— Xalqaro nufuzli anjuman men koʻrishni istagan koʻplab olim va tadqiqotchilarni jamlaganidan xursandman. Bu yerda koʻplab turkiy halqlar olimlari bilan tanishdim, ularning maʼruzalarini birgalikda muhokama qilish baxtiga musharraf boʻldim. Jumladan, Abay nomidagi Qozoq milliy pedagogika universiteti tarix fanlari doktori, akademik Mambet Koygeldiyev, Ege universiteti professori Yavuz Akpina, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, professor Shuhrat Rizayev, Tokio universiteti professori Xisao Komatsular oʻqigan maʼruzalar menda juda katta taassurot qoldirdi.

Men Hamza Hakimzoda Niyoziyning qarashlari va ijodi haqida maʼruza tayyorladim. Hamza aslida bolshevik boʻlmagan, uni bolsheviklashtirishgan. Agar soʻzimga eʼtiroz qilmoqchi boʻlsangiz, uning ijodini yaxshilab oʻrganing. U, asosan, jadidlar gʻoyasini targʻib qilgan. Men konferensiyadagi munozaralar maydonida jadid Marjoniy nomini kashf qildim. Shuningdek, suhbatdoshlarim menga tarjimalarim borasidagi savollar bilan murojaat qilishdi. Choʻlponning “Kecha va kunduz” romani, “Zamona xotin” pyesasi, Isajon Sultonning “Alisher Navoiy”, “Boqiy darbadar” romanlari, Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” qissasini ingliz tiliga oʻgirganman. Menga turkiy xalqlar tili va oʻziga xos talaffuzi juda yoqadi. Tarjima jarayonida bildimki, jadidlar oʻz asarlarida ilgari surgan gʻoyalar bugungi kunimiz uchun ham nihoyatda dolzarbdir.

— Kristofyer, oʻzbek tilini oʻrganishingizga nima turtki boʻlgan? Bugungi kunda ushbu til sharqu gʻarb davlatlari, jumladan, Amerika va Yevropada qay darajada oʻrganilmoqda?

— Yaqindi milliy maʼnaviy taraqqiyot masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻzbek tili targʻiboti borasida eʼtiborga molik mulohazalarni oʻrtaga tashlagani haqida eshitdim. Bu saʼy-harakatlar bejiz emas. Men 2009-yilda oʻzbekchani oʻrganishga kirishgan boʻlsam, shu jarayonda xorijliklar oʻzbek tilini oʻrganishi uchun sifatli qoʻllanmalar juda kamligiga guvoh boʻlganman. Oʻzbekistonda til haqidagi qonun qabul qilinganiga ancha boʻlgan. Xoʻsh, oʻtgan davr mobaynida xorijzabonlarga oʻzbek tilini oʻrgatish uchun moʻljallangan nechta qoʻllanma yo lugʻat yaratildi? Ayni paytda oʻzbek adabiyotshunoslari tomonidan eski oʻzbek tili va ingliz tili lugʻati tayyorlash boshlanganini eshitib, xursand boʻldim. Mana shunday bir sharoitda ham oʻzbek tiliga, Alisher Navoiy asarlariga mehr qoʻya olgan xorijlik tilshunos va adabiyotshunoslarning soni tobora ortib borayotgani quvonarlidir. Vengriyalik olim Benedik Peri, Turkiyaning Amasiya universiteti rektori, professor Metin Orbay, shvetsiyalik navoiyshunos olim Shafiqa Yorqin, Janubiy Koreyaning Pusan chet tillar universiteti professori Azamat Akbar kabilarning maqolalarini oʻqiganimda ular Navoiy oʻz ijodi, badiiyatining qudrati bilan jahon adabiyoti rivojiga katta taʼsir koʻrsatgani, uning bebaho maʼnaviy, ilmiy, badiiy va madaniy-tarixiy asarlari butun insoniyatning bebaho merosi ekanini eʼtirof etishganiga guvoh boʻlganman.

— “Oʻzbek tili XXI asrda” maqolangizda “Movarounnahrda turk tilida birinchi boʻlib yozmagan boʻlsa ham, Alisher Navoiy eski oʻzbek tilining bobosi unvonini qozongan, chunki u birinchi boʻlib turk tilida yaxshi yozgan. U “Muhokamat ul-lugʻatayn” asaridagi son-sanoqsiz goʻzal baytlari bilan turk tilining husni fors tilinikiga nafaqat teng, balki ayrim jihatlarda ustun chiqadi, deb isbot qilgan”, deya taʼkidlagansiz. Keling, ana shu ustun jihatlarga misol tariqasida oʻz mulohazalaringizni aytib oʻtsangiz…

— Alisher Navoiyning vafot etganiga besh yuz yildan ortiq vaqt oʻtganiga qaramay, uning soʻzlari va keltirgan dalillari hali ham oʻz isbotini topmoqda. Biz, albatta, globallashayotgan dunyoda yashaymiz. Oʻzbek tiliga qaraganda jahon boʻylab keng tarqagan tillar – masalan, ingliz, fransuz, rus yo xitoy tili koʻproq ijtimoiy harakatchanlik imkoniyatini beradi. Tarix va mustamlakachilik natijalari shu – taqdirga tan berishga toʻgʻri keladi. Ammo bu zamonaviy fakt Alisher Navoiy merosiga ziyon yetkaza olmaydi, chunki u ijod qilgan turk tili va hozirgi oʻzbek tili oʻziga xos husn va jozibaga ega.

Oʻzbek tilining oʻziga xosligi haqida soʻz borganda, koʻp mualliflar tilning lugʻatidagi durlarni koʻrsatib oʻtadi. Masalan, “zavol” soʻzi boshqa tillarda yoʻq. Mabodo “zavol” haqida aytilmasa, oʻzbek tilining benazir maqollari toʻgʻrisida gapiriladi. Yana bir bor takrorlayman, shaxsan meni lugʻaviy soʻzlar emas, balki oʻzbek tilining sintaksisi yoki soʻzlar tartibi koʻproq qiziqtiradi. Bu tilda oʻziga xos goʻzallik bor.

Oʻzbek tilining sintaksisdagi husni men uchun subyektiv hissiyot hamdir. Tildagi soʻzlar tartibi quloqqa yoqadigan simmetrik kuy tuzadi. Biron gap “men”dan boshlansa “man” bilan tugaydi, “sen”dan esa “san” bilan tugaydi va hokazo. Bu tabiiy simmetriyadan oʻzbekchada har bir gapda toʻlalik yo tugallik hissi bor.

Hazrat Navoiy bu xushohanglikni shubhasiz sezgan boʻlsa kerak, chunki ushbu oʻziga xos ovoz uning turkiy tildagi gʻazal va ruboiylarida betakror ifodalanadi. Ulugʻ mutafakkirning vorislari, jumladan, men shugʻullanadigan va asarlarini ingliz tiliga tarjima qilayotgan XX asr oʻzbek adiblari, oʻz ajdodi merosidan toʻla foydalangan.

Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanini ingliz tiliga oʻgirishga bel bogʻlaganimda romanning birinchi soʻzlarini oʻqishim bilan uning oʻzbek tiliga xos usuli meni oʻziga maftun qilib qoʻygan. Choʻlpon ham xuddi buyuk bobosi Navoiydek oʻzbek tilining oʻziga xos ifoda qilish imkoniyatlarini toʻla tarzda kashf etadi. “Kecha va kunduz” romanining koʻzga tashlanadigan ajoyib istioralaridan biri mana bu: “Oy hali chiqmagan; faqat kechaning qorongʻisiga oʻchakishgan sanoqsiz yulduzlar tepada turib mashʼallarini yondirganlar, xuddi peshona oldida koʻringan eng yorugʻ bir yulduz, piyoz toʻgʻrab yotgan kelinchakning koʻzlariday, pirpirab yonardi”. Albatta, boshqa xalqlarda ham piyoz toʻgʻrash koʻz yoshiga sabab boʻlishi maʼlum, ammo bu istiora oʻzbek oilalaridagi munosabatni ochib beradi va shu zahotiyoq Markaziy Osiyodagi madaniy hayotning oʻziga xos jihatini ifodalaydi.

Globallashuv jarayoniga qaramay, oʻzbek tili jahon tamadduni tarixiga oʻz hissasini qoʻshgan til boʻlgan va boʻladi. Oʻzbek tilining badiiy soʻz ustalari – Navoiy va Choʻlpondek allomalar jahon boʻylab dong taratishga loyiq. Men tarjimon boʻlib, ularning nomini dunyoga tanitishda oʻz hissamni qoʻshayotganimdan baxtiyorman. Ishonamanki, hozirgi zamon Oʻzbekiston yoshlari mutafakkir bobolari merosidan gʻururlanadi va ularni dunyoga tarqatishdan iftixor qiladi.

— 2018-yilning avgustida Toshkentda oʻtgan “Oʻzbek mumtoz va zamonaviy adabiyotini xalqaro miqyosda oʻrganish va targʻib qilishning dolzarb masalalari“ mavzuidagi xalqaro konferensiyada ham ishtirok etib, nutq soʻzlagan edingiz. Oʻsha vaqtda Choʻlpon ijodidagi estetik qarashlar sizni nihoyatda qiziqtirgan. Shunday emasmi?

— Toʻgʻri aytasiz. Inson axloqini bezovchi, goʻzallashtiruvchi omillardan biri estetik tarbiyadir. Bu tarbiyani olgan inson hayot, tabiat goʻzalliklaridan zavqlanadi, gullarga, qushlarga, barcha jonzotlarga mehr-shafqat bilan qaraydi, adabiyotni, musiqani, tasviriy sanʼatni nozik tushunadi. Qaygʻuli, fojiali hodisalardan ham saboq oladi, ruhi poklanadi. Arastu “Poetika” asarida tragediya sanʼatidan estetik zavq olgan tomoshabinning ruhiy poklanishini yunoncha “katarsis” deb ataydi. Bundan estetik tarbiya inson xulqini nafosat bilan bezashi, estetik idealni shakllantirishi haqidagi mushohadalar qadimgi yunon faylasuflarining ham diqqat markazida boʻlgani anglashiladi. Choʻlpon ijodidagi estetik qarashlar borasida bir necha oʻzbek tadqiqotchilari ilmiy izlanishlar olib borgan.

Men “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik asoslari” deb nomlangan xalqaro konferensiyada filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimning maʼruzasini ham zoʻr qiziqish bilan tingladim. Jumladan, tadqiqotchi shunday deydi: “Choʻlponning umumijodini oʻz zamonasidagi umumijtimoiy-siyosiy hodisalar fonida talqin qilish oʻrinli boʻladi. Uning dastlabki asarlarida jadidona kayfiyat, ilm-maʼrifatga targʻib kuchli. Keyinchalik Turkiston muxtoriyati eʼlon qilingan bir pallada u:

“Turkistonlik – shonimiz, Turonlik – unvonimiz,

Vatan – bizning jonimiz, fido oʻlsun qonimiz!

Bizlar temir jonlimiz!

Shavkatlimiz, shonlimiz!

Nomusli, vijdonlimiz!

Qaynagan turk qonlimiz!”,

deb quvonchini yozdi. Biroq bu shodiyona onlar koʻpga choʻzilmadi. Chorizm qiyofasidagi mustamlakachilarning nomi oʻzgarganini koʻngil koʻzi ochiq ziyolilar, jumladan, Choʻlpon va unga mansub adabiy avlod juda yaxshi angladi. Shu bois, ular tenglik, adolat, hurlik “ogʻizda emas, amalda boʻlsin”, degan fikrni matbuotda baralla aytishdi. Bu avlod hurriyat orzusi bilan yashadi, ijod qildi; ozodlikni qoʻmsadi, tenglikni sogʻindi. Ularning ishq-muhabbati negizida ham ozodlik orzusi bor edi. “Qalandardek yurib dunyoni” kezgan shoir Choʻlpon jamiyatdan oʻzi istagan narsasini topa bilmadi va “qaygʻular, alamlar bir-la” oʻziga qaytdi; oʻkinchlar bilan “yerga botdi.”

— Kelajakda oʻzbek adabiyotining yana qaysi namunalarini tarjima qilish niyatingiz bor?

— Ayni paytda yozuvchi Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar” asari ustida ishlayapman. Men tarjimon, tadqiqotchi sifatida bu badiiy asarning mohiyatini, tarixiy ahamiyatini ochib berishga harakat qilyapman. Koʻplab oʻzbek munaqqidlari va yozuvchilari qayd etishicha, adib bosib oʻtgan hayot yoʻli ham, ijod yoʻli ham vijdon yoʻli boʻlgan. U soʻnggi nafasigacha millat dardi bilan yashagani, shu bois, unga juda ogʻir boʻlgani haqida koʻplab maʼlumotlar yozib qoldirilgan. Mamlakatda toza fikrlaydigan odamlar kamayib ketgani, shular ham iqtidorini yangi haqiqat izlashga emas, eskilarini takrorlashga sarf aylaganiga qaramay, Abdulla Qahhor doimo ozod fikr, yangi haqiqatlar uchun — yolgʻizlanish, tanqidu taʼqiblarni pisand qilmasdan kurashgan ekan. Yozuvchining ijodiy nafasidan nomardlik, har qanday gʻirromlik titragan, tubanlik oʻzini panaga tortgan, deyishadi.

Adabiyotshunos Ibrohim Haqqul oʻzining “Abdulla Qahhor jasorati” nomli essesida yozadi: “Konstantin Stanislavskiyning “Sanʼatdagi hayotim” kitobida L. Tolstoy haqida aytilgan bunday bir gap bor: “Uning hayotligida biz “Tolstoy bilan bir zamonda yashash qanday baxt!” der edik. Yuragimiz gʻam-gʻussaga toʻlib-toshganda, hayotda qiynalganda yoki kishilar koʻzimizga yirtqich boʻlib koʻringanda “Yasnaya Polyanada Tolstoy bor-ku!” degan fikr bilan oʻzimizga tasalli berardik”.

Abdulla Qahhor tirikligida oʻzbek ziyolilarida ham shunday bir qanoat va tasalli bor edi. Lekin ishonchim komilki, “Bizning Abdulla Qahhordek benazir yozuvchimiz boʻlgan, u oʻzining boqiy asarlari va oʻlmas jasorati ila doimo biz bilan birga yashayotir”, degan gʻurur-iftixor tuygʻusi bugun ham ijod ahlining mahzun qalbiga umid va jasorat bagʻishlab turadi. Albatta, shunday jasoratli ijodkor asari ustida ishlash menga ham gʻurur va faxr bagʻishlaydi.

Men ingliz tadqiqotchisi sifatida oʻzbek yozuvchisining hikoyalarini kuzatar ekanman, beixtiyor koʻhna Qoʻqon koʻchalarini kezaman. Bu chang koʻchalarda boʻlib oʻtgan har bir voqelikni mahoratli adib koʻzgusidan tomosha qilish juda maroqli. Ayniqsa, uning xalq maqollaridan ustalik bilan foydalangani eʼtiborga molik. Har bir maqolda ishlatilgan qadim soʻzlar maʼnosi va yozuvchining oʻziga xos topqirlik bilan tasvirlagan achchiq va rangin ifodalari katta bir tadqiqot uchun boy arxivdir, desam adashmagan boʻlaman. Eng muhimi, bu qissadagi ertaklar hayotiy ertaklardir. Oʻtmishning noyob bir parchasidir. Uni qalb mikroskopi bilan jonlantirgan, badiiy koʻzguda aks ettirgan ijodkorga tahsin oʻqimay ilojingiz yoʻq.

— Qiziqarli va maroqli suhbatingiz, oʻzbek tili va adabiyotiga yuksak hurmatingiz uchun sizga tashakkur, janob Kristofer. Qolaversa, bizning milliy merosimizni xalqaro miqyosda keng targʻib etishdek olijanob faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilaymiz.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi