Xalqimizning suyukli yozuvchisi Togʻay Murod “Yulduzlar mangu yonadi” qissasida kurash, polvonlik qismatini shunday tasvirlagan. Bu tasvir bizni Boychibor ot boʻlib bepoyon togʻ-u dalalardan gʻolib olib oʻtadi, koʻrganimiz boychechak ochilgan qirlarda kurash tushayotgan bolalar, qumdan gilam yoyib olishayotgan boʻz yigitlar, el ori uchun bel bogʻlagan polvonlar boʻladi. Ming yillarki shunday, kurash — qudratimiz, borimiz, erkimiz timsoliga aylangan.
Bugun kurashimiz zamonaviy sport turi boʻldi. Osiyo oʻyinlaridan mustahkam joy oldi. Dunyo polvonlari “oʻrtaga”, “taʼzim”, “kurash”, “halol”, “yonbosh”, “chala”, “dakki”, “tanbeh”, “gʻirrom”, “bekor”, “teng”, “toʻxta”, “vaqt” degan oʻzbek soʻzlaridan ulgi olib kurashmoqda.
2020-yil 4-noyabr. Bu sana milliy kurashimiz tarixida yorqin sahifa ochgan kun boʻlib qoldi. Shu kuni Prezidentimiz “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Bu, albatta, uzoq kutilgan tarixiy voqelik boʻldi. Oʻzbek sportini dunyoga tanitish borasida yangi davr boshlandi.
Oʻzbekiston kurash federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Komil YUSUPOV bilan ana shu mavzu haqida suhbatlashdik.
— Bu qarorni nafaqat xalqimiz, balki milliy kurashimizning barcha ishqibozlari, polvonlari katta xursandlik bilan kutib oldi. Har kuni chet ellardagi federatsiyalarimiz, xalqaro sport hamjamiyatlari vakillari bizni tabriklab, iliq munosabatlarini bildirmoqda, — deya suhbatimizni boshlab berdi K.Yusupov. — Kurash — milliy qadriyatimiz. Tarixchilarimizning shohidlik berishicha, u 3,5 ming yillik tarixga ega.
Bilamizki, xalqimiz qadimdan toʻylarda kurash tushib, polvonlari bilan faxrlangan. Dastlab koʻngilochar oʻyin sifatida boshlangan kurash keyinchalik mardlik, elning or-nomusi sifatida bizgacha yetib keldi.
Mustaqillik yillarida biz kurashni zamonaviy sport turi sifatida dunyoga tanitdik. Asl, oʻzgarmas qoidalarini ishlab chiqib, qudratini, falsafasini namoyish etdik. Bu millatimizning ulkan gʻalabasi boʻldi. Shu-shu dunyo sport olami bu sportni oʻzbeklar, Oʻzbekiston nomi bilan bogʻlaydi. Bugun deyarli barcha qitʼa polvonlari bayrogʻimizdagi ranglar aks etgan yaktaklarda gilamga tushadi.
Kurashimizning Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritilishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita saʼy-harakatlari, mamlakatda sportga, xususan, milliy sport turlariga boʻlgan eʼtibori mahsulidir. Ilk bor 2018-yili Indoneziyaning Jakarta shahrida oʻtgan Osiyo oʻyinlarida bellashgan polvonlar kurashimiz dovrugʻini dunyoga tanitdi. Bu oʻyinlarni millionlab odamlar tomosha qildi, hakamlar oʻzbekcha aytgan soʻzlarni eshitdi, Oʻzbekiston ramziy ranglari jilolangan yaktaklarga havas qildi.
Davlatimiz rahbarining “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bizni yangi marralar sari chorlabgina qolmay, koʻp yillik orzularimiz amalga oshishining huquqiy asoslarini ham yaratib berdi.
Oldimizga katta maqsad qoʻyildi. Biz milliy kurashimizni keng targʻib qilib, dunyoga tanitamiz, Xalqaro olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritamiz.
Aslida, sport turining Olimpiya oʻyinlari dasturiga kirishi juda katta tarixiy voqea sanaladi. Milliy sportini yoki biron sport turini yaratib, uni dunyoga targʻib qilishga harakat qilayotgan, Olimpiya oʻyinlarida koʻrishni ellik, yuz yillab kutayotgan davlatlar bor.
Oʻzbekiston mustaqil boʻlganiga endi oʻttiz yil boʻladi. Tarixan shu qisqa vaqtda kurashni Olimpiya oʻyinlariga kiritish harakati boshlanganini eshitib, ochigʻi koʻpchilik ishonmaydi, hayron boʻladi, hayratga tushadi. Barmoq bilan sanarli mamlakatlargina oʻzining sportini Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritish sharafiga muyassar boʻlgan. Ulardan ayrimlarini sanab oʻtsak, masalan, Yaponiya dzyudoni, Janubiy Koreya taekvondoni, Angliya futbolni kiritgan. Buning uchun uzoq yillar kerak boʻlgan.
Albatta, kurashni Olimpiya oʻyinlarida koʻrish barchamizning koʻp yillik orzuimiz. Xuddi sportchining asosiy maqsadi Olimpiya oʻyinlarida qatnashish boʻlgani kabi. Hozir bir sportchi maqsadi haqida gapiryapmiz. Endi bir sport turini eng nufuzli sport oʻyiniga butun boshli xalq, mamlakat nomidan manguga kiritish esa juda katta tarixiy hodisa ekanini anglash mushkul emas. Buni davlatlar, xalqlar orzu qiladi. Mana shu maqsadimizga erishishga Prezidentimiz qarori bilan aniq yoʻllanma berildi, tamal toshi qoʻyildi. Yurtimizda jadal yangilanish davri kechayotgan bugungi kunda kurashimiz, albatta, Xalqaro olimpiya oʻyinlari dasturiga kiradi va yangi Oʻzbekiston, xalqimiz nomi oʻz sportini Olimpiya oʻyinlariga kiritgan davlatlar roʻyxatida tarixga muhrlanadi.
— Ishonch bilan gapirishingiz xalqimizga, polvonlarimizga zoʻr ilhom bagʻishlab, kuch berishiga shubha yoʻq. Sharafli yoʻlda turli toʻsiqlar, qiyinchiliklar boʻlishi ham tayin. Shu maʼnoda, keling baʼzi muammolar haqida gaplashsak. Keyingi yillarda murabbiylar tayyorlash, moddiy-texnik bazani yangilash, milliy sportimizni xalqaro miqyosda keng targʻib qilish boʻyicha oqsoqliklar kuzatilayotgandek. Shuningdek, biron sport turining Olimpiya oʻyinlari dasturiga kirishi uchun qatʼiy mezonlar, talablar boʻladi. Ulardan biri sportdagi gender tenglik masalasi. Yaʼni Olimpiya oʻyinlariga daʼvogar sport turi bilan erkaklar qatori xotin-qizlar ham teng shugʻullanishi kerak...
— Olimpiya xartiyasida sport turlarida gender tenglik masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Xalqaro nufuzga daʼvogar sport turi, avvalo, ommaviy boʻlishi, kamida 75 mamlakat shu sportni tan olishi kerak. Bunda xotin-qizlar ham teng huquqli shugʻullanishi asosiy mezondir.
Kurashga xotin-qizlarni jalb etish masalasiga kelsak, muammolar boʻlgani rost. Bu, ayniqsa, sharqona mentalitet hukmron xalqlarda juda ogʻir kechadi. Ota-onalar qizlarini sportga bergisi kelmaydi, iymanadi, andisha qiladi, turli gap-soʻzlardan qochadi.
Kurashda biz ana shu jihatlarni ham eʼtiborga olganmiz, qoidalarni moslashtirganmiz. Birinchidan, ogʻritish, boʻgʻish yoki yerda yotib kurashish kabi usullar taqiqlangan. Yerga tizza tegdimi kurash toʻxtatiladi. Ikkinchidan, yaktaklarimiz ham mentalitetimizga xos. Sport kiyimimiz yopiq, tananing deyarli biron joyi ochiq namoyon boʻlmaydi. Demak, kurash ayollar uchun juda mos sport turi hisoblanadi. Bu, oʻz navbatida, qariyalar, bolalar uchun ham qulay va xavfsiz.
Yana bir gap. Biz milliy kurashimiz asoslarini, qoidalarini ishlab chiqishda qizlarni, albatta, ayol murabbiy shugʻullantiradi, degan talabni kiritganmiz. Bu ham ota-onalar qizlarining kurash bilan shugʻullanishiga qarshilik qilmasligiga yoʻl ochadi.
Bugungi kunda islom mamlakatlarida ham kurash bilan shugʻullanayotgan xotin-qizlar koʻpchilikni tashkil etadi. Hatto chempionlar bor. Yaqinda Afgʻonistonda musobaqa oʻtkazdik. Oʻshanda ikki afgʻon qizi ishtirok etib, chempion boʻldi. Bu musobaqa xalq oldida, televideniye nigohida kechdi. Shu paytgacha Afgʻonistonda qiz bola kurashga tushganini biz koʻrmaganmiz. Bu ham milliy sportimiz yutugʻi.
