Malayziyada Oʻzbekiston turizm yoʻnalishidagi eng yaqin hamkor sifatida eʼtirof etildi

    Turizm 15 Fevral 2023 1091

    Malayziyaning Perlis shtatidagi “Wang Kelian” tepaligida “Oʻzbekiston” turistik yoʻnalishi koʻrsatkichi oʻrnatildi.

    Nepal, Bruney, Kanada va boshqa davlat koʻrsatkichlari bilan bir qatorda oʻrnatilgan Oʻzbekiston koʻrsatkichiga “Wang Kelian” tepaligidan yurtimizgacha boʻlgan masofa 5,218 kilometr ekanligi qayd etilgan.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Malayziya oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlik izchil davom ettirilyapti. Xususan, 2022-yilda Malayziyaga tashrif davomida ikki mamlakat oʻrtasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish, sayyohlar oqimini koʻpaytirish uchun mamlakatlar oʻrtasida muntazam toʻgʻridan-toʻgʻri havo qatnovini yoʻlga qoʻyish va narxlarni muqobillashtirish masalasi ilgari surilgan edi.

    Qolaversa, Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Malayziyaning turizm, sanʼat va madaniyat vaziri Nansi Shukri oʻrtasidagi uchrashuvda Malayziyadan doimiy ravishda ziyoratchilar safarini tashkillashtirish borasida kelishib olingan edi.

    Bundan tashqari, Malayziya bilan nafaqat turistlar oqimi, balki ziyorat turizmi sohasidagi malakali mutaxassislar safini kengaytirish borasida ham hamkorlikka kelishilgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun, “Wang Kelian” dengiz sathidan 304 metr balandlikda joylashgan boʻlib, ushbu sayyohlik markazi bevosita tropik oʻrmon manzarasiga tutashgan.