Maʼnaviy taraqqiyot saboqlari

    Fikr 26 Dekabr 2023 1562

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan kengaytirilgan yigʻilishidan keyingi oʻylar

    XXI asrda anglab yetgan haqiqatlarimizdan biri shuki, mamlakatlar oʻrtasida ziddiyatlar avj olaversa, biror davlatda roʻy bergan baxtsiz hodisaga bepisand qarasak, befarq boʻlaversak, oddiy xalq oʻz muammolari bilan yolgʻiz tashlab qoʻyilsa, bunday vaziyatda taraqqiyot inqirozga yuz tutadi, insoniy munosabatlar izdan chiqadi.

    Ochiq aytamiz, bugungi siyosiy diplomatiya allaqachon yangi oʻzanini topgan. Bu yoʻl “kuch diplomatiyasi”ga asoslangani bilan gʻoyat tahlikali va xatarli boʻlib qolmoqda. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, bugun jahon miqyosida taraqqiyot surʼatlari misli koʻrilmagan darajada shiddatli tus olmoqda. Ayni vaqtda azaliy qadriyatlar, ijtimoiy-siyosiy qarashlar tizimida chuqur transformatsiya jarayonlari yuz bermoqda. Ilgari oʻz maqsad va manfaatlarini, asosan, diplomatiya va siyosat bilan himoya qilib kelgan dunyodagi qudratli markazlar endi ochiqchasiga bosim oʻtkazish, qarama-qarshilik va toʻqnashuvlar yoʻliga oʻtganiga hammamiz guvohmiz.

    Bunday sharoitda tinchlikparvar, taraqqiyparvar davlatlar oldida nihoyatda murakkab va ogʻir yoʻl qoladi. Bu — milliylikni, oʻzlikni saqlash yoʻli. Yangi Oʻzbekiston ham ana shu yoʻlda.

    Gap shundaki, qudratli davlatchilik, tamadduniy intilishlar quvvatiga ega qutlugʻ zaminimizda azaldan siyosiy diplomatiya ham, ijtimoiy va iqtisodiy diplomatiya ham oʻz maromiga yetib, yuksak darajaga koʻtarilgan. Lekin yana bir haqiqatdan koʻz yumib boʻlmaydi. Qachonki biz ichki parokandalik bilan yashagan boʻlsak, ilm-fan, ziyolilarga eʼtiborni susaytirgan, ularni eshitmagan, oʻgitlariga quloq tutmagan boʻlsak, xalqimiz taqdiri, milliy davlatchiligimiz xavf ostida qolgan, tashqi zulm iskanjasiga tushganmiz.

    Toʻgʻri, u kunlar — tarix, ortda qolgan. Ammo tarix haqiqatlaridan tegishli xulosa chiqarmagan, saboqlanmagan zaminda milliy davlatchilik ruhi tobora oʻtmaslashib boraveradi. Shu maʼnoda, aytish joizki, yangi Oʻzbekiston tanlagan yoʻl zamiridagi katta tushunchalarni har birimiz chuqur va teran anglamogʻimiz hayot-mamot masalasi sifatida maydonga chiqib kelmoqda.

    Prezidentimizning Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqini tinglar ekanmiz, buni yanada teranroq his qildik.

    Davlatimiz rahbari mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi Gʻarb ilm-fani yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarurligi haqida qaygʻurdi. Lekin ularni kim tarbiyalaydi, degan haqli savolni oʻrtaga qoʻydi. Javobni ham oʻzi aytdi: Albatta, oʻzimiz tarix saboqlari, zamon talablari asosida tarbiyalashimiz zarur.

    Nafsilamrini aytganda, qadimdan milliy xavfsizlikning doimo eng muhim uchta asosi boʻlib kelgan. Birinchisi — milliy ruh joʻshqinligi, ikkinchisi — iqtisodiy va maʼnaviy taraqqiyot uygʻunligi, uchinchisi — xalq va hokimiyat oʻrtasidagi aloqalarning mustahkam yoʻlga qoʻyilgani.

    Ammo dunyoviy tutumlarning oʻzgarayotgan bugungi fonida hududiy yaxlitlik va tarixiy makon xavfsizligini taʼminlash yana bir qator omillarga bogʻliq boʻlib qolmoqda.

    Ulardan biri — milliy gʻurur makonini shakllantirish. Gap shu haqda ketganida, milliy gʻurur bobida bugungi ahvolimiz qay darajada, degan haqli savol tugʻilishi tabiiy.

    Milliy gʻurur, avvalo, xalq va davlat oʻrtasidagi toʻsiqlar olib tashlanishi bilan shakllanishni boshlaydi. U Vatanga sadoqat va muhabbat hissi bilan joʻsh uradi. Maʼnaviy va maʼrifiy yuksalish bilan mustahkamlanadi, qadriyatiy asosga ega boʻladi.

    Oʻzingiz oʻylab koʻring, biz yaqin-yaqingacha turkiy dunyo haqida lom-mim demadik. Oʻzligimizni oʻylashdan choʻchib yashadik. Jadid bobomiz — Choʻlponning goʻzal Turkistoni unut boʻlayozdi. Bunday vaziyatda milliy gʻurur haqida gapirish ham, oʻylash ham oson boʻlmaydi. Chunki milliy oʻzlik yoʻq joyda milliy birlikka putur yetadi. ­Milliy tarqoqlik esa kishilar qalbida xufiyona qarash va yot eʼtiqodlarni uygʻotadi...

    Bugun yangi Oʻzbekistonda milliy gʻururlanish yoʻli muvaffaqiyatli boshlangani guvohi boʻlib turibmiz. Avvalo, xalq bilan hokimiyat oʻrtasidagi toʻsiqlar olib tashlandi. Oʻzaro muloqot muhiti paydo boʻldi.

    Muloqotda hikmat koʻp. Bu jarayonda oddiy turmush masalalaridan tortib, mahalla, qishloq, tuman va shahar, mamlakat miqyosidagi ogʻriqli muammolar yuzaga chiqadi. Odamlar oʻz orzu-umidlarini aytadi, ularning roʻyobini koʻradi.

    Pirovardida, fuqarolarning islohotlarga boʻlgan ishonchi yuksala boradi. Bu yerda ishonch hissi hal qiluvchi ahamiyatga ega va biz aytmoqchi boʻlgan keyingi fikrlarimizni bir-biriga jipslashtirib boraveradi.

    Taraqqiyotga erishish yoʻli hech qachon oson kechmagan. U shunchaki amalga oshadigan yoki quruq gap bilan boʻladigan jarayon emas. Baʼzi davralarda maʼnaviyat mavzusida, milliy gʻoya haqida gap ketsa, “holsiz qarashlar”ga guvoh boʻlishimiz ham sir emas. Ammo biz nimagaki erishgan boʻlsak, barchasining zamirida maʼnaviyat va milliy gʻoya ruhi hukmron ekanini unutmasligimiz kerak.

    Prezidentimiz bu haqda ham toʻxtalib, mamlakatimizda Dunyoviy davlat konsepsiyasini ishlab chiqish tadbirlari boshlanganini maʼlum qildi.

    Zamon rivojlanib borgani sari insoniyat va umuman, mamlakatlar oldida yangi tendensiyalar, yangi muammolar paydo boʻlmoqda. Ular orasida yoshlar ongini egallash uchun kechayotgan kurash eng xavflisidir.

    Bu xavf qanchalik kuchli ekanini bilish uchun oddiy misol keltiramiz. Inson — qalb egasi. Qalb esa kechinmalar, his-hayajon va oʻzgaruvchan tuygʻular bilan bogʻliqdir. Shu maʼnoda, ongni boshqarish aksar hollarda “qalb siyosati” bilan yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni kishi qalbiga topilgan har bir yoʻl va u orqali ongni boshqarish uchun yuborilgan xabarlar yoki bilvosita urinishlar bamisoli koʻrinmas virus kabi keng tarqaladi. Oqibatda jamiyatda turlicha qarashlar paydo boʻladi. Yoʻq joydan ijtimoiy muammolar urchiy boshlaydi. Bularning barchasi bir boʻlib davlatga ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltiradi.

    Milliy gʻoya va milliy gʻurur ruhi bilan sugʻorilgan millatgina bunday hiylayu nayranglarga chalgʻimaydi, tanlagan yoʻlidan ortga chekinmaydi. Shu bois, Dunyoviy davlat konsepsiyasini ishlab chiqish va uni yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning fundamental prinsiplari asosiga qurish ayni vaqtida ilgari surilgan tashabbus ekanini anglash qiyin emas. Chunki biz yuqorida ham aytganimiz kabi taraqqiyotning nihoyatda murakkab va mashaqqatli yoʻli har birimizdan oʻta hushyorlikni talab qiladi. Bunda esa konseptual asosga ega boʻlgan millatgina oʻz maqsadlariga erisha oladi.

    Biz yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanini qatʼiy belgilab qoʻydik. Lekin aytish kerakki, butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham ayrim holatlarda konstitutsiyaviy tuzumga yot boʻlgan qarashlarni diniy niqob ostida ilgari surish holatlari kuzatilmoqda.

    Bu oʻrinda bizga yana bobomeros buyuk tariximiz saboqlari qoʻl keladi. Amir Temur bobomiz oʻz oʻgitlarida aytadi: “Ulamo bilan suhbatda boʻl va pok niyatli, toza qalbli kishilarga talpin. Bularning himmatlaridan ulush tilanib, muborak nafaslari bilan duo-fotiha berishlarini iltimos qil”. Ulugʻ maʼrifatparvar Ibrat domla esa bunday deydi: “Millatni kim isloh etar? Ulamo gʻayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”.

    Oʻzbekiston — ulamolar yurti. Bugun tomirlarimizda joʻsh urib turgan yangilanish quvvati bilan aytamizki, islom dini doimo ezgulik va bagʻrikenglik dini boʻlib kelgan. U dunyoviy taraqqiyotni hech qachon inkor etmagan, aksincha, ragʻbatlantirgan.

    Bugun Uchinchi Renessans gʻoyasini ilgari surayotgan milliy jamiyatimizda ham bu qarashlar oʻzgargan emas. Shu bois, biz yana bir bor oʻzimizni isloh qilishga zarurat sezishimiz kerak. Negaki, Prezidentimiz muhtaram ulamolarimiz, din peshvolarini inson qadrini ulugʻlash, tinchlik va bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan islohotlarimizda faol boʻlishga, oʻzlarining maʼnaviy fazilatlari bilan boshqalarga oʻrnak koʻrsatishga chaqirar ekan, “hajga, umraga borib kelgan har bir yurtdoshimiz maʼnaviyat targʻibotchisi boʻlishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerak. Afsuski, hamma joyda ham shunday boʻlmayapti. Ziyorat bahona oʻzini koʻz-koʻz qilish, manmanlikka berilish kabi bizga yarashmaydigan xunuk holatlar koʻzga tashlanmoqda. Bular albatta barchamizni oʻylantirishi kerak”ligini bejiz taʼkidlamadi.

    Darhaqiqat, biz maʼnaviy taraqqiyot haqida gapirar ekanmiz, uni, avvalo, oʻzimizni isloh qilishdan, qalb va ong uygʻunligini, fikrlar va maqsadlar tiniqligini, sofligini taʼminlashdan, maqsadlar qutlugʻligini amalda koʻrsatishimizdan boshlashimiz kerak boʻladi.

    Maʼnaviyatda korrupsiya boʻladimi? Maʼnaviyat oʻgʻrisi, kushandasi-chi?

    Bor. Ular nopok kimsalar, yovuz kuchlardir.

    Mamlakatimizda keyingi yillarda mahallalar obodligi, odamlar turmushi farovonligini taʼminlashga eng koʻp eʼtibor qaratilmoqda. Bu, bir qarashda, odatiy yoki oddiy manzaradek tuyiladi. Ammo bu kabi ezgu ishlar zamirida katta hayotiy falsafa turganini baʼzan unutib qoʻyayotgandekmiz.

    Bir kun janjal boʻlgan joydan qancha kun baraka qochishini yaxshi bilamiz. Ammo mahallalarda sodir etilayotgan fojiali jinoyatlar, noqonuniy harakatlar, korrupsiya alomatlarining jamiyat hayotiga salbiy taʼsirini qanday baholash kerak?!

    Bu bevosita maʼnaviy kemtiklik bilan bogʻliq taqdirlar ekanini aslo unutishga haqqimiz yoʻq. Zero, har qanday korrupsiya, jinoyat va vahshiyona harakatlar, avvalo, maʼnaviyatsizlikdan kelib chiqadi.

    Shu bois, mahallalar obodligi yoʻlidagi saʼy-harakatlarni, avvalo, munosiblik baxti deb bilsak, undan soʻng hech ikkilanmay aytishimiz kerakki, bu kabi sarishtalikni kishilar qalbiga koʻchirish istagi va maqsadi mujassam.

    Yana bir gap. Biz atrof-muhit obodligini qalbimizga koʻchirmas, maʼnaviy oziqlanishdan ortda qolar ekanmiz, jamiyatdagi illatlarga barham berish nihoyatda qiyin boʻladi.

    XXI asr maʼnaviy taraqqiyot asri ham boʻlib qolmoqda. Dafʼatan, nega bunday gap boshlaganimizga hayron boʻlmang.

    Chunki dunyo oʻzgarmoqda. Siyosiy diplomatiyaning kuchi qay tomonga yoʻnaltirilayotganini yuqorida taʼkidlagan edik. Shunday sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy raqobatga tayyorgarlik darajamizni kuchaytirish zarurati yuzaga keladi. Ayniqsa, yoshlar ongini yuksaltirish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hayot-mamot masalasi boʻlib kun tartibiga chiqadi.

    Buning uchun qanday yoʻl tutmoq kerak? Bu savolga javobni ilgʻor jadid bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiydan izlaymiz: “Sizlargʻa vasiyat qilaman. Maorif yoʻlida ishlaydurgʻon muallimlarning boshini silangizlar! Oʻrtadan nifoqni koʻtaringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qoʻymangizlar!”.

    Mana bu vasiyat bugungi kunimizda ham oʻz taʼsir kuchini yoʻqotgani yoʻq. Toʻgʻri, biz bu borada koʻp yillarni boy berdik. Ne tongki, yangi Oʻzbekiston sharoitida ilm-fan sohasi oʻz mavqeini tikladi, ziyolilar qatlami eʼtibor topdi. Yurtimiz oʻqituvchilari va bolalari maktabga qaytdi.

    Fikrimiz dalilini uzoqdan qidirmaylik. Yaqinda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilganining 80-yilligini keng miqyosda nishonladik. Shu munosabat bilan Prezidentimizning Fanlar akademiyasi jamoasiga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, milliy tariximizda yorqin iz qoldirgan birinchi va ikkinchi Renessanslar zamirida, avvalo, ilm-fan yutuqlari mujassamdir. Bugun biz barpo etayotgan Uchinchi Renessans poydevori ham, hech shubhasiz, inson kapitali, ilm-fan, innovatsiya va yangi kashfiyotlar asosida bunyod qilinadi.

    Bu yoʻl oson yoʻl emas. Yuqorida biz taʼkidlagan barcha omillarni oʻzida uygʻunlashtirish yoʻlidir. Bu yoʻl — milliy gʻoya ham, umumbashariy manfaatlar ham birlashgan, sodda qilib aytganda, dunyoda insoniy munosabatlarni tartibga solish yoʻli boʻlmogʻi kerak.

    Shu bois, biz bugungi davrimizni bejiz maʼnaviy taraqqiyot asri, deya sifatlamadik. Axir maʼnaviy taraqqiyot boʻlmagan joyda iqtisodiy manfaatlar shukuhi xiralashib qoladi. Moddiyat bilan bogʻliq munosabatlarning tartibsiz urchishi esa insoniyatni tanazzul botqogʻiga yetaklaydi. Kishilar feʼl-atvori yovvoyilashib, qadr-qimmat tuygʻulari yoʻqolib boraveradi.

    Bugun maʼnaviyat boshqa sohalardan oʻn qadam oldinda yurishi kerak, maʼnaviyat yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi shart! Bu daʼvat zamirida ham hayot falsafasini koʻramiz.

    Davlatimiz rahbari nega kitobxonlikni ilgari suryapti? Nega teatrga qaytishni, kino sanʼatini yuksaltirishni istayapmiz? Milliy qadriyatlarimiz — maqom, baxshichilik, hunarmandchilikni rivojlantirish nima uchun kerak boʻlyapti?

    Bular shunchaki joʻn savollar emas. Chunki ularning har birida milliylik ruhi bor. Ular qon-qonimizga singib ketgan. Eng muhimi, biz sanagan — har biri oliy maqom darajasida yetuklik kasb etgan bu sanʼat turlari azal-azaldan tarbiya vositasi boʻlib kelgan. Yana shunday vositaki, ularda ezgulik va umumbashariy tamaddun hodisasi kuylangan, targʻib qilingan.

    Prezidentimiz Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan majlisidagi nutqida madaniy diplomatiyani rivojlantirish haqida koʻp yaxshi fikrlarni ilgari surdi. Kreativ iqtisodiyot haqida ham gapirdi.

    Bugungi tahlikali dunyoda madaniy diplomatiyani rivojlantirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Boisi, xalqlarni birlashtirish va umummilliy maqsadlar yoʻlida oʻzaro tushunish siyosatini targʻib qilishda madaniy diplomatiyaning oʻrni muhim. Kreativ iqtisodiyot esa ana shu maqsadlarga erishishda asosiy vosita boʻlib topiladi.

    Maʼlumki, kreativ iqtisodiyotning valyutasi, bu — gʻoya. Uning bosh asosi — gʻoyalar, noyob fikrlash qobiliyatiga ega kontent yaratuvchilar sanaladi. Kreativ iqtisodiyot rivojlanishi uchun hech qanday aniq tabiiy resurslar, qulay geografik joylashuv yoki raqobatdosh ustunlikning boshqa tashqi omillari talab qilinmaydi. Buning uchun faqat bilim va isteʼdod kerak boʻladi, xolos. Demak, bu sohani rivojlantirish uchun ijodkorlik zarur.

    Bundan koʻrinadiki, kreativ iqtisodiyot biz uchun bir qadar yangi yoʻnalish. Ammo buning uchun bizda zamin bor. Tarixiy shaharlarimiz, boy madaniy merosimiz, har biri xalqaro festivalga aylanishi mumkin boʻlgan sanʼatimiz, buyuk davlatchilik tariximiz bor.

    Oʻzgarayotgan dunyoning maʼnaviy qiyofasini tasavvur qilib koʻradigan boʻlsak, ertaga — oradan qanchadir yillar yil oʻtib, hayotimiz mazmun-mohiyati qanday boʻlishi haqida oʻylashning hozir mavridimi yoʻqmi, bilmadik, lekin bir narsani unutmasligimiz kerakki, har qaysi davr va makonda maʼnaviy taraqqiyotsiz yaxshilik maqsadiga erishib boʻlmaydi.

    Shu maʼnoda, Prezidentimizning “Hammamiz bir haqiqatni unutmasligimizni istardim. Hayot bor ekan — jaholat ham, maʼnaviy tahdidlar ham boʻlishi tabiiydir. Ammo eng xatarlisi — yurt kelajagiga loqaydlik, ezgu qadriyatlarga nisbatan beparvolikdir. Tinch va farovon hayot qurish uchun, avvalo, odamlar qalbida bir-biriga hurmat, xalqqa, Vatanga mehr va ishonch mustahkam boʻlishi zarur”, degan gaplari har birimiz uchun hayotiy kurash maqsadi boʻlmogʻi kerak.

    Xalqimizda “Tinch elning bogʻi gullar”, degan yaxshi maqol bor. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot davriga qadam qoʻygan, shu bilan birga, dunyoda tahlikali munosabatlar avj olayotgan bugungi kunlarda bu maqolning qadri yanada oshadi. Shu maʼnoda aytish kerakki, maʼnaviyat har birimizning hayotimizda yangi kuch va yangi harakatga aylansagina, moddiy va ijtimoiy munosabatlarda oʻzaro bagʻrikenglik, halollik va adolat muhiti shakllansagina, tarixiy makon haqiqatlaridan toʻgʻri xulosa chiqarib, ajdodlarimiz shonu shavkatiga munosib boʻlsakkina, oldimizga qoʻygan maqsadlarga, albatta, erishamiz.

    Salim DONIYOROV