Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi barchani birdek toʻlqinlantirdi. Yangi Oʻzbekiston milliy taraqqiyotning yuksalish davriga dadil qadam qoʻygani, bu oʻzgarishlar barcha sohalarda sezilayotgani aniq raqamlarda koʻrsatildi. Xalqaro standartlarga koʻra, bu koʻrsatkichlar mamlakatimizdagi
barcha fuqaroni birdek qamrab oladi. Kam taʼminlangan oilalardan tortib, aholining oʻziga toʻq, badavlat qatlamigacha hisobga olinadi.
Davlatimiz rahbari oʻtgan sinovli yillarning taʼsiriga, jumladan, pandemiya va jahonda kechayotgan keskin iqtisodiy, siyosiy inqirozga qaramay, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishilgan baʼzi yutuqlarni sanab oʻtdi. Xususan, yalpi ichki mahsulot hajmi 2018-yilda 52 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda ilk bor 80 milliard dollardan oshgani, jumladan, sanoat ishlab chiqarish sohasiga 8 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kiritilib, 19 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingani aytildi. Vaholanki, Oʻzbekistonning 2018-yildagi eksport qiymati 14 milliard dollarni tashkil etgandi.
Bu yil mamlakatimiz uchun xalqaro maydonda yangi ufqlarni ochish yili boʻldi. Koʻhna va navqiron Samarqand shahrida Turkiy tilli davlatlar rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvi yuqori saviyada oʻtkazildi. Shu saʼy-harakatlar bois, bugun Yangi Oʻzbekiston jahon hamjamiyatida katta qiziqish bilan kuzatilayotgan siyosiy makonlardan biriga aylandi. Yosh va qudratli davlat sifatida eʼtirof etilmoqda. Bunday izchil, koʻp vektorli demokratik va iqtisodiy-siyosiy islohotlar integratsiyalashuvida Prezidentimiz ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili muhim asos boʻlmoqda.
Insoniyat XXI asrga mintaqa va jahon tinchligiga rahna solib kelayotgan Afgʻonistondagi urush oʻchogʻini oʻchirish bilan emas, balki iqtisodiy va demografik inqirozlar, biologik xatarlar, turli siyosiy noaniq xavflar bilan qadam qoʻydi. Koʻz oʻngimizda sodir boʻlayotgan ayrim tartibsizliklar, vayronkor harakatlar bir tomon boʻlsa, sayyoramizdagi iqlim oʻzgarishi, yer va suv, havoning oʻtkir ifloslanishi, tabiiy resurslar kamayishi ikkinchi tomon boʻldi. Ushbu xatarli omillar barcha mamlakatlar qatori Oʻzbekistonga ham sezilarli darajada taʼsir qilayotgani sir emas.
Murojaatnomada taʼkidlanganidek, aholi farovonligini oshirish, shaffof muhit yaratish, korrupsiyasiz jamiyat sari dadil qadam tashlash natijasida koʻplab yutuqlarga erishildi. Jumladan, raqamlashtirilgan platformalarning jadal ishga tushirilishi maktab, bogʻcha va shifoxonalarni koʻpaytirish, taʼlim va tibbiyot sifatini oshirish, mahallalarda yoʻl, suv, elektr, transport muammolarini hal qilish, ish oʻrinlari ochish, tadbirkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratish va adolatni taʼminlashda inson omilini kamaytirib, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiyaning oldi olinishiga asos boʻlmoqda.
2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berish taklif qilindi. Bunda ham katta hikmat bor, albatta. Uning zamirida mehnatkash, odamiyligi yuksak, orzu-umidlari charogʻon, buyuk kelajakka aniq maqsad bilan intilayotgan qudratli xalq yashayotgan Oʻzbekistondagi davlat siyosati mehvarida inson qadri, huquq va manfaatlari turganidan dalolatdir.
Zotan, oʻtgan davrda mamlakatimizda barcha jabhalarni rivojlantirishga institutsional yondashuv keng tatbiq etildi. Bu jarayonda fuqarolik jamiyati institutlari, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligi va fuqarolarning huquqiy savodxonligi yanada oshdi. Dunyoqarashi oʻzgardi. Yangilanishlar, birinchi navbatda, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish instituti boʻlgan mahallalarda namoyon boʻlmoqda.
Prezidentimiz davlat investitsiya dasturlari mahalla darajasiga tushirilishi haqida soʻz yuritarkan, bu goʻshadagi turmush sharoitini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratdi. Aynan 2023-yilda suv, elektr, yoʻl, maktab kabi loyihalar uchun aholi taklifi hisobga olingan holda, qariyb 3 barobar koʻp, yaʼni 8 trillion soʻm yoʻnaltirilishi fikrimiz tasdigʻidir.
Bu ishlar avvaldan tizimli bajarib kelinayotganini taʼkidlash joiz. Shu yilning 11-oktyabr kuni davlatimiz rahbari raisligida mahallalarda aholini oʻylantirayotgan masalalarni hal etish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida 2022-yilning oxirgi ikki oyida 5 ming 284 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 2 trillion 700 milliard soʻm ajratilishi belgilandi. Ichki yoʻllarni taʼmirlashga ajratiladigan mablagʻ miqdori 2,2 barobar oshirilib, “Tashabbusli byudjet” doirasida 1,5 mingta mahalladagi loyihalar uchun 1 trillion 300 milliard soʻm yoʻnaltiriladigan boʻldi.
Albatta, bu pul xalq manfaatiga xizmat qilishi shart. 17-oktyabr kuni Prezidentimiz huzurida mahallalar infratuzilmasiga ajratilayotgan mablagʻning sarflanishi boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda mazkur yoʻnalishdagi masalalar koʻrib chiqilgani sababi shundan. Yoshlar mahallada ulgʻayadi. Shu bois, ularni mahalla taʼsirida kitobga jalb qilish taʼlim-tarbiyadagi eng samarali usullardan. Murojaatnomada endi har bir qishloq va ovulning, mahallaning oʻz kutubxonasi hamda ruhan tetiklik baxsh etuvchi sport maydonchasi boʻlishi haqidagi tashabbuslar davlatning yoshlarga qaratgan eʼtiborining yana bir dalilidir.
Eng katta yangilik va qoʻllab-quvvatlovlardan biri shuki, mahalla oʻzining muammosini mustaqil hal qilishi uchun “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etiladi. Bu mexanizm 1-yanvardan ishga tushirilib, mol-mulk va yer soliqlarining bir qismi mahallaning oʻzida qoladi. Haqiqatan ham, mahallada har bir fuqaro eʼtiborda. Ayniqsa, jamiyatda ayollarning oʻrni va rolini mustahkamlash, ularni oilaviy zoʻravonlikdan himoya qilish, oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalari mahalla oldiga muhim vazifalarni qoʻymoqda.
Shu maqsadda, viloyat, shahar (tuman), hatto chekka qishloq va ovullarda ham xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Notinch oilalarda jabrdiyda ayollarga maxsus order berilib, zoʻravonlikdan himoya qilinmoqda. Bunday ayollar ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu ham insonparvarlikning yana bir koʻrinishi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Hududlarda Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari ish boshladi. Korxona, tashkilot va muassasalarda xotin-qizlarning 34 mingdan ortiq boshlangʻich tashkiloti tuzildi. Buning natijasida qariyb 100 ming ayol-qizning bandligi taʼminlanib, 40 mingdan ziyodi tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Banklar tomonidan 11 ming xotin-qizga 1 trillion soʻmdan ortiq kredit, 3 ming 335 nafariga kichik biznes loyihalari uchun Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan jami 70 milliard 922 million soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi.
Kasb-hunarga oʻqitish, uy-joy bilan taʼminlash masalasida ham mahalla qonuniy jihatdan yordam koʻrsatyapti. Erishilgan bunday natijalarni esa raqamlarda hali uzoq davom ettirish mumkin. Biroq ayollarning minnatdor chehrasi, farovon yashashga ishtiyoqi ortib borayotgani har qanday natijadan ustun, nazarimda.
Murojaatnomada aholining munosib hayot kechirishi va uy-joyga ega boʻlishi toʻgʻrisida Asosiy qonunimizga yangi moddalarni kiritish lozimligi taʼkidlangani har bir yosh, har bir fuqaroga katta umid baxsh etdi. Shu bilan birga, ayrim kichik xonadonlarda ikkita-uchta oila boʻlib yashayotganlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz. Kelgusida yangi uy-joylar qurish hajmi 1,5 barobar oshirilib, 90 mingga yetkaziladi.
Xususan, 2023-yilda Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanishi, uning doirasida turar joyga ehtiyojmand hamda yosh oilalar uchun eng
qulay shartlar asosida uy-joylar barpo etilishi tashabbusi ilgari surildi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, yurtimizda mahalla tizimiga ham shunday vazifa yuklatilyaptiki, odamlar bandligini taʼminlash uchun omillarni yaratish lozim. Yaʼni eng chekka hududlarda ham tadbirkorlikni rivojlantirish, sanoat korxonalarini koʻpaytirish, kichik biznesga keng yoʻl ochish, investitsiyalarni jalb etish kabi yoʻnalishlarni yanada faollashtirish talab etilmoqda.
Mahalla institutini shakllantirish hisobiga oxirgi yillarda 1,08 milliondan ziyod fuqaroning bandligi taʼminlanib, 519,2 ming nafari jamoat ishlariga jalb qilindi. Yana 371,2 ming fuqaroga oʻzini oʻzi band qilish orqali vaqtinchalik mehnat guvohnomalari rasmiylashtirilgani ijtimoiylashuvning ochiqligini koʻrsatadi.
Qishloq joylarda aholining tirikchiligi yer bilan bogʻliqligini yaxshi bilamiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 100 ming gektar ekin yerning dehqonchilik qilish uchun yoshlarga, ayniqsa, muhtoj oilalarga xatlab berilishi natijasida 1,5 million tonna qoʻshimcha oziq-ovqat gʻamlandi. Qishloqlarda 400 mingta yangi dehqon xoʻjaligi tashkil qilindi, 1 million 200 mingdan ziyod yurtdoshimiz band boʻlib, daromad oldi. Bu chindan-da xalqchil va oqilona tadbir boʻldi.
Bunday xalqchil ishlarni davom ettirgan holda, 2023-yilda ham suv taʼminoti yaxshi 100 ming gektar qoʻshimcha ekin maydoni aholiga ajratilishi aytib oʻtildi. Ayniqsa, kooperatsiyani faol qoʻllab-quvvatlash, kichik va oʻrta quvvatli saqlash, saralash va qayta ishlash infratuzilmasini rivojlantirish jarayoni izchil amalga oshiriladi. Oziq-ovqat xavfsizligi va ish bilan bandlik darajasini oshirish uchun agrar sohada yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish loyihalariga 2023-yilda 1 milliard dollar ajratiladi.
Murojaatnomada davlatimiz rahbari Markaziy Osiyoda aholisi bir milliondan oshgan shaharlar soni 7 taga yetgani, jumladan, Samarqand va Namangan shaharlari “oʻsish nuqtasiga” aylanib borayotgani, oʻz navbatida, jahonga mashhur megapolis va xalqaro turizm, biznes markazlariga aylanganini qayd etdi. Masalan, Namangan shahri sanoat, tadbirkorlik, taʼlim, madaniyat sohalarida mintaqaviy markaz sifatida rivojlanmoqda. Bu ikki azim shaharning alohida maʼmuriy-hududiy birlik sifatida respublika boʻysunuviga oʻtkazilishi tashabbusi ijtimoiy yuksalishning yana bir timsolidir.
Yangi Oʻzbekistonni qurishda maʼmuriy buyruqbozlikdan voz kechib, “ijtimoiy davlat” sari jadal odimlashning Konstitutsiyada mustahkamlanishi haqidagi taklif ijtimoiy tarmoqlarda katta olqishlarga sabab boʻldi. Bu jarayonni kuzatib, xalqchil islohotdan aholi rozi boʻlayotganini, ertangi kunga ishonchi yanada mustahkamlanayotganini ilgʻash qiyin emas.
Yaponlarda “Sen farzandingning miyasini bolalikda bilim bilan toʻldir, katta boʻlsa, uni aqli boqadi”, mazmunida aytilgan naql nechogʻliq haqiqat ekani Murojaatnomada, birinchi navbatda, eʼtibor Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratilishi misolida oʻz tasdigʻini topdi. Xususan, oʻqituvchilar maqomini, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash hamda 2023-yildan boshlangʻich sinflarda mutlaqo yangicha metodika asosida yaratilgan darsliklar boʻyicha oʻqitish yoʻlga qoʻyilishi sohadagi eng katta qadamlardan biri boʻldi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, maktabdan ona tili va chet tillarni oʻqish va uqish, kompyuterni bilish darajasini oshirish, kasb-hunar, sanʼat va madaniyatga qiziqtirish yoshlarning barkamol inson boʻlib ulgʻayishini taʼminlash bilan birga, madaniyatini ham tarbiyalaydi. Erkin va demokratik jamiyat qurar ekanmiz, oʻquvchilarda erkin, tanqidiy va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish zarurligi ilgari surilayotgani ertangi kunimiz egalari uchun muhim huquqiy islohotlar boshlanayotganini anglatadi.
Anjumanda xususiy sektorni rivojlantirishda hududlar oʻrtasidagi iqtisodiy tengsizlikni qisqartirish, barcha tuman va shaharlarni bir maromda rivojlantirishda tuman va shaharlarning ichki imkoniyatidan kelib chiqib 5 toifaga ajratish yuzasidan fikrlar bildirildi. Jumladan, tadbirkorlar uchun subsidiya, kredit va kompensatsiyalar toifalar boʻyicha ajratilib, ular uchun soliq stavkalari ham alohida hisoblab chiqiladi. Biznesga soliq yukini kamaytirish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.
1-yanvardan qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini 15 foizdan 12 foizga pasaytirish hisobiga tadbirkorlar ixtiyorida yiliga kamida 14 trillion soʻm qoladi. Xalqchil, ochiq va pragmatik, keng miqyosli ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni qamrab olgan mazkur Murojaatnoma tom maʼnoda xalqimizning dilidagi gaplar ifoda etilgan tarixiy dastur boʻldi. U barchamizni ulugʻvor maqsadlar yoʻlida birlashib, kelajak avlod farovonligi va Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga safarbar etadi.