Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini koʻrib chiqdi

    Saylov 29 Oktabr 2021 2168

    2021-yil 29-oktyabrda Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi. Komissiya aʼzolari 2021-yil 24-oktyabrda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqdilar.

    Qayd etilganidek, pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoitga qaramasdan, karantin qoidalariga amal qilgan holda Prezident saylovida 16 milliondan ziyod yoki 80,4 foiz saylovchi oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etib, oʻzi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.

    Prezident saylovini katta qiziqish bilan kuzatib va oʻrganib borgan xalqaro tashkilotlarning missiyalari, xorijiy davlatlarning mingga yaqin kuzatuvchilari, yuzlab chet ellik jurnalistlar tomonidan mamlakatimiz saylov qonunchiligi va amaliyotida qisqa muddat ichida amalga oshirilgan muhim oʻzgarishlar alohida eʼtirof etildi.

    Saylov kodeksining 95-moddasiga muvofiq, Okrug boʻyicha saylov natijalari faqat uchastka saylov komissiyalarining taqdim etilgan bayonnomalari asosida aniqlanadi. Okrug saylov komissiyasi okrug boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning umumiy sonini, saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini, har bir nomzodni yoqlab berilgan ovozlar sonini hamda haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.

    Okrug boʻyicha saylov natijalari okrug saylov komissiyasining majlisida aniqlanadi va bayonnomaga kiritiladi. Bayonnoma komissiyaning raisi, rais oʻrinbosari, kotibi, boshqa aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda tegishli saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi 14 ta okrug saylov komissiyalaridan saylov okrugi boʻyicha ovoz berish natijalarini aniqlash toʻgʻrisidagi bayonnomalari Markaziy saylov komissiyasiga belgilangan tartibda yetkazib berildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi Okrug saylov komissiyalarining bayonnomalari Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari tomonidan oʻrganib chiqildi. Oʻrganish natijasida mazkur bayonnomalar Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 14-apreldagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining faoliyati tartibi toʻgʻrisidagi Nizom talablariga toʻliq amal qilgan holda rasmiylashtirilgan, deb topildi.

    Majlis soʻngida Komissiya aʼzolari 2021-yil 24-oktyabrda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalarini aniqlash toʻgʻrisidagi bayonnomani tasdiqladilar. Majlisda kun tartibiga kiritilgan qaror ochiq ovoz berish orqali, komissiya aʼzolari tomonidan bir ovozdan qabul qilindi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi

    matbuot xizmati.