Asli Navoiy viloyatining Qiziltepasida tugʻilgan Feruza Qurbonovaning anchadan buyon poytaxtda istiqomat qilayotganiga ijodkorligi sabab. Uning bolalikdan rasm chizish, tikishga mehr qoʻyganini koʻrgan onasi astoydil qoʻllab-quvvatladi. Keyinchalik rassomchilik, tikuvchilik toʻgaraklariga berdi.

Poytaxtdagi nufuzli litseyni rassomchilik yoʻnalishi boʻyicha tamomlagan Feruzaning dizayn sohasiga ham muhabbati ortdi. Oʻqishini shu yoʻnalishdagi kollejda davom ettirdi. Toshkent davlat Texnika universitetida oliy maʼlumotli boʻldi. Ayni paytda magistratura bosqichining 2-kursida tahsil olayotgan qahramonimiz milliy kiyimlar, milliy taqinchoqlarni zamonaviy uslubda yasashga qiziqadi. 2015-yildan “Hunarmand” uyushmasiga aʼzosi.

Dastlab respublika miqyosidagi koʻrgazma va festivallarda, 2018-yildan boshlab esa xalqaro koʻrgazmalarda ham ishtirok eta boshladi. Xususan, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻistonda oʻtkazilgan nufuzli festivallar, Amsterdam, Belgiya, Gollandiya, Parijda elchixonalar kuni munosabati bilan oʻtkaziladigan “Embassy day” festivallarida Oʻzbekiston nomini munosib himoya qilib keldi.

— Soʻnggi yillarda hunarmandlarga katta imkoniyatlar yaratildi. Masalan, imtiyozli kreditlar, soliqlar masalasida. Avval chet davlatlarga koʻrgazmalarga chiqish uchun bojxonadan qiymati 5 ming dollargacha boʻlgan yuknigina olib chiqib ketishimiz mumkin edi. Hozir ana shu cheklovlar olib tashlangan. Qolaversa, milliy katalokka kirgan hunarmandlar uchun bojxona xizmatlarida 25 foizgacha imtiyoz bor. Bu imkoniyatlarning barchasi uchun Prezidentimizga rahmat, — dedi biz bilan suhbatda yosh hunarmand.

Darhaqiqat, bugun “Hunari bor xor boʻlmas” degan maqol tom maʼnoda oʻz ifodasini topmoqda. Hunarmandlar uchun imtiyozlar, hunarmandchilik markazlarida ularning oilaviy yashashlari uchun alohida sharoitlar mavjud. Feruzaning ham shaxsiy ustaxonasi, sotuv doʻkoni bor. Doʻkonga tashrif buyurgan turistlar milliy libos va taqinchoqlarimizga hayrat va katta qiziqish bilan qarashi, sanʼat asari sifati eʼtirof etishi yosh hunarmandni yangi gʻoyalarga, ijodga undardi. Yevropa davlatlarida koʻp yumushlar avtomatlashib ketgani, qoʻl mehnati esa juda qadrlanishiga guvoh boʻlgan.

— Ular shunday mashaqqatli mehnatni ayollar uddalayotganiga qoyil qolishadi, — deydi u. — Eng muhimi, mahsulotlarimizga Oʻzbekistonda ham, chet elda ham ehtiyoj bor. Ayniqsa, milliy libos va taqinchoqlarimiz jozibasini qadrlayotgani quvonarli.

Qahramonimizning aytishicha, taqinchoqlar toshlarining oddiy, tabiiyligiga qarab 200 mingdan uch million soʻmgacha sotiladi. Yana bir jihati borki, ushbu taqinchoqlarni har doim taqib boʻlmasa-da, qadrlashadi, asrab avaylashadi. Shu bois Feruza va uning shogirdlari har bitta buyum sifatini uzoq vaqt saqlab qoladigan darajada yasashga harakat qiladi. Shuningdek, mahsulotlari teri kasalliklarini chaqirmasligiga ham kafolat berishadi. Shuning uchun ham ular yasayotgan taqinchoqlarga buyurtmalar koʻp.

Yosh hunarmand faoliyatining oʻziga xosligi shundaki, u 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan mijozlar bilan individual ishlashni yoʻlga qoʻygan. Yaʼni barchaga bir xil taqinchoq tavsiya etilmaydi. Mijozlarning boʻy-basti yuz shakli, terisining rangigacha eʼtiborga olinib, aynan xaridor xohlayotgan buyum yasab beriladi. Zero, har kim oʻzining koʻnglidagi kiyimi-yu buyumi boʻlishini istaydi. Taqinchoq dizayni juda yoqib qolgan mijozlar talabi bilan mahsulot kumush yoki tilladan ham yasab beriladi. Yuqorida aytganimizdek, hunarmandimiz tikuvchilikdan ham xabardor. Milliy taqinchoqqa uygʻun libos tikish, libosga monand taqinchoq yasash betakror dizaynerlik va ijodkorlikni talab qiladi.

Bir paytlar atiga 12 ming soʻm bilan ish boshlagan Feruza bu pulga taqinchoq uchun kerakli munchoqlarnigina sotib ololgan. Ish quroli boʻlmagani bois bitta zirakni (qoʻlida chaqalogʻi bilan) zargarlik doʻkonida oʻtirib yasagan. Oʻshanda 12 ming soʻmi unga 38 ming soʻm boʻlib qaytgan. Avvaliga mahsulotiga narx qoʻyishni ham bilmagan hunarmand faqat mehnati uchun pul olgan. Aslida taqinchoqqa ishlatilgan metall, mehnat, dizayn hammasi hisob-kitob qilinib, narx belgilanadi. Bularni ham oʻrganib olgach, uning tadbirkorlik faoliyati boshlanib ketdi. Toʻgʻrisi, yosh tadbirkor oʻz faoliyatining tezda rivojlanib ketishiga ishonmagan. Lekin oʻz brendini yaratish niyati uni hamisha ishlash, izlanishga undadi.

Ayni paytda Feruza “F.F collection” brendi ostida milliylikka uygʻunlashtirilgan zamonaviy aksessuarlari, milliy liboslari bilan tanilib bormoqda. Bundan tashqari u milliy soatlar dizaynini ham yarata oldi. Mohir hunarmand metall quyadigan texnologiyalar orqali mahsulotlariga kerakli metalni ham oʻzi tayyorlashni orzu qiladi. Bu boʻyicha oʻz takliflarini ham bergan. Oʻylaymizki, yaqin kelajakda uning bu ezgu maqsadi ham amalga oshadi. Zero, bugun yurtimiz yoshlarining xayrli ishlar yoʻlidagi maqsadlariga rahbarlar ham hayrixohlik bildiryapti. Bu esa yurtimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarning sezilarli darajada jonlanganidan dalolatdir.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri