Markaziy bojxona laboratoriyasiga press tur uyushtirildi

    Bojxona ekspertizasi koʻmagida tovar kodini aniqlash tovarlarning bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi jarayonlarini yanada yengillashtiradi, eng muhimi davlat byudjetiga bojxona toʻlovlarining toʻliq undirilishiga xizmat qiladi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan 1991-2016-yillarda jami 17 ming 276 ta tovarga tegishli xulosalar berilib, 1,21 million dollar miqdorida qoʻshimcha bojxona toʻlovlari undirilgan boʻlsa, 2017-2021-yillar davomida 4 ming 50 ta tovarlar boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazilib 4,9 million dollar qoʻshimcha bojxona toʻlovlari undirildi.

    Qariyb 30 yil muqaddam tashkil qilingan Markaziy bojxona laboratoriyasi 2021-yil 10-sentyabrda Prezidentimizning “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan bojxona tizimida alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻldi.

    2021-yil 25-noyabr oyida esa Jahon bojxona tashkiloti Bosh kotibi Kunio Mikuriyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida Markaziy bojxona laboratoriyasiga “Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi” maqomi berildi.

    Mazkur nufuzli maqomni qoʻlga kiritish uchun nihoyatda mashaqqatli yoʻl bosib oʻtildi, soʻnggi yillarda laboratoriyani jahon standartlari darajasiga yetkazish boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Laboratoriya “Xalqaro ISO sertifikati”ni qoʻlga kiritdi.

    Endilikda bu yerda murakkab ekspertizalarni oʻtkazish va har tomonlama asoslangan haqqoniy xulosalar berilishini taʼminlash maqsadida laboratoriya AQSH, Angliya, Yaponiya, Germaniya kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan, xalqaro standartlarga mos 20 dan ortiq eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.

    Mazkur laboratoriya nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqadagi davlatlar bojxona laboratoriyalari bilan oʻzaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi, xususan mintaqa davlatlarining bojxona xizmatlariga maslahatlar, tavsiyalar berish, ularning mutaxassislari uchun konsultatsiya va oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazish imkonini beradi.

    Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining Markaziy bojxona laboratoriyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Mazkur qaror bilan ushbu muassasaning asosiy vazifalari belgilandi. Xususan, tovarlarni identifikatsiyasiga muvofiq bojxona ekspertizasidan oʻtkazish, tovarlarni ularning Oʻzbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (keyingi oʻrinlarda — TIF TN) boʻyicha klassifikatsiyalash, nikotin saqlovchi mahsulotlar va spirtli ichimliklar tarkibini aniqlash vazifalari belgilandi.

    Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga TIF TN boʻyicha dastlabki qaror berish, shartnoma asosida tovarlarni ekspertizadan oʻtkazish va sertifikatlash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xizmatlar koʻrsatish, Davlat bojxona xizmati organlari ehtiyojiga koʻra sud ekspertizasining giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar ekspertizasi va boshqa kriminalistik turlarini oʻtkazish, ilmiy-tekshirish ishlarini amalga oshirish belgilangan.

    Qolaversa, mintaqaviy bojxona laboratoriyasi maqomi doirasida xorijiy mamlakatlarning bojxona organlari xodimlari bilan yaqindan hamkorlik qilish va ularga xizmatlar koʻrsatish vazifalari yuklatilgan.

    – Markaziy bojxona laboratoriyasi va hududiy tuzilmalar tomonidan 2021-yilda salkam 9,6 mingta bojxona ekspertizalari amalga oshirildi va natijada davlat byudjetiga salkam 100 milliard soʻmlik qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi, – deydi Markaziy bojxona laboratoriyasi boshligʻi B.Karamanov. – Oʻtgan yilda Markaziy bojxona laboratoriyasiga tovarlarning tarkibi va TIF TN kodiga aniqlik kiritish boʻyicha 330 ta murojaatlar kelib tushgan. Mazkur murojaatlar boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasida esa 73,5 milliard soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovlari hisoblandi. Markaziy bojxona laboratoriyasi tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga tovarlarni TIF TN boʻyicha tasniflash yuzasidan dastlabki qaror qabul qilish xizmati ham koʻrsatib kelinmoqda. Ayniqsa, ushbu xizmat uchun olinadigan haqning 50 yevrodan bazaviy hisoblash miqdorining 75 foiziga yaʼni 203 ming soʻmga tushirilgani xizmatdan foydalanuvchilar sonining oʻsishiga olib kelmoqda.

    Natijada, 2021-yilda tadbirkorlar uchun 4 ming 134 ta dastlabki qaror qabul qilindi. Vaholanki, bu koʻrsatkich 2020-yilda bor-yoʻgʻi 38 tani tashkil qilgan edi. Joriy yilning yanvar oyida esa tovarlarni TIF TN boʻyicha tasniflash yuzasidan qabul qilingan dastlabki qarorlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 137 taga koʻpaydi.