Prezidentimizning yaqinda eʼlon qilingan “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida bugun dunyo taʼlim tizimi va ilmfanida paydo boʻlgan hamda shiddat bilan rivojlanayotgan ilmiytadqiqot universiteti maqomining milliy konsepsiyasi bayon etib berildi.
Dunyo tajribasini kuzatadigan boʻlsak, AQSHdagi 4000 dan ortiq universitetning 220 tasi (18 foizi), Xitoydagi 3000 ta oliy taʼlim muassasasining 100 tasi (3 foizi) ilmiy-tadqiqot universiteti maqomiga ega. Angliya, Hindiston, Janubiy Koreya, Tayvan kabi mamlakatlarda ham ilmiy-tadqiqot universitetlari soni tobora oshib bormoqda. Xoʻsh, ilmiy-tadqiqot universiteti nima? Bu tushuncha XIX asr oxirida Germaniyada paydo boʻlgan. Uning asoschisi Vilgelm fon Gumboldt oliy taʼlim asosiga “taʼlim va ilmiy izlanishlar birligi” gʻoyasi qoʻyilishini yoqlagan.
1990-yillar oxirida dunyoda toʻrtinchi sanoat inqilobi va raqamli texnologiyalar davri boshlangach, taʼlimni ilmiy tadqiqotlar bilan yaqinlashtirish yoki uni innovatsion texnologiyalar yaratish bilan barobar olib borish ehtiyoji vujudga keldi. Tabiiy, aniq, gumanitar va texnika fanlarini real ishlab chiqarish hamda ijtimoiy hayot bilan chambarchas bogʻliq holda olib borish ehtiyoji dunyoda ilmiy-tadqiqot universitetlari konsepsiyasining zamonaviy talqinini ishlab chiqishga va oliy taʼlimni yangicha tafakkur tarziga undadi.
Aytish lozimki, ilmiy-tadqiqot universitetlarining universal modeli yoʻq. Har bir mamlakatda u mahalliy taʼlim anʼanalari va jamiyatning ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllanadi. Bunday muassasa taʼlim va ilm-fan sinergiyasini birlashtirishi jihatidan barcha mamlakatlar uchun muhim taʼlim dargohi sanaladi.
Prezidentimizning mazkur qarori yurtimizda 2017-yildan beri taʼlim, ayniqsa, oliy taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarining mantiqiy davomi boʻldi. Zotan, bungacha oliy taʼlim infrastrukturasini tubdan yaxshilash, professor-oʻqituvchilar va olimlarning jamiyatdagi obroʻsini oshirish, jahondagi ilgʻor tajribani keng yoyish, korrupsiya va masʼuliyatsizlikka chek qoʻyish, oliy taʼlim muassasalariga moliyaviy va akademik mustaqillik berishga qaratilgan koʻplab farmon va qarorlar taʼlimdagi inqirozni toʻxtatib, keng taraqqiyot va takomillashuv yoʻliga solib yuborgandi.
Bu tarixiy hujjatda Samarqand davlat universitetining koʻp ming kishilik jamoasi oldiga flagman universitet sifatida Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimiga mahalliy shart-sharoitga mos, ayni paytda dunyo standartlari darajasida taʼlim va ilmiy tadqiqotlar olib boradigan universitet modelini yaratishdek ulkan vazifalar qoʻyilgan. 2026-yilgacha dunyo universitetlarining yetakchi mingtaligiga kirish, taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy qilish, universitet ilmiy-pedagogik jamoalarining institutlar shaklida mamlakat fani va xalq xoʻjaligining dolzarb muammolarini hal qilishni taʼlim bilan qoʻshib olib borishga safarbar etish, jahonning ilgʻor universitetlari bilan qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni keng yoʻlga qoʻyish Samarqand davlat universiteti jamoasining salohiyatiga bildirilgan katta ishonchdir.
Ana shu vazifalar qatorida universitet tarkibida Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi hamda Muhandislik fizikasi institutlarini tashkil etish ham turibdi. Alohida qayd etish kerakki, Samarqand davlat universitetida anʼanaviy jihatdan biologiya, kimyo, fizika, matematika maktablari rivojlanib kelgan. Oliy taʼlim muassasasi olimlarining bu sohalarda erishgan ilmiy muvaffaqiyati jahon ilm ahli tomonidan tan olingan. Endi ana shu bilimlardan iqtisodiyot va ishlab chiqarishning real muammolarini hal qilishda foydalaniladi. Zero, hech bir universitet fundamental fanlardagi ilmiy tadqiqotlar zaxirasisiz, bu fanlarga oid bilimlar bazasisiz amaliy ishlab chiqarish muammolarini hal qilishga kirisha olmaydi. Binobarin, bugungi kunda atrof-muhitning ifloslanishi, qishloq xoʻjaligida qoʻllanayotgan kimyoviy oʻgʻitlar, oʻsimlik va daraxtlarning genetik tuzilishiga kiritilayotgan oʻzgarishlar tufayli vujudga kelayotgan oziq-ovqat xavfsizligi masalasi butun dunyodagi kabi mintaqamizning ham jiddiy muammosiga aylandi. Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti ana shu muammolarni hal qilish, oziq-ovqat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va tarkibini jiddiy yaxshilash, hosili xavfsiz boʻlgan ekin va daraxt turlarini yaratish, dehqonchilik madaniyatini jiddiy yuksaltirish masalalari bilan shugʻullanadi. Muammolarning yechimini agrosanoat sohasi, fermer hamda dehqonlar bilan hamkorlikda ishlagan holda taklif qiladi.
Darvoqe, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda Oʻzbekistonda katta imkoniyat mavjud. Sugʻoriladigan millionlab gektar yerda ikki va hatto uch marta hosil olish mumkin. Serbaraka tuprogʻimizda oziqovqat mahsulotlari yetishtirish chinakamiga ilmiy asosda yoʻlga qoʻyilsa, qanchalik ulkan marralarga erishish mumkinligini tasavvur qilish qiyinmas. Ana shu salohiyatni ilmiy asosda olib borish orqali mamlakatimiz mintaqada va Yevroosiyo materigidagi 1 milliarddan ortiq aholiga oziq-ovqat yetkazib berish imkoniyatiga ega. Qarorda ushbu institutning qaysi qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash korxonalari hamda Fanlar akademiyasining tegishli institutlari bilan birga ishlashi ham belgilab qoʻyilgan. Zamonaviy universitetlar oldiga qoʻyilgan eng zarur talablardan biri davlat, jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, ham ilmiy, ham ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishdir. Shu sababli hozirdanoq Samarqand davlat universitetida mintaqaviy agrobiotexnologiya muammolari banki shakllantirilgan hamda zamonaviy biolaboratoriyalar barpo etilib, jihozlangan.
Muhandislik fizikasi instituti ham Samarqand viloyati va mamlakatimizning janubiy mintaqasida barpo etilayotgan, yangi texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish korxonalari, erkin iqtisodiy zonalarning texnologik muammolari hamda ular uchun injener-kadrlar tayyorlash bilan shugʻullanadi. Bu institutning laboratoriyalarida Samarqand viloyatida gurkirab rivojlanayotgan kimyo, avtomobilsozlik, yengil sanoat korxonalarining ishlab chiqarish hamda texnologik muammolariga yechim izlanadi. Aytish kerakki, bu institutlar tegishli fakultetlar va kafedralardagi tadqiqotlar olimlar, tadqiqotchilarning korporativ ilmiy faoliyati bilan hamohang olib boriladi. Ilmiy tadqiqotlar, taʼlim va ishlab chiqarishning “kesishuvi” ana shu tarzda roʻy beradi, yaʼni bu jarayonga yuqori kurs talabalari, magistrantlar, doktorantlar faol jalb qilinadi. Bu esa oliy taʼlim sifatini oshiradi, uning hayot hamda ishlab chiqarish bilan aloqasini mustahkamlaydi.
Ushbu ikki institut Samarqand davlat universitetining ilmiy-tadqiqot universiteti maqomi sari qoʻyayotgan ilk odimlaridir. Ular orttirgan qimmatli amaliy tajriba kelgusida boshqa sohalarni ham ishlab chiqarish va ijtimoiy tuzilmalar bilan hamkorlikda ishlaydigan, yangi texnologiya va ishlanmalar tayyorlaydigan ilmiy-tadqiqot institutlari yoki markazlari tarzida shakllantirish imkonini beradi. Zero, qarorda universitetning boshqa fakultetlari va boʻlinmalari oldiga ham jamiyat, ishlab chiqarish, iqtisodiy va ijtimoiy tuzilmalar bilan hamkorlikda ishlash vazifasi qoʻyilgan. Fanlar akademiyasining tegishli institutlari, sanoat korxonalari, iqtisodiy birlashmalar, firmalar, ijodiy uyushma va jamoalar, muzeylar va galereyalar bilan ishlash topshirigʻi berilgan. Bu tabiiy hol. Chunki hozir dunyoda universitetlar jamiyat hayotining oʻziga xos lokomotivi hisoblanadi hamda mamlakat hayotiga ilgʻor gʻoyalar, texnologiyalar va ishlanmalarning kirib kelishida avangard rolini bajarishi kerak.
Darvoqe, universitet oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishda chet elning ilgʻor tajribasidan foydalanish ham juda muhim. Qarorda bu jihatga alohida urgʻu qaratilgan. Shu sababli universitetda Transformatsiya ofisi ham barpo etiladi. U jahondagi ilgʻor oʻqitish, ilmiy tadqiqot olib borish, texnologiyalarni oʻzlashtirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini ishlab chiqarish hamda tijoriy ishlanmaga aylantirish tendensiyalarini universitetga transfer qilish bilan shugʻullanadi.
Aytish lozimki, ilmiy-tadqiqot universitetining muayyan universal shakli va namunasi yoʻq. U har bir holatda jamoaning kollektiv asari sifatida shakllanadi. Undagi tadqiqotlar universitetdan tashqaridagi manbalar va buyurtmachilar tarafidan moliyalashtiriladi. Ilmiy-tadqiqot universiteti juda murakkab va koʻp qirrali taʼlim, ilm-fan muassasasi boʻlib, koʻplab ijtimoiy rollarni bajaradi. U jamiyat hayotining barcha sohasidagi muammolarga ilmiy yechim izlaydi. Bu yechimning texnologiyalari va ishlanmalarining optimal shakllarini taklif qiladi.
Prezidentimizning qaroriga asosan, tarixiy ildizlari qadimiy va mashhur Ulugʻbek madrasasiga borib bogʻlanadigan Samarqand davlat universitetiga mamlakatimizdagi ilk ilmiy-tadqiqot universiteti maqomi berildi. Universitetning professor-oʻqituvchilari va tadqiqotchi-olimlari jamoasi bu vazifani muvaffaqiyat bilan uddalashiga shubha yoʻq. Chunki hozir dunyo universitetlari jamiyat taraqqiyoti uchun doimiy ravishda strategiya, model va tavsiyalar ishlab chiqadigan, mamlakat va davlatni modernizatsiyalash jarayonida faol ishtirok etadigan ijtimoiy tuzilmaga aylandi. Samarqand davlat universiteti muhtasham tarixiy ilmiy anʼanalari va bugungi ilmiy salohiyati bilan shu vazifaga tayyor edi. Aslida bu vazifaga har bir oliy taʼlim muassasasi tayyor boʻlishi va hozirlanishi kerak. Zamon talabi shunday.