Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 28-yanvardagi tegishli Farmon bilan tasdiqlangan 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi barcha sohalar rivojida xususan, Oʻzbekiston Respublikasining kelgusi 5 yillikdagi taraqqiyotida asosiy yoʻnalishlarni aniq belgilab beradi.

Jumladan, Taraqqiyot strategiyasining 2-yoʻnalishi “Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish” deb nomlandi.

Mazkur yoʻnalishda mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, bu sohada demokratik tamoyillarga asoslangan holda inson qadriga boʻlgan eʼtiborni yanada kuchaytirish, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va erkinliklarini samarali himoya qilish tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.

Bu borada maʼmuriy islohotlarni izchil davom ettirish yoʻlida oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, Yangi Oʻzbekiston sharoitida davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati tizimining samaradorligini oshirish, ular faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirish orqali aholi farovonligini taʼminlash asosiy masalalardan biridir.

Shu jihatdan, maʼmuriy sud sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida joriy yil 29-yanvarda qabul qilingan “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda aholining sudlarga boʻlgan ishonchini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori alohida ahamiyatga ega boʻldi.

Mazkur qaror bilan tanishar ekanmiz, maʼmuriy sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari huquqiy jihatdan aniq vazifalarga tayanib faoliyat yuritishiga ishonchimiz ortadi.

Yaʼni, ushbu huquqiy hujjat bilan “maʼmuriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun oʻz tashabbusi bilan dalillarni yigʻish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga esa dalillarni yigʻishda faqat oʻz imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Shuningdek, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bogʻlanishda boʻlgan zararni undirish talabini ham maʼmuriy sudga bildirish huquqini taqdim etish hamda bunday talablarni koʻrib chiqishni maʼmuriy sudlar vakolatiga oʻtkazish mazkur huquqiy hujjatdan oʻrin olgan.

Barchamizga maʼlumki, milliy qomusimizning 44-moddasida “Har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”, deb belgilab qoʻyilgan. Mamlakatimizda maʼmuriy sudlarning tashkil etilishi Asosiy qonunimizda mustahkamlangan ushbu huquqlarni samarali amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qilayotir.

Maʼmuriy sudlarning birinchi navbatdagi vazifasi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining davlat organlari bilan munosabatlarida qonun ustuvorligini taʼminlash bilan bir qatorda ular huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining buzilgan huquqlarini himoya qilishda sudlarning, ayniqsa, maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqaro va tadbirkorlarning haqiqiy himoyachisiga aylantirish zarur.

Jamiyatda maʼmuriy sudlarga boʻlgan ishonchni yanada oshirish maqsadida davlat organlari tomonidan sud qarorlari ijro etilishi ustidan nazoratning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish talab etiladi. Shu munosabat bilan Prezidentimizning mazkur qarorida davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarining samarali himoya etilishini taʼminlash hamda maʼmuriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlardan kelib chiqqan holda takomillashtirishga oid chora-tadbirlar belgilab berildi.

Haqiqatdan ham, amaliyotda yuzaga kelayotgan holatlar tahlili maʼmuriy sudlarda ish holatlarini isbotlash majburiyati taraflarning oʻziga yuklatilgani ularni tengsiz holatga keltirayotganini koʻrsatmoqda. Xususan, huquqi buzilgan oddiy fuqaro yoki yuridik shaxsning oʻz talablarini isbotlab berish boʻyicha imkoniyatlari davlat organlarining resurslariga qaraganda birmuncha cheklangan edi.

Shuningdek, fuqaro yoki yuridik shaxsning shikoyati asosida chiqarilgan sud hujjati ijrosi davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishini taʼminlash uchun taʼsirchan nazorat mexanizmlari mavjud emas edi. Buning natijasida koʻp holatlarda fuqarolar yoki yuridik shaxslar manfaatida chiqarilgan sud hujjati davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan ijro etilmasdan qolayotganining guvohi boʻlayotgan edik.

Ushbu holatlar inobatga olingan holda hujjatda davlat organlari qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni koʻrib chiqishda maʼmuriy sudlarning rolini kuchaytirish, ularni fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining haqiqiy himoyachisiga aylantirishga qaratilgan muhim choralar belgilandi. Masalan, maʼmuriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda maʼmuriy sudlarga ishning haqiqiy holatlarini aniqlash uchun oʻz tashabbusi bilan dalillarni yigʻish majburiyatini yuklash, huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga esa dalillarni yigʻishda faqat oʻz imkoniyati doirasida ishtirok etishga sharoit yaratish nazarda tutildi.

Mazkur qaror bilan huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik subyektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga unga sababiy bogʻlanishda boʻlgan zararni undirish talabini ham maʼmuriy sudga bildirish huquqi taqdim etilgan holda bunday talablarni koʻrib chiqishni maʼmuriy sudlar vakolatiga oʻtkazish huquqiy jihatdan mustahkamlab berildi.

Endilikda qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilganidan soʻng maʼmuriy sudlarning ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar boʻyicha hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro etilmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan sud jarimalari qoʻllaniladi.

Oʻzining buzilgan huquqini qonuniy himoya qila olish fuqarolar, davlat organlari, tashkilotlar, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlari uchun muayyan bilim va koʻnikmalar mavjud boʻlishini talab etadi. Bunga erishish esa, ular uchun eng qadrli boʻlgan vaqti va mablagʻining tejalishiga olib keladi hamda ortiqcha ovoragarchiliklarga barham beradi.

Bir soʻz bilan aytganda, sud-huquq tizimini xalqaro standartlarga mos ravishda rivojlantirish hamda sohada bu kabi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi davlat organlari faoliyatini qonuniy asosda yuritilishini, fuqaro va yuridik shaxslar huquqlari va manfaatlari samarali himoya etilishini taʼminlashga, maʼmuriy sud ish yurituvini xalqaro standartlarni inobatga olgan holda takomillashtirishga, sohada ochiqlik va shaffofligini taʼminlanishida, eng muhimi, maʼmuriy sudlarni haqiqiy xalq sudiga aylantirishga xizmat qiladi.

Muzaffar Bobonazarov,

Xorazm viloyat sudining

iqtisodiy ishlar boʻyicha sudyasi.