Yana bir misol. Angliya sport tarixini oʻrgansangiz, Olimpiya oʻyinlari dasturiga kirgan baʼzi sport turlarini ham oʻz mamlakati hududida qabul qilmaganini koʻrasiz. Lekin kurash ularga eng maʼqul sport turi boʻldi. Bugun Angliyada yoshlar ham, xotin-qizlar ham, keksalar ham bemalol bizning kurash bilan shugʻullanishi mumkin.
Yashirmaymiz, hozircha ayol murabbiylarimiz yetishmay turibdi. Prezidentimiz qarorida ham bu masala aniq koʻrsatilgan. Endi biz tegishli vazirliklar, tashkilotlar, oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qabul kvotalarini oshirib, ayol murabbiylar tayyorlashni yoʻlga qoʻyamiz. Bu tezda samara berishiga ishonamiz.
— Gap murabbiylar haqida ketganida 2000-yilni eslaymiz. Shu yili Xalqaro kurash assotsiatsiyasi Xalqaro kurash institutini taʼsis etgan edi. Shu institut oʻz faoliyatini samarali yoʻlga qoʻya olmadi shekilli.
— Oʻshanda oldimizda dunyo uchun murabbiylar tayyorlash masalasi turgan edi. Shu sabab Xalqaro kurash institutini taʼsis etdik. Ammo bu institutning moddiy-texnik bazasi tugul, hatto binosi ham boʻlmagan. Keyin Butunjahon kurash fondini tuzdik. Chunki kadrlar tayyorlash uchun ham, musobaqalar oʻtkazish uchun ham moddiy taʼminot kerak edi.
Afsuski, fondimiz xalqaro musobaqalarni oʻtkazish bilan arang shugʻullandi xolos. Shu bois, bir oylik, bir haftalik kurslarni aytmaganda, bu institut kutilgan samara bermadi.
Ming shukrki, Prezidentimiz qarori bilan bu institut qayta tashkil qilinadigan boʻldi. Uning moddiy-texnik bazasi asoslari ham aniq koʻrsatildi. Endi biz dunyoga kurash boʻyicha murabbiylar yetishtirib beramiz.
— Kurashga qiziqishni bolalikdan boshlash kerakligini yaxshi bilamiz. Bugun bogʻchalar, maktablardagi toʻgaraklar, kurash seksiyalari faoliyati sizni qoniqtiradimi? Bizningcha, kurashni bolalar oʻrtasida targʻib qilish, ularga sharoit yaratib berish uchun qanday rejalar tuzilmoqda, degan savol oʻrinli.
— Bu borada ahvolimiz haqiqatan ham qoniqarli emas edi. Yillar davomida eʼtiborsizlik tufayli, mablagʻ yetishmasligi sabab moddiy-texnik taʼminot achinarli holatga kelib qoldi. Tabiiyki, bunday sharoitda kurash bilan shugʻullanishning imkoni yoʻq yoki haminqadar.
Qaror bilan aniq vazifalar belgilab berildi. Endi barcha boʻgʻindagi taʼlim muassasalarida kurash bilan shugʻullanish uchun moddiy-texnik taʼminot yangilanadi. Bu borada ish boshlangan. Barcha maktablarni qamrab olishni maqsad qilganmiz.
Prezidentimiz nafaqat mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarini, balki dunyodagi federatsiyalarni ham gilamlar, yaktaklar bilan taʼminlash vazifasini qoʻydi.
Kurash gilami — bu milliy sportimizning dunyodagi ramzi ham. Shu bois, xalqaro miqyosdagi musobaqalarni oʻtkazish va federatsiyalarga gilam yetkazib berish uchun Germaniya bilan kelishuv olib boryapmiz. Chunki biz dunyodagi boshqa sport turlaridan kam boʻlishimiz kerak emas.
Tatamini koʻrgan kishi bu yerda dzyudo bilan shugʻullanilishini darhol biladi. Oʻzbekistonning ramziy ranglari aks etgan gilamni koʻrganlar ham oʻzbek milliy kurashini koʻz oldiga keltirishi kerak. Shu bois, gilamlarimiz juda mukammal va sifatli boʻlishi suv va havodek zarur.
— Qaror bilan tasdiqlangan Kurash milliy sport turini 2025-yilgacha yangi bosqichga olib chiqish konsepsiyasida xalqaro “GAISF — Global Association of International Sports Federations” tashkilotiga aʼzo boʻlish ham koʻzda tutilgan. Adashmasak, avval ham bunga harakat boʻlgan edi. Endi bu jarayon qanday amalga oshadi?
— Kurash zamonaviy sport turi sifatida xalqaro miqyosda tan olingandan keyin 1998-yili Toshkentda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi taʼsis qilingan edi. Oʻshandan buyon “GAISF — Global Association of International Sports Federations” tashkilotiga aʼzo boʻlish harakatidamiz. Hatto bu tashkilot rahbarini Oʻzbekistonga taklif qildik. U keldi. 2001-yili Shveysariyaning Syurix shahrida aʼzolik uchun hujjat ham topshirgan edik. Bir qadam qolgan edi. Baʼzi sabablarga koʻra oʻtolmadik.
Lekin bizning sportimiz tashkilotning barcha talablariga javob beradi va shunga haqli. Hozir Oʻzbekistonda sportga boʻlgan munosabat tubdan oʻzgargan, muhit yangilangan, ochiqlik ruhida harakat qilyapmiz. Shu maʼnoda, biz maqsadimizga tez orada, albatta, erishamiz.
— Milliy kurashimizni ommalashtirish, dunyoga tanitish maqsadida bir qator mamlakatlarda xalqaro musobaqalar, turnirlar oʻtkazib kelinayotgan edi. Orada shu tadbirlar birdan toʻxtab qoldi. Buning sababi nimada?
— Toʻgʻri, Angliyada, Gretsiyada, Eronda, Braziliyada, Turkiyada, Fransiyada oʻtkazilayotgan xalqaro turnirlar va musobaqalar toʻxtab qoldi. Bunga asosiy sabab — moddiy taʼminot. Sir emas, xoh yurtimizda, xoh chet elda boʻlsin, har bir turnir juda katta tashkiliy ish va mablagʻ talab qiladi. Oddiy misol, bitta farzandimizga toʻy qilish uchun qancha tayyorgarlik koʻramiz. Oʻzbek kurashining boshqa bir mamlakatda toʻyini oʻtkazish tashvishini aytmasak ham boʻladi. Buning uchun masʼul tashkilot rahbariyati bir yoqadan bosh chiqarib, har bir musobaqa uchun qanchalik harakat qilishi kerak. Homiylar jalb qilish, chet ellik rahbarlar bilan diplomatik munosabatlarga kirishish oson kechadigan jarayon emas. Shunchaki oʻtmasligi kerak bunaqa turnirlar. Millat va vatan shaʼni turibdi uning negizida, axir.
Prezidentimiz qarorida bu kabi musobaqalarni qayta tiklab, yana-da ommaviyroq oʻtkazish koʻzda tutilgan. Xudo xohlasa, chet mamlakatlarda, xususan, Nyu-York, Parij, Rim, Tokio kabi dunyo xalqlari nigohidagi yirik poytaxt shaharlarda Prezident sovrini uchun xalqaro turnirlar oʻtkazamiz. Buning uchun taʼminot ham boʻladi. Shu tariqa kurashni jahon durdonasiga aylantiramiz.
Bu yoʻlda, avvalo, oʻzimiz, har birimiz milliy sportimizni bilishimiz, sevishimiz, ardoqlashimiz kerak. Uning kelajagi uchun kurashishimiz, oʻgʻil-qizlarimizga oʻrgatishimiz zarur, degan masala qoʻyilyapti qarorda.
Sport, turizm yoʻnalishlarida xalqaro miqyosda taniqli ommaviy axborot vositalari bilan ham tigʻiz hamkorlikni yoʻlga qoʻyamiz.
— Biz sizni koʻp kutilgan qaror bilan yana bir bor tabriklaymiz. Qaror ijrosi doirasida federatsiya oldida, polvonlarimiz zimmasida turgan ishlarni bajarishda muvaffaqiyatlar tilaymiz.
— Rahmat. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasini oʻqib juda xursand boʻlaman. Oʻttiz yildirki, milliy kurashimizni dunyoga tanitish borasida ishlab kelyapmiz. Mustaqillik yillarida ham kurashimizni rivojlantirish uchun imkon qadar harakatlar boʻldi. Lekin keyingi yillardagidek eʼtiborni koʻrmagan edik. Bu saʼy-harakatlar, tashabbuslar yangi Oʻzbekistonimizning bugungi islohotlariga mos va monand kechmoqda. Shunga munosib boʻlamiz.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Ulugʻbek ASROROV suhbatlashdi.








