Yaqinda Londonda ushbu kitobning taqdimoti o‘tkazildi. To‘plam muallifi va taqdimotning asosiy maʼruzachisi ingliz shoiri Endryu Staniland bo‘ldi.
Endryu Staniland o‘z nutqida 2022 yil mart oyidagi O‘zbekiston bo‘ylab safari uni yangi loyihalarni amalga oshirishga ruhlantirganini, o‘zbek mumtoz sheʼriyatining yirik namoyandalari Nodira va Uvaysiyning adabiy merosi bilan ingliz kitobxonlarini yaqindan tanishtirish loyihasini amalga oshirish g‘oyasi tug‘ilganini maʼlum qildi.
Endryu Staniland ham o‘zbek mumtoz sheʼriyatiga xos bo‘lgan betakror go‘zallik va nafosatni alohida qayd etar ekan, ushbu omillar Nodira va Uvaysiy g‘azallarini ingliz kitobxonlarining keng doirasiga yetkazishga undaganini bildirdi.
Britaniyalik shoirning qayd etishicha, 2021- yilda Navoiy va Cho‘lpon asarlari tarjima qilinganidan so‘ng, ingliz auditoriyasini o‘zbek adabiyoti bilan yana-da kengroq tanishtirish maqsadida u Nodira va Uvaysiy ijodiga murojaat qildi.
Tarjima ishlari o‘zbekistonlik adabiyotshunos Oydaxon Bumatova va Afg‘oniston vakili, o‘zbek adabiyoti mutaxassisi Nozil Elmi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.