. Bu tushunchalar bir qadar kinoya, sarkazm mavzusiga aylanganini ham inkor etib boʻlmaydi.

Xoʻsh, nima qilmoq kerak?

Bu savolga chiroyli soʻzlar bilan, ikki ogʻizgina qilib yoki dabdurustdan javob qaytarishning hech iloji yoʻq.

Shuning uchun avval bugun bizga aynan nimalar koʻproq tahdid solayotganini bir karra nazardan oʻtkazishga toʻgʻri keladi.

Mustaqilligimizning 32 yilligini nishonlayotgan paytimizda ham eski davrni qoʻmsash xavfi mavjud. Holbuki, ikki jihatdan shoʻro davrini oqlashga aslo haqqimiz yoʻq. Birinchidan, biz mustamlaka edik. Oʻtmishda boʻlsin, hozir boʻlsin, kelajakda boʻlsin, mustamlakachilikni aslo-aslo oqlab ham, qoʻmsab ham, targʻib qilib ham boʻlmaydi. Bu – zanjirband sherning ozod etilganidan keyin yana oʻsha temir bogʻichini sogʻinishiday gap. Ikkinchidan, kommunistik mafkura, taʼbir joiz boʻlsa, 74 yil insoniyat jamiyati ustida siyosiy eksperiment oʻtkazdi. Boylar mulkini qurol bilan tortib olib, ishchi va dehqonga berish gʻoyasi bilan davlat mulkiga aylantirdi. Insonning ichki tabiatiga zid, sunʼiy “sotsializm” degan bir ijtimoiy tuzum qurdi. Odamlarni kelajakda qurilajak “kommunizm” degan utopik bir jamiyat vaʼdasi bilan aldadi. Holbuki, xalqaro meʼyorlar siyosiy eksperiment u yoqda tursin, hatto ayrim davolash usullari boʻyicha odamlar ustida eksperiment oʻtkazishni ham taqiqlaydi. Bu siyosiy eksperiment oʻzini mutlaqo oqlamadi: sotsializmni ilk bor joriy etgan davlatning oʻzi undan birinchilardan boʻlib voz kechdi.

Soʻnggi yillarda jamiyatimizda vaziyat oʻzgarib, yangilanib ketdi. Albatta, milliy mafkura va maʼnaviyat borasida noanʼanaviy yondashuvlar kerak. Biroq mafkuraviy va maʼnaviy-maʼrifiy sohada usul birlamchi emas. Targʻibotda odamga fikriy taʼsir oʻtkazishning har qanday, yaʼni cheksiz usul va uslublaridan foydalanaverish, milliy mafkura va maʼnaviyat targʻibotida anʼanaviy usullarni ham, zamonaviy usullarni ham birday qoʻllash kerak.

Baʼzan ijtimoiy-maʼnaviy muhitni aholi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomalar asosida aniqlamoqchi boʻlamiz. Albatta, hech kim bunga qarshi emas. Ammo, ishoningki, bunday soʻrovnomalar yoʻli asl manzarani toʻliq tasavvur qilish imkonini bermaydi. Birinchidan, soʻrovnomada muayyan savollargina beriladi, xolos. Ikkinchidan, bunda baribir aholining juda-juda oz qatlamigina qamrab olinadi. Uchinchidan, bizda hozircha bunday paytlarda odamlarimiz yuragidagi chinakam, asl munosabatini ifodalashdan koʻra, koʻproq boshqalar nima deyayotganiga qarab ish koʻrishga moyilroq.

Agar ikki kishi soʻzlashayotgan har qanday makon mafkura poligoni boʻlsa, milliy mafkura va maʼnaviyat holatini aniqlashtirishning juda koʻp tarmoqlarga ega kompleks tizimi ishlashi zarur. Milliy mafkura va maʼnaviyat masalasini, hayotdan, boringki, siyosat va iqtisodiyotdan ayri, faqat axloq-odob, maʼrifat, madaniyat, adabiyot, sanʼatdangina iborat, deb tushunadiganlar jiddiy xato qiladi.

Haqiqat fikriy kurashda oydinlashadi. Shunday ekan, bugun jamiyatga tahdid solayotgan yot gʻoyalar aynan nimalardan iborat? Kimlar bu gʻoyalar orqasida turibdi? Aholining aynan qaysi toifasi yot gʻoyalar taʼsiriga oson tushib qolyapti? Qanday sabab va omillarga koʻra, bu toifa odamlar fikran ogʻyapti? Bu holatlarning jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy sabablari nimalardan iborat?

Bugun axborot maydonida Oʻzbekistonimizda oshkora yo pinhona tarzda davlat va xalq oʻrtasini buzishga qaratilgan qattiq kurash ketyapti. Bundan koʻz yumishning aslo imkoni yoʻq. Shu maqsadda dushmanlarimiz ijtimoiy tarmoqlardan juda unumli foydalanmoqda. Xalq ongida shunday tasavvur uygʻotilyaptiki, goʻyo davlat idoralarida ishlayotganlarning koʻpchiligi – oʻgʻri, kazzob, poraxoʻr emish. Astagʻfirulloh!.. Goʻyoki davlat idoralari xodimlarining faoliyati faqat mamlakat boyliklarini oʻzlashtirish, xalqni talashdangina iborat boʻlib qolgan. Holbuki, mustaqillik bayramida nimani nishonlaymiz oʻzi? Aynan davlatga ega boʻlganimiznimi? Axir, davlat xalqning eng katta boyligi emasmi?

Bir narsaga aniqlik kiritib olaylik: davlatni qoralash – boshqa, davlat idoralari xodimlari faoliyatidan norozilik – tamoman boshqa narsa. Yot gʻoyalar targʻibotchilari aholining katta qismi ana shu ikki nozik tushunchani farqlab ololmasligidan foydalanib, davlat idoralari xodimlari faoliyatini tanqid qilish orqali zimdan davlatning oʻziga zarba berib, fuqarolarni oʻz milliy davlatiga qarshi qayrashni koʻzda tutyapti. Noqonuniy faoliyati bilan xalqning oʻz milliy davlatiga ishonchini yoʻqotishiga sabab boʻlayotgan xodimlar yoʻq emas, albatta. Ammo davlat ularning kasriga qolmasligi kerak.

Baʼzi professional jurnalistlar ham: “Ommaviy axborot vositalarining asosiy vazifasi – xalqning dardini davlatga aytish”, deganiga koʻp guvoh boʻlamiz. Nima, ommaviy axborot vositalari davlat siyosatini xalqqa yetkazish bilan shugʻullanmasligi kerakmi? Ammo ayrim ommaviy axborot vositalarining faqat davlat siyosatini targʻib qilish bilangina shugʻullanib qolayotganidan koʻz yumib boʻlmaydi. Yoki “xalq dardini davlatga yetkazaman”, degan aqida bilan bilib-bilmay davlat siyosatiga befarq yoki qarshi targʻibotga oʻtib ketilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Har qanday tanqid pragmatik boʻlishi kerak. Davlat siyosatining ayrim jihatlari haqida asosli tarzda mulohaza bildirish madaniyati shakllanishi zarur.

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat, Konstitutsiya, qonunlar va boshqa huquqiy-meʼyoriy hujjatlarga ochiqdan-ochiq provakatsion munosabatlar boʻlyapti-yu, hech kim bunga rasmiy, asosli, mantiqli, professional darajada javob qaytarmayapti. Bir xato fakt, qarash, gʻoya inkor etilmas ekan, xalq uni shundayicha qabul qilmaydi, deb kim kafolat beradi?

Mafkura borasida esa mavzu yoki masalaning katta-kichigi boʻlmaydi.

Achchiq haqiqat shundan iboratki, tabiatiga koʻra, keng omma fikran ogʻishga moyilroq boʻladi. Dushman shundan foydalanadi. Demak, gʻoyaviy-mafkuraviy, maʼnaviy-maʼrifiy jihatdan xalqni toʻgʻri yoʻlga yetaklash shu sohalarga masʼul ziyolilarning birlamchi vazifasidir. Hozirgi murakkab mafkuraviy va maʼnaviy vaziyat ilgʻor ziyolilarimizning nihoyatda faollashishini taqozo etadi. Ziyolilarni faollashtirishning tarixda ming karra sinalgan bittagina asosiy yoʻli bor. Bu – ular faoliyatini moddiy manfaatdorlik asosiga qurish. Masalan, agar ommaviy axborot vositalari yaxshi qalam haqi toʻlasa, ishonavering, ijod ahli, soʻzsiz, faollashadi. Bitta lokomotiv koʻplab vagonlarni tortgani singari munavvarlarmiz ham mamlakat ahlini toʻgʻri yoʻlga boshlashi kerak.

Shu yilning 30-aprelida mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy hodisa yuz berdi: referendumda “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. U 1-maydan kuchga kirdi. Endi Bosh qonunimizni omma orasida keng targʻib etishimiz kerak. Biroq Konstitutsiya targʻibotini noprofessional darajalarga tushirib qoʻyishning foydasidan koʻra ziyoni koʻp. Bu odamlarni bezdiradi. Istaysizmi-yoʻqmi, ishga yolgʻon aralashadi. Haqqoniylik va samimiylik oʻrnini yuzakilik, yasamachilik, yaltir-yultirchilik, “ura-ura”chilik va soxtakorlik egallaydi.

Amalda Konstitutsiya va qonunlarni bilmagan fuqarolar faqat va faqat rahbarlari topshirigʻini bajaradi, xolos. Bu topshiriqlarning qonuniymi yoki qonunga zidmi ekani bilan mutlaqo qiziqmaydi. Chunki bilmaydi-da. Aholining ongsizligi hamma zamon va makonlarda ham bir hovuch odamlarga juda-juda qoʻl keladi, bu totalitarizm, monopolizm, avtoritarizm, diktatura, byurokratiya va bashariyatni orqaga tortadigan yana qanchadan-qancha illatlarning soyiga suv quyadi.

Fuqaroning Konstitutsiyani bilmasligi oxir-oqibat uning ziyoniga ishlaydi. Chunki u aynan bilmagani uchun oʻziga berilgan huquq va erkinliklardan foydalanmaydi. Taraqqiyot qonunlarda belgilangan asosda yuz berishi kerak. Boʻlmasa, boshboshdoqlik avj olishi, yaʼni davlat ham chegaradan chiqishi, xalq ham davlatga boʻysunmay qoʻyishi mumkin.

Konstitutsiyani yangilashdan koʻzlangan bosh maqsad – taraqqiyot va yana taraqqiyot. Nima qilsak qilaylikki, mamlakatimiz imkon qadar tezroq ilgʻorlar safidan oʻrin olsin.

Taraqqiy etmasak, boʻlmaydi. Axir, iqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha ayrim yon qoʻshnilarimizdan ham yillar orqada qoldik-da. Buning ham obyektiv, ham subyektiv sabablari bor, albatta. Markaziy Osiyo umumaholisining teng yarmi Oʻzbekistonimizda istiqomat qiladi. Lekin bizda hudud ozroq, aholi koʻp. Bizning yukimiz juda ogʻir. Oʻzimizning xos muammolarimiz ham oshib-toshib yotibdi.

Biroq mamlakat jadal rivojlanish bosqichiga kirganini koʻzimiz bilan koʻrib, qoʻlimiz bilan ushlab, sezib turibmiz. Keyingi yillarda poytaxtimizning Sergeli va Yangihayot tumanlari hududida 1 million aholi uchun yangi uy-joylar bunyod etildi. Bu – katta bir shahar, degan gap. Ana shu koʻp qavatli yangi imoratlar orasidan yerusti metrosi oʻtkazildi. Unda yursangiz, oʻzingizni boshqa bir shahardadek his qilasiz.

Bizda qanday madaniyat, qanaqa yuksak tamaddun ravnaq topgan, ajdodlarimiz bashariyat umumtaraqqiyotiga qanday ulkan hissa qoʻshgan! Oʻsha xalqning avlodi sifatida rivojlanishga har birimiz qoʻlimizdan kelgani qadar hissa qoʻshishimiz zarur. Shuning uchun yangilangan Konstitutsiya davlatning gardaniga ham, xalqning boʻyniga ham yangi-yangi vazifalar yuklaydi. Endi shuni ogʻishmay amalga oshirish shart boʻladi.

Sultonmurod OLIM,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi