Koronavirus infeksiyasiga chalingan qoraqalpogʻistonlik bemor oʻpka va oʻtkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi

    Tashvishli xabar 30 Iyun 2020 1256

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Taxiatosh tumanida yashovchi, 62 yoshli B.Ya. (erkak) joriy yil 10-iyun kuni Qozogʻistondan kelganligi sababli Karantin markaziga joylashtirilgan.

    15-iyun kuni esa hamroh kasalliklari tufayli Yakkasaroy tuman shifoxonasiga yotqizilgan.

    19-iyun kuni unda koronavirus aniqlangan va Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasiga oʻtkazilgan hamda oʻtgan kunlar davomida reanimatsiya boʻlimida boʻlgan.

    Unga yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali yurak, buyrak, jigar yetishmovchiligi kabi qator kasalliklar boʻyicha tashxis qoʻyilgan.

    Bemor bundan avval, oxirgi 5 yil davomida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, surunkali yurak va jigar yetishmovchiligi tashxisi bilan davolanib kelgan.

    Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli yetakchi shifokorlar, shuningdek, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan telemeditsina orqali konsiliumlar oʻtkazilib, doimiy nazoratga olingan.

    Biroq shifokorlarning standartlar asosida oʻtkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor oʻpka va oʻtkir nafas yetishmovchiligidan vafot etdi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.