баннер
14 Mar 2025
13:33

    Malayziya rahbariyati Shavkat Mirziyoyev bilan samimiy uchrashuvlar oʻtkazish uchun qatʼiy protokol qoidalaridan chekindi — Sherzod Asadov

    Bir necha daqiqa oldin Oʻzbekiston prezidentining Malayziyaga soʻnggi 20-yil ichidagi ilk rasmiy tashrifi yakuniga yetdi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ushbu tashrif xususida fikrlarini bildirdi.

    Sherzod Asadov diplomatik tajribasi va matbuot kotibi sifatidagi faoliyatiga asoslanib ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi samimiy munosabat va norasmiy muloqot juda yorqin taassurot qoldirganini taʼkidladi.

    Qayd etilishicha, ushbu goʻzal va mehmondoʻst mamlakat rahbariyati Oʻzbekiston yetakchisi bilan samimiy uchrashuvlar oʻtkazish uchun qatʼiy protokol qoidalaridan chekinib, yuksak hurmat va ishonch namoyish etdi.

    «Xususan, prezidentimizni kutib olishga Malayziya parlamenti spikeri chiqqani, malayziyalik hamkasblarimizning aytishicha, ushbu mamlakat protokol amaliyotida ilgari kuzatilmagan voqea boʻldi. Bundan tashqari, Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga butun kun davomida, barcha rasmiy tadbir va uchrashuvlarda hamrohlik qildi. Hattoki muloqotni davom ettirish uchun Oʻzbekiston prezidentiga ajratilgan qarorgohga shaxsan tashrif buyurdi. Keyin ular birgalikda, bir mashinada Petronas bosh qarorgohiga yoʻl olishdi, u yerda kompaniya rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazishdi.
    Oʻzbekiston prezidenti sharafiga uyushtirilgan rasmiy qabul marosimida Malayziya sanʼatkorlari oʻzining boy tarixi va madaniyati bilan bir qatorda xalqimizning kuy-qoʻshiqlari, raqslaridan iborat konsert dasturini namoyish etgani ham alohida eʼtibor ifodasi boʻldi», deb yozadi Oʻzbekiston prezidenti matbuot kotibi.

    Sherzod Asadov bunday norasmiy va samimiy munosabat ikki yetakchi oʻrtasidagi yaqin doʻstlikdan, Oʻzbekiston va Malayziya xalqlarining bir biriga boʻlgan yuksak hurmati, ikki tomonlama munosabatlarning porloq istiqbolidan dalolat berishini alohida taʼkidladi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech