Muloqot chogʻida Malayziya kompaniyasi rahbari bilan Oʻzbekistonga investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama etildi.
King Lim shu yil may oyida Samarqandda boʻlib oʻtgan biznes-forumda viloyat hokimligi bilan alyuminiy bankalar ishlab chiqarish loyihasi boʻyicha erishilgan kelishuvni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini maʼlum qildi.
“FIVE Petroleum Malaysia” rahbari kompaniya tomonidan ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan alyuminiy bankalarini yetkazib berishda mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan salqin ichimliklar ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlik oʻrnatishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, Malayziya tomoni bilan Toshkent shahri va keyinchalik respublikaning boshqa hududlarida yoqilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini yaratish va ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash boʻyicha loyihani ham amalga oshirish ishlarini boshlashga kelishib olindi.
Uchrashuvda kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyaning Oʻzbekistonga ishchi safarini tashkil etish toʻgʻrisida kelishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
“FIVE Petroleum Malaysia” kompaniyasiga 2020-yilda asos solingan. Kompaniya Malayziya boʻylab 110 dan ortiq avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarini boshqaradi. Shuningdek, 400 dan ortiq yoqilgʻi quyish shoxobchalariga ega “BHPetrol” kompaniyasining 60 foiz ulushiga egalik qiladi.