Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq ma’lumotlar ko‘lamini yanada kengaytirish, ulardan to‘siqlarsiz foydalanishni ta’minlash, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi o‘rinlarda – Milliy kengash), Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik), Bosh prokuraturaning korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha quyidagi tizimni joriy etish haqidagi taklifi ma’qullansin:
har chorakda Agentlik davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qiladi va ushbu jinoyatlar ko‘rsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun Agentlik xodimlari ishtirokida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritib boradi;
har yarim yilda jinoyatlarning oldini olish hamda ularga imkon bergan omillarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar Milliy kengash yig‘ilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib boriladi.
2. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. 2023 yil 1 dekabrdan boshlab Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxati quyidagi ma’lumotlar bilan to‘ldirilsin:
hududlar kesimida “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati to‘g‘risidagi (ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qo‘yilgan sana va ro‘yxatdagi tartib raqami) ma’lumotlar;
bolalarni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (ro‘yxati) to‘g‘risidagi (ariza navbatga qo‘yilgan sana, ro‘yxatdagi tartib raqami, yosh guruhi hamda tashkilot raqami) ma’lumotlar;
davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi (nizom, reglament, yo‘riqnoma yoki boshqa ichki idoraviy hujjat);
markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qo‘yiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim bo‘lgan hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi ma’lumotlar, shu jumladan, g‘olib bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi ma’lumotlar.
4. Agentlikning quyidagi jarayonlarni internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:
a) falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan o‘tkaziladigan dissertatsiya himoyasi (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno);
b) o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalarining, (shu jumladan, “Temurbeklar maktablari” harbiy-akademik litseylarining) test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari;
v) oliy ta’lim muassasalari bazasidagi harbiy ta’lim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlarining quyidagi bosqichlari:
umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;
chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik dasturi bo‘yicha bilim darajasini baholash.
5. Agentlikka davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish vazifasi yuklatilsin.
6. Belgilansinki, “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbiri:
davlat organlari va tashkilotlaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) hamda ularning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilingan telefon raqamlarining doimiy ravishda ishchi holatdaligi, ma’lumotlar almashinuvi samaradorligi, qayta aloqaning mavjudligi, shu jumladan, tezkorligi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi darajasini tekshirish maqsadida o‘tkaziladi;
Agentlikning mas’ul xodimlari tomonidan aloqa vositalaridan (telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta va boshqa aloqa kanallari) foydalangan holda masofaviy tartibda o‘tkaziladi;
natijalari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga o‘zining ochiqlikni ta’minlashga oid faoliyatini yaxshilash hamda takomillashtirish uchun ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma yuboriladi.
Bunda quyidagilar taqiqlanadi:
“Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirini o‘tkazishda huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish va undash, shu jumladan, nizoli, bahsli holatlarni va kamchiliklarni sun’iy ravishda keltirib chiqarish;
“Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirini o‘tkazishda Agentlik mas’ul xodimlaridan tashqari boshqa shaxslardan foydalanish;
o‘rganish ob’ektiga tashrif buyurish.
Tadbir natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar vazirlik va idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi, ish beruvchi tomonidan shaxsiy tashabbus ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.
7. Agentlik (A.Burxanov) xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda:
uch oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlarini ochiqlik sohasidagi milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari bo‘yicha o‘qitishga qaratilgan onlayn malaka oshirish tizimini elektron platforma asosida yo‘lga qo‘ysin;
elektron platforma orqali o‘qitilishi lozim bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ularning mas’ul xodimlari ro‘yxati va aniq muddatlarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
elektron platforma o‘quv modullarini yakuni bo‘yicha har bir tinglovchi egallagan bilim va malakasi test sinovidan o‘tkazilib, natijalarini to‘plangan ballar reytingi asosida ochiq e’lon qilib borish tartibini joriy etsin;
elektron platforma modullari qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasi va xalqaro standartlar talablaridan kelib chiqib, muntazam takomillashtirib (to‘ldirib) borsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6247-son Farmoniga 2-ilovaga muvofiq qo‘shimcha kiritilsin.
9. Agentlik uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.E.Burxanov belgilansin.
11. Farmon ijrosi uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2023 yil 27 noyabr