Bugun koronavirus infeksiyasining yangi shtammi homilador ayollarni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq. Xoʻsh, bu kasallik boʻlajak onalarda qanday kechmoqda? Yangi mutatsiya ular uchun qanchalik xavfli? Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi tugʻruq boʻlimi rahbari Yulduz Eshonova mavzu yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.

-Homilador ayollarda nafaqat COVID-19, balki boshqa kasalliklarni yuqtirib olishga ham moyillik yuqori, — deydi Yu. Eshonova — Sababi bu davrda immunitet susayib, organizmning kasalliklarga qarshi kurashuvchanligi pasayadi. Shu bois ular oʻzlarini imkon qadar turli xastaliklardan asrashi zarur.

Biroq koronavirusning yangi shtammidan ortiqcha xavotirlanish va sarosimaga berilish ham yaramaydi. Chunki ayni payt kasallik aksariyat bemorlar, ayniqsa, homiladorlarda oddiy belgilar bilan namoyon boʻlyapti.

Xususan, xastalik:

umumiy holsizlik;
tana haroratining oshishi;
bosh ogʻrigʻi;
mushak va boʻgʻimlarda ogʻriq;
tomoq ogʻrigʻi;
burun bitishi;
aksirish;
ishtahaning yoʻqolishi kabi belgilar bilan kechmoqda.

Bundan tashqari, bemorlarda oʻpkaning zararlanishi deyarli kuzatilayotgani yoʻq. Qonning kislorod bilan toʻyinishi (saturatsiya) pasaymayapti. Tana harorati 1-2 kundan soʻng tushib, organizm 4-5 kundan keyin tiklanishni boshlamoqda.

Agar COVID-19dan uy sharoitida davolanayotgan homilador ayolning tana harorati 38,0 darajaga koʻtarilsa, har 6 soatda 500 mg.dan 1 tabletka paratsetamol ichish tavsiya etiladi.

Shuningdek,
10 kun davomida sutkasiga 1-marta vitamin D - 5000ME;

10 kun davomida sutkasiga 1-marta 100 mgdan sink (rux) preparati;

10 kun davomida sutkasiga 2-marta 250 mg.dan vitamin S qabul qilinadi, xolos.

Qolaversa, koʻp suyuqlik ichish, toza havoda sayr qilish, vitamin va minerallar bilan boyitilgan taomlar isteʼmol qilish kasallikdan tezroq sogʻayishga yordam beradi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.