– Almaz xonim, Oʻzbekistonga bu galgi tashrifingiz sizda qanday taassurot qoldirdi?

– Navoiy shahrida tashkil etilgan bu qutlugʻ anjumanga ham katta hayajon bilan tayyorgarlik koʻrdim. Har safar Oʻzbekistonga kelganimda Alisher Navoiy hazratlari yodi bilan bir hayajonga tushsam, oʻzgarishlar va yangilanishlar shashtidan yana bir hayratga chulgʻanaman. Konferensiya avvalida AQSH, Kanada, Albaniya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Eron, Moʻgʻuliston, Tojikiston kabi oʻndan ortiq davlatdan kelgan navoiyshunos olimlar, adabiyotchilar, davlat arboblari va professor oʻqituvchilar bilan “Anjuman mushoirasi”ni oʻtkazdik. Tilingda bol kabi erib, qalbingga bu olam mohiyatini ajib hikmatlari ila joylaguvchi Alisher Navoiy gʻazallari kimni ham oʻziga maftun etmaydi deysiz... Ana shu zavq va ilhom, katta ehtirom bilan buyuk mutafakkir nomi bilan ataluvchi istirohat bogʻida qad rostlagan Navoiy hazratlari haykali poyiga gulchambarlar qoʻydik.

Taʼkidlashim lozimki, anjuman juda koʻtarinki ruhda oʻtdi. Unda oʻqilgan har bir maʼruza va bildirilgan yangi mulohazalar shuurimizga oʻzgacha surur bagʻishladi. Masalan, kanadalik professor Dilsora Fozil eʼtiborga molik fikrlarni oʻrtaga tashladi. U XV asrda islom maʼrifatining tarqalishida Alisher Navoiyning roli toʻgʻrisida qiziqarli maʼlumotlarni keltirdi. Yalpi yigʻinda esa olima buyuk mutafakkir koʻp hollarda yozuvchi, shoir sifatida ulugʻlansa-da, siyosatshunoslik va falsafaga qoʻshgan hissasini eʼtirof etish chetda qolib ketgani va bu hozirgi zamon olimlariga oʻzgacha masʼuliyat yuklayotganini aytib oʻtdi.

Shu oʻrinda ana shunday ilmiy anjumanlarni oʻtkazish tashabbusi bilan chiqayotgani uchun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, Alisher Navoiy nomidagi jamgʻarma xodimlariga, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasiga oʻz minnatdorligimni bildirman.

– Anjumandagi maʼruzangizda “Alisher Navoiy adabiy merosi ozarbayjon adabiyoti va adabiyotshunosligida” nomli tadqiqotingiz bilan bogʻliq muhim maʼlumot va mulohazalarni aytib oʻtdingiz. Alisher Navoiy ijodining ozarbayjon adabiyotiga taʼsiri borasida soʻz ketganida bir necha shoirlar safining avvalida, albatta, Fuzuliyning dilbar misralari yodga keladi...

 Bu masala adabiyotshunosligimizning alohida bir sahifasini tashkil qilishini taʼkidlashni istardimUstozim Jannat Nagʻiyevaning taʼbiri bilan aytganda, Alisher Navoiy Nizomiy Ganjaviy, Imomiddin Nasimiy kabi buyuk klassiklarimizdan qanchalik taʼsirlangan boʻlsa, XVI asrda yashab ijod etgan Fuzuliyning ham Navoiydan taʼsirini shunday baholash lozim:

Oʻlmushdi Navoiyi suxandon,

Manzuri – shahanshohi Xuroson..

Adabiyotshunos olim Mir Jalol “Fuzuliy sanʼatkorligi” monografiyasida bunday yozadi: “Arablarda Abu Navas, forslarda Xoja Hofiz, oʻzbeklarda Alisher Navoiy kabi mashhur va buyuk gʻazal ustalari yetishib chiqdi. Fuzuliy Ozarbayjonda gʻazal sanʼatining yuksak namunalarini yaratdi va uni yuksak pogʻonaga koʻtara oldi”. Alisher Navoiy XV asrda butun turkiy dunyo adabiyotidagi ulugʻ dahodir. Fuzuliy bu daho ijodidan taʼsirlandi. Uning Alisher Navoiyning “Koʻrgach” radifli gʻazaliga yozgan nazirasini keltirish oʻrinli:

Koʻnglum ochilur zulfu parishonin koʻrgach,

Könlüm açılır zulfu-pərişanını görgəc,

Nitqim tutulur qönçəyi-xəndanını görgəc.

