Mamlakatimizda 2030-yilga borib energiyaga bo‘lgan talab 2 barobarga ortadi

    Energetika 13 Yanvar 2022 920

    Joriy yil 13-yanvarda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasi hamda Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot Strategiyasidagi ustuvor yo‘nalishlar mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

    Unda senatorlar, qo‘mita ekspertlari, vazirlik va idoralar mas’ullari, OAV va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Ishtirokchilar dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida quyosh va shamol energiyasidan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qildi.

    Ta’kidlanganidek, uglevodorodlar zahiralari yil sayin kamayib borib, jahon bozorida neft va gaz narxi ko‘tarilyapti, bu esa o‘z navbatida insoniyatga quyosh, shamol va boshqa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni keng joriy etishni taqozo etadi.

    Mamlakatimizda islohotlarning jadallashuvi, sanoatning rivojlanishi, aholi soni ko‘payishi natijasida energiyaga bo‘lgan talab keskin oshishi, 2030-yilga borib qariyb 2 barobarga ortishi kutilyapti.

    Shundan kelib chiqqan holda barqaror rivojlanish sohasidagi eng muhim maqsad va vazifalardan biri 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya ulushini jiddiy ravishda ko‘paytirishdan iborat.

    Yig‘ilishda qayd etilganidek, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligining pastligi, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish, texnologiyalar yangilanishining sustligi, «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish uchun innovatsion yechimlarni joriy etishda xususiy sektor ishtiroki yetarli emasligi mamlakatni barqaror rivojlantirish sohasidagi ustuvor milliy maqsadlar va vazifalarga erishishga o‘zining ta'sirini ko‘rsatishi mumkin.

    Bu borada iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, aholini arzon va qulay energiya bilan ta’minlashda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hozirda dolzarb yo‘nalishlardan biridir.

    Shu maqsadda 2022-yilda Qoraqalpog‘istonda 1 700 MVt.lik shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyiha bitimi imzolanishi rejalashtirilayotganligi alohida qayd etildi.

    Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda aholi turar joylarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari, jumladan, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni tizimli ravishda tashkil etish yuzasidan dastur ishlab chiqish taklifi berildi.

    Shuningdek, yig‘ilishda bugungi kunda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot Strategiya loyihasida ham mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, xususan quyosh va shamol energiyasidan foydalanishni kengaytirish orqali iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni ta'minlashga alohida e'tibor qaratilganligi qayd etib o‘tildi.

    Hujjat loyihasida iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash hamda «Yashil iqtisodiyot» texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizga qisqartirish maqsad qilingan.

    «Energetika sohasida xususiy sektor ulushini oshirishni inobatga olgan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini jadal rivojlantirish uchun zamonaviy «yashil» va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish Strategiyada o‘z aksini topganligi ishtirokchilar tomonidan ta’kidlandi.

    Strategiya loyihasida 2026-yilga kelib elektr energiyasi ishlab chiqarish ko‘rsatkichini qo‘shimcha 40 milliard kVt/soatga oshirib, jami 110 milliard kVt/soatga yetkazish, 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish evaziga yiliga qariyb 3 milliard kub/metr tabiiy gazni tejash hamda havoga chiqariladigan zararli gazlarning hajmini 8 million tonnaga kamaytirish ham maqsad qilinginligi tilga olindi.

    Yig‘ilish ishtirokchilari sanoat tarmoqlarida yo‘qotishlarni kamaytirish va resurslarni ishlatish samaradorligini oshirish, uy-joy-kommunal ho‘jaligi, ijtimoiy soha ob’ektlari va boshqa sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish iqtisodiy rivojlanishning muhim omillaridan biri ekanligini alohida qayd etdi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.