Zamonaviy dunyo duch kelayotgan jadal global oʻzgarishlar nuqtayi nazaridan qaraganda, Markaziy Osiyo hududi mintaqaviy rivojlanishning barcha jihatlariga — siyosat va iqtisodiyot, ekologiya va madaniy-gumanitar mezonlarga taʼsir koʻrsatuvchi jiddiy geosiyosiy oʻzgarishlar davrini bosib oʻtayotganini kuzatish mumkin.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida qayd etganidek, “Maʼlumki, Markaziy Osiyo geostrategik joylashuviga koʻra, ming yillar davomida jahon miqyosidagi jarayonlar markazida boʻlib kelgan. Bizning mintaqamiz doimo oʻzining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʻlaydigan noyob koʻprik boʻlib xizmat qilgan.

Ushbu qutlugʻ zaminda dunyo sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk gumanist olimlar, mutafakkir va shoirlar yashab ijod qilgan. Bu yerda ulkan tabiiy zaxiralar, katta insoniy salohiyat mavjud”.

Markaziy Osiyo tamaddunining oʻziga xosligi

Markaziy Osiyo boʻyicha olib borilgan koʻp sonli tadqiqotlar natijalari mintaqaning insoniyat rivojlanishidagi oʻrni nechogʻli muhim ekanidan dalolat beradi. YUNESKO shafeligida chop etilgan olti jildlik “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasining tarixi” kitobi ana shu masalani yoritishga bagʻishlangan.

Birinchi xususiyat. Bu koʻhna zaminda arxeologlar tomonidan aniqlangan kashfiyotlar, bir tomondan, ularning betakrorligidan, ikkinchi tomondan — qoʻshni sivilizatsiyalar bilan erta va yaqin aloqalardan dalolat beradi.

Bu yerda qariyb uch ming yil avval Markaziy Osiyo, Afgʻoniston va Eron xalqlarining koʻp qirrali maʼnaviy-tarixiy yodgorligi — “Avesto” yaratilgan. Ilmiy tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ushbu qadimiy yozma asar yakkaxudolik (monoteizm) gʻoyasini ilgari surib, insoniyat dunyoqarashiga, falsafa, davlat va huquq tizimining rivojlanishiga, dunyoda yaxshilikning yomonlik ustidan gʻalabasi gʻoyalari tarqalishiga, adolatli ijtimoiy boshqaruv, ezgu ish va ezgu amal, munosabatlarning oