Mahalliy kengashlarda ham yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etilishi biz yoshlarni quvontirdi

    Keyingi avlod 5 Iyul 2021 1243

    Soʻnggi yillarda biz yoshlar ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasiga ham yurtboshimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Xabaringiz bor, yaqinda taniqli siyosatchi, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong boshliq rasmiy delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi va biz Yoshlar Parlamenti aʼzolari bilan suhbat chogʻida u kishi bir fikrni afsus bilan taʼkidladi. Yaʼni, sayyoramiz aholisining yarmidan koʻpini 30 yoshgacha boʻlgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo boʻyicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekan.

    Oliy martabali mehmon Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi. Bu – katta eʼtirof, albatta. Prezidentimiz biz yoshlar bilan boʻlgan uchrashuvda buni alohida taʼkidlab shunday dedi:

    “Biz bu gʻoyat muhim yoʻnalishdagi ishlarimizni davom ettirgan holda, Parlamentlararo ittifoq koʻmagida «Biz parlamentda yoshlarni qoʻllab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusni amalga oshiramiz. Ushbu tizim asosida siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga yana-da kengroq jalb etamiz.

    Xalq deputatlari kengashlari tavsiyasi asosida yosh, gʻayratli, fidoyi oʻgʻil-qizlarimiz bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi.

    Shu bilan birga, mahalliy kengashlarda ham, xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi, yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – “Kelajak liderlari”ni shakllantiramiz».

    Nabijonov Murodjon,

    Namangan davlat universiteti talabasi,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar Parlamenti aʼzosi