“Leco”mi yoki “Lego”?

    Ushbu innovatsion loyiha qurilish sohasida ham vaqtni, ham harajatni iqtisod qilishga koʻmaklashadi. Xoʻsh, u oddiy gʻishtga qaraganda, qanday afzalliklarga ega?

    Leconing oddiy gʻishtdan birinchi farqi uning shaklida. Ustida ikkita teshigi va tagida kiyilish imkoniyatini beruvchi ustunchali qilib, “Lego” oʻyinchogʻiga oʻxshatib ishlangan ushbu gʻisht tez teriladi. Bu qurilish jarayonini ikki barobar jadallashtiradi. Yana bir muhim jihati, bu turdagi gʻishtlar bir-biriga kiyilishi natijasida terilganda orqaga yoki oldinga siljib ketmaydi. Oʻz-oʻzidan bunday gʻishtlarni yopishtirish uchun juda kam yelim ishlatiladi.

    — Devor yana-da mustahkam boʻlishi uchun gʻishtning teshigiga armatura qoʻyib, beton quyib yuboriladi, — deydi “Hilol shams servis” korxonasi direktori Doniyor Karimov. — Bu sizga nafaqat beton qorishma gʻishtlar orasiga yaxshi quyilishiga olib keladi, balki sarf-xarajatni ham tejaydi. Bundan tashqari, ushbu turdagi gʻisht bilan qurilgan devorlar ichidagi sim va quvurlarni yashirish, keyinchalik ularni xonadon taʼmiriga shikast yetkazmasdan almashtirish imkoniyati borligi uchun ham qulaydir.

    “Hilol shams servis” korxonasi 2015-yil tashkil etilgan boʻlib, 2017-yildan mahaliy hom ashyolardan Leco rangli giperpresslangan gʻishtlarni ishlab chiqara boshlagan. Hali juda yosh korxona boʻlishiga qaramay, faol xodimlar tashabbusi bilan koʻp yutuqlarga erishilgan. 2017-yilda Chimkent shahrida bir guruh tadbirkorlar ishtirokida tashkil etilgan koʻrgazma bu gʻishtlar eng yaxshi innovatsion mahsulot, deb topilgan. Shuningdek, korxona “Tashabbus” koʻrik tanlovi, Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalar taqdimotlari hududiy koʻrgazmasi, “InnoWeek” koʻrgazmasi kabi tadbirlarda faol ishtirok etgan.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Leco gʻishtidan qilingan binolar yuqori issiqqa yoki sovuqqa chidamlilik hamda juda past namlikda assimilyatsiya qilish kabi xususiyatlarga ega boʻladi. Devorning mustahkamligi silikat gʻishtlardan ikki barobar yuqori boʻlib, terish paytida qorishmalar bilan ifloslanish yuz bermaydi. Faqat birinchi qatordagi gʻishtlar tekis yotqiziladi, qolganlari esa bir-biriga kiygizilib, tekis terib ketilaveradi. Yana bir jihati, agar devorning tashqi qismi uchun rangli gʻishtlar tanlangan boʻlsa, suvoq, usta puli kabi xarajatlar ham tejaladi. Bir soʻz bilan aytganda, bu texnologiya ish unumdorligini 30 foizga oshirib, xarajatlarni 40 foizga tejashga olib keladi.

    Biz ushbu maqolada bir texnoparkning atigi ikkita innovatsion loyihasi haqida soʻz yuritishga harakat qildik. Holbuki, yurtimizda bunday gʻoyalar gurkirayotgan maskanlar koʻp va ularning soni yildan-yilga oshib bormoqda. Demak, ushbu loyihalarni dengizdan bir tomchiga mengzash mumkin. Mamslakatimizda yaratilayotgan innovasyion shart-sharoitlar samarasi oʻlaroq, turmush tarzimizni yana-da goʻzal, yana-da farovon boʻlishiga xizmat qiladigan yana koʻplab loyihalar hayotga tatbiq etilishi, shubhasiz.