Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 14-aprel kuni qabul qilingan va ijrosi izchillik bilan taʼminlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayonlarining barcha bosqichlarini ommaviy axborot vositalarida tizimli yoritib borishga doir muhim vazifalar belgilangan.
Shundan kelib chiqib, memorandumda Saylov kodeksi va saylov jarayonini tartibga soladigan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning qoidalarini saylovchilar oʻrtasida keng tushuntirish boʻyicha ishlarni samarali tashkil qilish, shuningdek saylov jarayonining ochiqligi, oshkoraligi va transparentligini taʼminlash, saylovchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, siyosiy partiyalar va nomzodlarning saylovoldi dasturlari haqida jamoatchilikni tezkorlik bilan xabardor qilishda oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash nazarda tutilgan.
Imzolangan memorandumni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritib borish, siyosiy partiyalar va nomzodlar uchun ularning saylovoldi dasturlari qoidalari, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga oid mustaqil nuqtayi nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarida teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yoʻli bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, “Xalq soʻzi”-“Narodnoye slovo”, “Hurriyat” gazetalari, “Human.uz”, “Qalampir.uz”, “Bugun.uz”, “Nova24.uz” internet nashrlari, “Bright Uzbekistan” axborot portali oʻrtasida ham oktyabr oyida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida OAVlar bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va oʻtkazilishini yoritish boʻyicha ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.