Ushbu loyihaga Oʻzbekistonni malayziyaliklar uchun sayyohlik yoʻnalishi sifatida ommalashtirish va oʻzbek gastronomik brendlarini xorijda targʻib etish orqali Janubi-Sharqiy Osiyodan kelayotgan sayyohlar oqimini koʻpaytirish maqsadida qoʻl urilyapti.

Chef Vanning Oʻzbekiston boʻylab oʻn kunlik sayohati davomida Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida mamlakatmiz madaniyati, anʼanalari, madaniy merosi, sanʼati va oʻzbek oshxonasining mazali taomlariga bagʻishlangan turkum telekoʻrsatuvlarni suratga olish rejalashtirilgan. Mashhur oʻzbek oshpazlari bilan pazandalik duellari va yosh oshpazlar uchun mahorat darslari boʻlib oʻtadi.

Maʼlumot uchun, Chef Van Malayziyaning Astro televizion tarmogʻida bir qator sayohat dasturlari va pazandachilik shou dasturlarini tayyorlab efirga uzatadi. Shou dasturlar davomida tomoshabinlarga jahon sayyohlik yoʻnalishlari va qator mamlakatlarning milliy taomlari haqida maʼlumotlar berib boriladi.

Eʼtiborlisi, bu shou dasturlar qator Osiyo mamlakatlari telekanallari orqali ham efirga uzatiladi. Buning natijasida koʻrsatuvning tomoshabin qamrovi bir necha 10 milliondan oshadi.

Shuningdek, Chef Van YouTube platformasi Instagram ijtimoiy tarmogʻi uchun ham qiziqarli kontentlar tayyorlab boradi. Ushbu tarmoqlarda u 1 milliondan ziyod obunachilarga ega boʻlib, uning yillik tomoshabin qamrovi 100 milliondan ortiqni tashkil etadi. Bundan tashqari Chef Van mashhur restoranlar tarmogʻining asoschisi, shuningdek, Malayziyaning pazandalik elchisi hisoblanadi, deb xabar beradi Madaniyat va Turizm vazirligi matbuot xizmati.

“Men Oʻzbekistonda boʻlishdan mamnunman. Mamlakatingizning boy tarixi, madaniyati va sanʼati haqida yetarlicha maʼlumotlarim bor. Ushbu tashrif davomida ularni yanada boyitib olaman degan niyatdaman. Bu yerda ijodiy guruhimiz bilan birgalikda “Astro Oasis” kanalida “Kembara Chef Wan” (Oshpaz Vanning sayohatlari) mualliflik dasturim uchun respublikaning turizm salohiyatiga bagʻishlangan koʻrsatuvlar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarning faol kuzatuvchilari uchun kontentlar yaratish ustida ishlaymiz. Umid qilamanki, bu ikki tomon uchun yuqori darajada manfaatli boʻladi” deb fikr bildirdi Chef Van oʻzining Oʻzbekistonga tashrifining birinchi kunida.