Baxdıqca sənə qan saçılır didələrimdən,

Bağrım dəlinir navəki-müjganını gorgəc.

Gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy adabiy merosi oʻsha davr ijodkorlariga katta taʼsir koʻrsatdi. Buning sababi esa, birinchidan, bashariy mavzular ila adabiyot maydonida uning kabi qalam tebratgan boshqa sanʼatkorning yoʻqligi, ikinchidan, turkiy dunyo adabiy maktabining qudratli soʻz vorisi ekani, uchinchidan esa uning adabiy kamtarligi va yuksak madaniyat egasi boʻlganidir.

“Alisher Navoiy ijodining ozarbayjon adabiyotiga taʼsiri” mavzusini faqat Muhammad Fuzuliy ijodi misoli bilan tugatib boʻlmaydi. Buni yana kengroq ifoda etish mumkin. Temuriylardan boʻlgan Sulton Husayn Boyqaro hukmronligi davrida Hirotda ilm-fan, adabiyot, tarix, rassomlik yuksak choʻqqiga koʻtarildi. Bu yuksalishning ovozasi butun dunyoga yoyildi. Xuroson, Movarounnahr, Ozarbayjon, Iroq, Rum, Hindiston kabi oʻlkalardan ilm olish uchun koʻplab yoshlar Hirot tomon oshiqar edi. Ularning aksariyati tahsil tugagach, oʻz Vataniga qaytsa, boshqalari Hirotda qolib, oʻz ilmlarini yanada mustahkamlar edi. Navoiy doim isteʼdodli yoshlarni topib, ularga moddiy va maʼnaviy koʻmagini ayamasdi. Yosh ijod ahli Alisher Navoiy ishtirokidagi adabiy majlislarda qatnashar, gʻazalxonlik kechalaridagi ajib lahazalarga oshno boʻlardi.

Manbalarda Husay Boyqaroning nabiralariga saboq berganlar orasida ozarbayjonlik yoshlar koʻpchilikni tashkil etgani qayd etilgan. Shunday yoshlardan biri Hirotda oʻqish uchun kelib, keyinchalik Vataniga qaytgan, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarida nomi zikr etilgan Mavlono Ziyo Tabriziy boʻlgan.

Ziyo Tabriziy Husayn Boyqaro saltanatining soʻnggi kunlariga qadar Hirotda yashagan, soʻngra Tabrizga ketib, shu yerda vafot etgan. U goʻzal qasidalar muallifi sifatida tanilgan, lugʻz va muammo janridagi asarlari ham borligi haqida manbalarda qayd etilgan. Hatto qasidalaridan birini Husayn Boyqaroning oʻgʻli Shohgʻarib Mirzoga bagʻishlagan. Bulardan tashqari, turk va fors tillarida ham goʻzal qasida, muammo hamda boshqa janrlarda asarlar bitgan. Navoiy “Majolis un-nafois”da Ziyo Tabriziy haqida maʼlumotlar keltirib oʻtgan.

XVI asrda Hirot adabiy maktabi, xususan, Alisher Navoiy davrasining dovrugʻi butun Sharqda keng yoyildi. Sheʼrga, ijodga ishtiyomand yoshlar Hirotga – Alisher Navoiy huzuriga otlanishardi. Ular bu yerda Navoiydan inja sanʼat goʻzalliklarini oʻrganishar, doimo shoirdan moddiy va maʼnaviy koʻmak olardi. “Majolis un-nafois” tazkirasida ulardan bir nechasining nomini sanalib (Ziyoiy, Xulqiy, Basiriy va b.), ijodidan namunalar keltirilgan.

Hamid Araslining fikricha, “Kishvariy ijodiga mashhur oʻzbek shoiri Alisher Navoiy juda katta taʼsir koʻrsatgan. Shoir hamisha Navoiyni oʻziga ideal inson, ijodkor deb bilgan. Uning gʻazallariga oʻxshatib yozishga intilgan”. Tabriz adabiy muhitida tarbiyalangan shoirga hasad qiluvchilar koʻp edi. Alisher Navoiy esa uni oʻz himoyasiga olib, doimo qoʻllab-quvvatlab turdi. Isteʼdodli shoir va xattot sifatida tanilgan, ozarbayjon (turk) adabiy tili shakllanishida ulkan hissa qoʻshgan Neʼmatullo Kishvariy ustozi Navoiyga ehtiromini bunday ifodalaydi:

Kişvəri şe´ri Nəvai şeʻrindən əksik iməs,

Bəxtinə duşsəydi bir Sultan Huseyni Bayqara [8, 344 b.].

Boshqa bir gʻazalida esa bunday yozadi:

Nəvai himmətindən Kişvəri əhli-nəzər boldu,

Cəhan mülkün tutar şeiri nəzər bolsa Nəvainin [9, III].

– Shu oʻrinda buyuk mutafakkir ijodiga ozarbayjon adabiyotining taʼsiri haqida ham aytib oʻtsangiz...

– Ozarbayjon adabiyotshunosligida Navoiy ijodiy merosini oʻrganish, umumiy maʼnoda, navoiyshunoslik alohida bir yoʻnalishni tashkil etadi. Bundan 93 yil avval Bokuda boʻlib oʻtgan Birinchi turkologlar qurultoyida Alisher Navoiy nomi eʼtirof etilib, chop etilgan asarlari turk dunyosining taniqli shaxslariga tuhfa etilgani, anjuman shoʻbalaridan biri ulugʻ shoir nomi bilan atalishi ham yuqoridagi fikrlarimiz isbotidir. Ozarbayjonda Alisher Navoiy siymosi doim ulugʻlanib kelinadi. Ilmiy izlanishlarim jarayonida ulugʻ shoir ijodiga ozarbayjon adabiyotining taʼsirini ham oʻrganib chiqdim.

Alisher Navoiy isteʼdodining chegarasi bepoyon. U buyuk daho, siymodir. Aslida “Alisher Navoiy ijodiga ozarbayjon adabiyotining taʼsiri” tadqiqoti uchun hech bir manba, tadqiqotni izlashga ehtiyoj yoʻq. Chunki shoir asarlarining kirish qismida uning oʻzi buyuk sanʼatkorlar, ulugʻ insonlarga hurmatini namoyon etarkan, ulardan koʻp ijod sirlarini oʻrganganligi, oʻziga ustoz deb bilishini eʼtirof etib oʻtadi.

– Alisher Navoiy “Xamsa”ning ikki dostoni syujetini yaratishda ozarbayjon mumtoz adabiyoti vakillari Nizomiy Ganjaviy va Ashraf Maragʻiy dostonlaridan ilhomlanganini aytib oʻtadi...

– Alisher Navoiy Nizomiy Ganjaviyning xamsachilik anʼanasini davom ettirib, arab va fors tilida emas, balki ilk bor turkiy tilda “Xamsa” yaratdi. Turkiy tilda ham “Xamsa” yaratish mumkinligini isbotlab, bu tilning goʻzal va boy ekanini butun dunyoga koʻrsatdi. Obrazlar, voqealar rivoji bir xil boʻlsa-da, Navoiy oʻz dahosi orqali unga yanada joziba, yangicha ruh va tarovat baxsh etdi. Qayd etganingizdek, shoirning oʻzi “Xamsa”sining ikki dostoni syujetini yaratishda Ozarbayjonning buyuk klassiklaridan Nizomiy Ganjaviy va Ashraf Maragʻiy dostonlaridan ilhomlanganini aytib oʻtadi. Alisher Navoiy “Xamsa” dostonida buyuk shoir Nizomiy Ganjaviy dahosiga hurmatini bajo keltiradi. Uning isteʼdodidan hayratlanganini taʼkidlaydi. “Farhod va Shirin” dostonidagi mana bu satrlar ulugʻ ustoziga boʻlgan cheksiz hurmat va eʼtirof namunasidir:

Emas oson bu maydon ichra turmoq,

Nizomiy panjasiga panja urmoq.

Kerak sher olida ham sher jangi,

Agar sher oʻlmasa bori palangi.

Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida ulugʻ ozarbayjon mutafakkiri Imomiddin Nasimiy haqida ham alohida toʻxtalib oʻtadi: “Iroq va Rum tarafidagʻi mulkdin erkandur. Rumiy va turkmoniy til bila nazm aytibdur va nazmida haqoyiq va maorif bagʻoyat koʻp mundarijdur. Mazkur boʻlgʻon mulk ahligʻa aning sheʼri muqobalasida hamonoki sheʼr yoʻqdur. Hamono taqlid ahli ani mazhabida qusur tuhmatigʻa muttaham qilib, shahid qildilar. Mashhur mundoqdurki, terisin soʻyar hukm boʻlubdur. Ul holatda bu sheʼrni debdurki:

  • Qibladur yuzung nigoro qoshlaring mehroblar,
  • Surating musʼhaf vale xolu xating eʼroblar.
  • Va bu sheʼrning taxallusi ushbu muddaogʻa doldurkim:
  • Ey, Nasimiy, chun muyassar boʻldi iqboli visol,
  • Qoʻy, teringni soʻysa soʻysun bu palid qassoblar”.
  • Imomiddin Nasimiy vafotidan 24 yil oʻtib Alisher Navoiy tavallud topgan. Demakki, Imomiddin Nasimiyning hayotlik vaqtida yozgan misralari Alisher Navoiyning asarida keltirilganki, buni ishonarli manba deyish mumkin.

Xulosa qilib aytganda, biz qisqa qaydlarda Alisher Navoiy ijodiga ozarbayjon adabiyotining taʼsiri masalalarini yoritishga urindik. Taʼkidlash joizki, Alisher Navoiy ijodiga Afzaliddin Hoqoniy, Nizomiy Ganjaviy, Qosim Anvar, Imomiddin Nasimiy, Orif Ardabiliy, Ashraf Maragʻiy kabi klassiklar adabiy merosining taʼsiri masalalarini shoirning oʻzi asarlaridan qayd etib oʻtganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.

– Oʻrta asr, xususan, Alisher Navoiy davri adabiyoti oʻrganilar ekan, umumturkiy adabiy til muammosi oʻrtaga chiqadi. Aslini olganda, Hasanoʻgʻli, Imomiddin Nasimiy, Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliy tili oʻrtasida tushunilmaydigan biror soʻz yoki ibora yoʻq hisobi. Shunday emasmi?

– Bu klassiklarning adabiy tillarini oʻrganish uchun ularning adabiy merosini oʻrganish maqsadga muvofiqdir. AMEA qoʻlyozmalar institutining nodir nusxalar fondida Alisher Navoiy va Muhammad Fuzuliyning bir kitobda jamlangan “Devon”i saqlanadi. Bunda bitilgan asarlarni qiyoslaganda, adabiy til oʻrtasidagi uygʻunlikni sezish qiyin emas. Ikki ijodkor devonining bir kitobda jamlanishi bir anʼana oʻlaroq maydonga kelgan. Bu qoʻlyozma asosida adabiyotshunoslar tomonidan qator tadqiqotlar yaratilgan. Jumladan, M.Sultonovning “Fuzuliy va Navoiy devonining qoʻlyozmasi xususida”, M.Odilovning “Navoiy va Fuzuliyning bir jildda jamlangan “Devon”lari haqida”, J.Nagʻiyevaning “Navoiy va Fuzuliyning bir jilddan oʻrin olgan “Devon”lari qoʻlyozmasi”, O.Ulviyning “Navoiy va Fuzuliyning “Devon”lari bir jildda” tadqiqotlarini qayd etib oʻtish lozim.

Jannat Nagʻiyeva qoʻlyozma sahifalarini varaqlar ekan, ikki daho ijodkorning soʻzlari orasidagi farqni ajratib boʻlmasligini qayd etadi. Ikki ijodkor asarlari tili bir-biridan uzoqda emas. Navoiy tili shunday jozibali, aniq ifodalanganki, uni bizning tilimizga asliyatda tushunish mumkin. Yaʼni hech qanday tarjimaga muhtojlik yoʻq.

Alisher Navoiyning umumturkiy adabiy til shakllanishida, uning mavqei oshishidagi hissasi beqiyosdir. Shoir “Xamsa”si bilanoq buni isbotladi. Shuningdek, “Muhkamat ul-lugʻatayn” asarida turkiy til qimmatini ilmiy asoslab berdi. 2020-yilning ilk oylarida Alisher “Navoiyning hikmatli soʻzlar”i (Yashar Qosim va Akif Azalp hamkorligida) nomli bir kitobcha nashr etdik. Kitobning titulida “tarjimonlar” degan yozuvni qoʻyishga jazm etmadik. Chunki Alisher Navoiy tili butun turkiy xalqlar tilidir. “Alisher Navoiy ijodi ozarbayjon adabiyoti va adabiyotshunosligida” mavzusi ikki qardosh xalq adabiy aloqalarining oltin sahifasidir.

Alisher Navoiy ijodining ozarbayjon adabiyotshunosligida oʻrganilishi masalasini ikki aspektda baholash mumkin. Birinchisi, adabiy taʼsir, ikkinchisi, adabiyotshunoslikda yozilgan tadqiqotlar - maqolalar, monografiyalar misolida. 2008-yilda kaminaning “Ozarbayjon-oʻzbek adabiy aloqalari” monografiyasi chop etilgan ediki, unda bu masalaga keng sahifalar ajratilgan va atroflicha bayon etilgan. Shuningdek, 2009-yilda nashr etilgan “Alisher Navoiy ozarbayjon adabiyotshunosligida” nomli maqolalar toʻplamida ham oʻrganayotgan muammomiz batafsil yoritilganini alohida taʼkidlash lozim. Bu nashrdan soʻng, yaʼni keyingi 10 yil ichida ham Alisher Navoiy ijodiga oid qator tadqiqotlar yaratildi. Xususan, mening ham Alisher Navoiy ijodi, umuman, oʻzbek adabiyotiga doir 20 ga yaqin kitob va 300 dan ortiq maqolam eʼlon qilindi. Ayni paytda 550 sahifali “Alisher Navoiyning asri va nasr (ilmiy filologik va diniy asarlari)” monografiyasi nashr etilish arafasida.

– Mashhur ozarbayjon shoiri Salim Bobullo oʻgʻli Oʻzbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov va Sirojiddin Sayyidning sheʼrlarini oʻzbek tilidan ozarbayjon tiliga mahorat bilan tarjima qilganidan xabarimiz bor. Bugungi kundagi oʻzbek-ozarbayjon adabiy aloqalari rivojida yana qaysi ijodkor va adabiyotshunoslarning izlanishlari sizni quvontiradi?

– Ozarbayjonlik mashhur shoirlar Ajdar Oʻl va Salim Bobullo oʻgʻli joriy yilda Oʻzbekistonga kelib, Samarqand, Buxoro va Toshkentni ziyorat qilib ketishdi. Ijodiy uchrashuvlar ularda juda katta taassurot qoldirganiga suhbatimiz davomida guvoh boʻldim. Ayniqsa, Salim Bobullo oʻgʻli oʻzbek adabiyotining bugungi toʻlqinlari, yangi ovozlari haqida toʻlib-toshib soʻzlab berdi. Shu oʻrinda Salim Bobullo oʻgʻlining ijodiga toʻxtalib oʻtmoqchiman. U hozir ozarbayjon modern sheʼriyatining yorqin namoyandalaridan biri, shoir, tarjimon va essenavis. U oʻzbek sheʼriyati vakillaridan Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayyid, Xurshid Davron, Aziz Said sheʼrlarini ozarbayjon tiliga oʻgirgan. Bir qancha xalqaro (Turkiya, Serbiya, Qirgʻiziston) va milliy (“Anor butogʻi”, “Kitob–2003”, “Kitob–2004”) mukofotlar sovrindori. Yevropa ozodlik shoiri (The European Poet of Freedom) xalqaro adabiy tanlovi nominanti (2018). U ayni paytda Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi idora hayʼati aʼzosi, Badiiy tarjima va adabiy aloqalar markazi rahbaridir.

