Zavod texnik ishlab chiqarish bo’limi boshlig’i Baxtiyor Tohirovning ma’lumotiga ko’ra, 2020 yilning o’tgan 10 oyi davomida reja bo’yicha 4200 tonna mis quvurlari ishlab chiqarilishi belgilangan bo’lib, amalda 4597 tonna mahsulot tayyorlangan.
2880 tonna mis quvurlari eksport qilinishi rejalashtirilgan bo’lib, amalda 3329,9 tonna xorijiy importyorlarga mis quvurlari yetkazib berilgan.
Ichki bozordagi iste’molchilarga esa 1344,4 tonna mis quvurlarlari yetkazib berilgan bo’lib, bu yo’nalishda ham reja oshig’i bilan bajarilgan.
Murakkab pandemiya sharoitida ham mehnat jamoasi tomonidan bir zum bo’lsa ham texnologik jarayon to’xtatilgani yo’q. Aksincha har bir yo’nalish bo’yicha yuqori mehnat marralari zabt etilmoqda. Ayniqsa, koronavirusga chalingan bemorlarga zarur bo’lgan kislorod konsentratorlari uchun zarur ehtiyot qism - mis quvurlari Respublikamizdagi barcha tibbiy muassasalarga yetkazib berildi.

Shu kungacha Angren quvur zavodi mehnat jamoasi tomonidan kislorod konsentratorlari uchun jami bo’lib 26 tonna mis quvurlari yetkazilgan. Bu esa qanchadan-qancha yurtdoshlarimizning sog’liklarini tiklashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Ayni kunlarda zavodda 180dan oshiq turli hajmdagi mis quvurlari tayyorlanmoqda. Zavod mehnat jamoasi tomonidan o’zlashtirilgan yangi mahsulot - mis shtanglari Mis eritish zavodida elektroliz vannalari uchun asqotmoqda. Shuningdek, MEZdagi Vanyukov pechi futerovkasida ishlatiladigan kesonlar uchun 65x65 mm hajmdagi kvadrat quvurlar ham ishlab chiqarilmoqda.
Bundan tashqari, kombinat korxonalaridagi energetika xizmatlariga elektr kabellarida qo’llaniladigan nakonechniklar ham zavodda tayyorlab berilmoqda.

Zavod mehnat jamoasi nafaqat ishlab chiqarish sohasida balki boshqa sohalarda ham faol. Masalan zavod hududida keng qamrovli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ishchi-xodimlarga qulaylik yaratish maqsadida yopiq turdagi avtoturargoh barpo etilmoqda. 1,2 sotix maydondagi issiqxonaga ekilgan turli xil gullar hamda pomidor ko’chatlari baravj yetilmoqda. O’zida quyosh batareyalarini jamlagan geliotizim esa zavodni issiq suvga bo’lgan talabini bemalol qondirib kelmoqda. Mazkur tizim borligi uchun yilning aprel-oktyabr oylarida zavodda umuman tabiiy gaz ishlatilmaydi. Bu esa tabiiy gaz tejalishiga imkon beradi.
Angren erkin iqtisodiy zonasida faoliyati yuritib kelayotgan kombinat tarkibidagi quvur zavodi mehnat jamoasi 2020 yilga belgilangan rejalarni bajarish arafasida. Zavod direktori Eryigit Sulaymonovning ta’kidlashicha, noyabr oyi oxirida yillik reja muddatidan avval bajariladi. Bu esa zavodda ishning to’g’ri tashkil etilganini, har bir ishchi-xodimning o’z ishiga sidqidildan yondoshishini anglatadi.