– Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin, kredit foiz stavkalarini sunʼiy pasaytirsak, pul bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun, iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qoʻymasligimiz lozim. Barqarorlik boʻlmasa, iqtisodiy oʻsish boʻyicha koʻzlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.
Bu borada, foiz stavkalariga bevosita taʼsir etadigan inflyatsiyani va yana takror aytaman, inflyatsiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini toʻliq bozor mexanizmlariga oʻtkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.
Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka oʻqitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda.
Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa yoshlarga oʻz gʻoyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablagʻlar jalb qilishga yordamlashadi hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida koʻmakdosh boʻladi.
Umuman, inflyatsiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi.
Oltinchidan, islohotlarimiz uchun oʻta muhim boʻlgan oilaviy tadbirkorlik yoʻnalishida ham 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Endi, bu yangi tizimda odamlarimiz tadbirkorlik uchun kredit olaman deb hokimiyatga, bankka yoki boshqa idoraga borib yurmaydi, asbob-uskunalarni sotib olish uchun taʼminotchini qayerdan topaman deb, bosh qotirishga zarurat qolmaydi.
Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish-sotishgacha boʻlgan barcha jarayonlar elektron tarzda, onlayn hal etiladi. Oʻz navbatida, ushbu platforma taʼminotchi korxonalar uchun ham kamida 10 trillion soʻmlik bozor yaratadi.
Iqtisodiy kompleks rahbarlari Qoʻchqorov, Nurmuratov, tijorat banklari uch oy muddatda joylarda, tadbirkor va aholimizga ushbu qulayliklarni keng tushuntirib, undan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyishni tashkil etishlari zarur.
Bu borada, mahallabay ish tashkil etish boʻyicha “Andijon tajribasi”ni butun mamlakat boʻylab keng qoʻllash lozim boʻladi.
Yettinchidan, koʻplab murojaatlarda biznesni moliyalashtirish manbalarini yana-da koʻpaytirish maqsadida nobank kredit tashkilotlarini ochish va yuritishga boʻlgan mavjud talablarni kamaytirish va yengillashtirish soʻralgan. Bu takliflar bizga juda maʼqul.
Shuning uchun, joriy yil 1-oktyabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi toʻliq bekor qilinadi. Endi, ular faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reyestriga kirishlari kifoya.
Shuningdek, bundan buyon ularga kassa xonalari tashkil etish, hududlarda filiallar ochish uchun Markaziy bankning roziligini olish shart boʻlmaydi.
Ular tomonidan tadbirkorlarga beriladigan mikrokredit (300 million soʻm) va mikrolizing (600 million soʻm) uchun amaldagi cheklovlar ham olib tashlanadi.
Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlariga boshqa tashkilotlardan mablagʻlar jalb qilish, obligatsiyalar chiqarish huquqlari ham beriladi.
Shuningdek, ushbu tashkilotlar xuddi banklar kabi toʻlovlarni qabul qilish vakolatiga ham ega boʻladilar.
Umuman, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan ham kredit bozorida tadbirkorlarimiz uchun yiliga qoʻshimcha 10 trillion soʻm mablagʻ shakllanadi.