Yaʼni uch ming yillikdan ziyod shonli tariximizni yangi Oʻzbekiston bilan bogʻlaydigan, inson va xalq qadrini ulugʻlaydigan aql-tafakkur markazi aynan Xastimom majmuasi yonida bunyod etilishi bejiz emas.

Xastimom majmuasi nafaqat yurtimizda, balki butun islom olamida alohida nufuz va eʼtibor qozongan tabarruk mas­kandir. Majmua tarkibidagi Qaffol ­Shoshiy maqbarasi, Baroqxon va Moʻyi muborak madrasalari, Tillashayx hamda Namozgoh masjidlari asrlar davomida xalqimiz tomonidan asrab-avaylab kelinmoqda.

Koʻhna Toshkentning Sebzor dahasidagi Hazrati Imom ziyoratgohi poytaxtning bosh yodgorlik majmualaridan sanaladi. ­“Xastimom” soʻzi “Hazrati Imom” iborasining qisqartirilgan shaklidir. Mazkur joy atamasi shu yerdagi asosiy ziyoratgoh — Toshkent (Shosh)da tugʻilgan, musulmon olami imomlaridan biri Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiy maqbarasi nomidan olingan.

Mahalliy xalq Imom Qaffol Shoshiy hurmatidan bu joyni shunday atagan. Mazkur tabarruk maskan koʻhna poytaxtimizning diniy-maʼrifiy, ilmiy-madaniy markazlaridan biri boʻlgan. Zero, Toshkentda islom madaniyatining Shayx Xovand Tohur, Zangi ota, Xoja Aʼlambardor, Suzuk ota, Yunusxon maqbaralari hamda Abulqosim va Koʻkaldosh madrasalari, shuningdek, Xoja Ubaydullo Ahror Valiy, Shayx Zayniddin nomlari bilan bogʻliq koʻplab tarixiy obidalari mavjud.

XIX asr oxirlarida Toshkent toʻrtta — Beshyogʻoch, Koʻkcha, Sebzor va Shayxontohur mustaqil hududiy mavzelariga boʻlinib, alohida-alohida boshqarilgan. Imom Qaffol Shoshiy ziyoratgohi va atrofi bevosita u zotning nomi bilan bogʻlanib, yuqorida aytilganidek, Xastimom (Hazrati Imom) deb atalgan.

Xastimom oʻz davrida Toshkentning ilm-fan, hunarmandlik va savdo-sotiq markazlaridan biri sanalgan. Bunga ushbu ­hududning jugʻrofiy joylashuvi, irrigatsiya inshootlari — anhor va ariqlari goʻyo qon tomirlaridek chiroyli taralgani sabab boʻlgan. Toshkentning sersuv anhor va ariqlari azal-azaldan barchani hayratga solib kelgan.

Tarixiy rivoyatlarga qaraganda, bu oʻlkada hukmronlik qilgan Kayxisrav I ning oʻgʻli Kaykovus (ayrim manbalarda Kalkovuz) davridan beri mahalliy aholi asosan zargarlik, mahsidoʻzlik, kulollik bilan dong taratgan. Hududdan oqib oʻtgan ­Kaykovus anhoridan shaharga zilol suvlar tarala bosh­lagach, odamlar chorvachilik, dehqonchilik bilan ham shugʻullanib, bogʻ-rogʻlar barpo etadilar. Shu tariqa Xastimom hunarmand­lik, savdo va ilm-fan, madaniyat markazi sifatida rivojlanib borgan.

Xastimom mahallasi xususida marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari bunday yozib qoldirgan:

“Imom Qaffol Shoshiy nomlari bilan shuhrat qozongan Xastimom mahallasi oʻz zamonasida Toshkentning diniy, ilmiy, maʼnaviy va maʼrifiy markazi sifatida dong chiqargan. Hozirgi diniy idoraning kutubxonasi joylashgan bino Moʻyi muborak madrasasidir. Uzoq vaqtlar ushbu madrasada paygʻambarimiz alayhissalomning muborak moʻylari saqlanib kelingani uchun shunday deb ataganlar. Ilm maskani boʻlgan dargohda koʻp vaqt tasavvuf ahlining yirik namoyandalaridan biri Xoja Ahror Valiydek zot mudarris­lik qilgani haqidagi maʼlumotlar kitob­larda yozib qoldirilgan. Moʻyi muborak mad­rasasi va Tillashayx masjidi joylashgan hududni Mahvatayi mullayon, yaʼni mullalar va ahli ilmlar bilan oʻrab olingan joy, deb atab kelganlar. Mahalliy xalq uni sal buzib “Mahvota”, deya talaffuz qiladi. Darhaqiqat, XVI asrda Mahvatayi mullayon roʻparasida Baroqxon nomi bilan mashhur hukmdor Navroʻz Ahmadxon tomonidan Baroqxon madrasasi ham qurib bitkazilgan. Bu esa Xastimom mahallasi xalqning maʼnaviy hayotida muhim rol oʻynaganidan dalolatdir”.

Rus sharqshunosi Nil Likoshin 1918-yili Toshkentda tashkil etilgan Turkiston xalq (musulmon) universiteti ochilishida avvalo Qaffol Shoshiy nomini ehtirom bilan tilga olgan: “Bugun Yevropa fani Eski Toshkent qismida grajdanlik huquqiga ega boʻlgan quvonchli bir kunda Toshkent musulmonlarining maʼrifati yoʻlida jonboz­lik koʻrsatgan fidoyi, kamtar shaxsning siymosi koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Men shaharning Sebzor qismida shu nomdagi qab­ristonga dafn etilgan Imom Muhammad Qaffol Shoshiy yoki Hazrat ­Imomni esladim. Bu shaxs bilan musulmonlar faxrlanish­lari va bugun oʻzlarining birinchi ustoz­larini yaxshi soʻzlar bilan xotirlashlari lozim...”.

Afsuski, shoʻrolarning ajdodlarimiz qadamjo va ziyoratgohlariga nisbatan oʻtmish qoldiqlari sifatidagi ateistik munosabati natijasida bunday maskanlar eʼtibordan chetda qoldi. Lekin har bir yurtdoshimiz qalbida oʻzi tugʻilib oʻsgan joy nomlari tarixi, urf-odatlari va madaniyatiga mehr, qiziqish soʻnmadi. Istiqlol ajdodlarimiz qadamjolarini obod etish bilan birga ularning faoliyati va ilmiy merosi boʻyicha izlanishlar olib borishga keng yoʻl ochib berdi.

Umuman olganda, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Xastimom majmuasi yonida barpo etilishi tarixiy ildizlarga ega. Muhimi, markaz mahobati, maydoni va qamroviga koʻra dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini oʻrganish hamda targʻib etishga qaratilgan yirik ­majmualardan biri sanaladi.

Neʼmatullo MUHAMMEDOV,

Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

professori, tarix fanlari doktori