Oʻzbekistondagi Ozarbayjon madaniyat markazi tomonidan tashkil etilgan uchrashuvda Ajdar Oʻl Oʻzbekistonning noyob tarixiy obidalaridan qanchalar hayratga tushgani borasida aytib oʻtdi. Mashhur ozarbayjon shoiri, nosir, dramaturg va tarjimon sheʼr, hikoya, pyesa, badia janrlarida ijod qiladi. Qirqdan ziyod kitob muallifi. Asarlari 10 dan ortiq tilga tarjima qilingan. Ajdar Oʻl bir qancha portret-hikoyalari uchun Milliy kitob mukofotiga (2010), “Yasha” sheʼriy kitobi uchun Ozarbayjon madaniyat va turizm vazirligining “Oltin soʻz” mukofotiga, “Harbiy-dala qoʻmondonining maymuni” hikoyasi Mahmud Koshgʻariy nomidagi xalqaro tanlovida Gran-priga sazovor boʻlgan.

Uzoq yillardan beri kamina hazrat Navoiyning adabiy merosi va hayotini oʻrganish va oʻrgatishni maqsad qilganligim bois oʻzbek sheʼriyatiga oid yangiliklardan imkon qadar boxabar boʻlishga harakat qilaman. Yaqinda shoira Nargiza Asadning Turkiyada Emina Bakar tarjimasida chop qilingan “Mujde” (“Xushxabar”) kitobining ilk sahifasida Alisher Navoiy nomini koʻrgach, vaqt ajratib oʻqishni oʻzim uchun burch deb bildim. “Alisher Navoiyning huzurida” sheʼrida bunday satrlar bor:

Men ham keldim bu mardu maydon,

Bir soʻz topsam qani xoliga.

Yozganlarim bir tutam qogʻoz,

Arziydimi hazrat poyiga.

Nargizaning sheʼrlarida ajib bir samimiyat bor. Muallifni hayratga solgan ikki muqaddas jihat uning butun sheʼrlarida koʻrinadi: soddalik va tabiiylik. Tabiatning muhtasham intizomi Yaratganning istagiga koʻra ishlaydi. Odamzod qancha urinsa ham, bu ilohiy intizomni buzishga jahd qilsalar ham, tabiat oʻz ishini muqaddas nizomga muvofiq davom ettiraveradi.

Oʻzbek va ozarbayjon xalqlari hamisha doʻst va qardosh boʻlgan. Turkiy xalqlar ichida bu ikki xalqning tili, urf-odatlari va yaxshi anʼanalari mushtarakdir. Millatimiz gʻururi boʻlgan Afzaliddin Hoqoniy, Nizomiy Ganjaviy, Imomiddin Nasimiy, Alisher Navoiydan to Bobur, Fuzuliy, keyinroq Maqsud Shayxzoda, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovgacha boʻlgan daholarimiz adabiyotimizning ham oʻzaro qanchalik yaqin ekanini namoyon etadi. Shu bilan birga, bu ikki xalq bir ummondan oqqan ikki daryo misoli har dam har jabhada hamholu hamnafas. Ayniqsa, soʻzga muhabbat bobida ham eʼtirofga munosib xalqlardir.

Tarixiy anʼanasi gʻoyat teran boʻlgan adabiy aloqalarimiz bugungi kunga kelib, yanada kuchayib, ijodkor insonlarning oʻzaro aloqalari yaxshilanib bormoqda. Asarlari har ikki tilga tarjima qilinmoqda. Bu, albatta, shoir va yozuvchilarning oʻzaro tanilishi yoʻlidagi ijobiy hodisalardir.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi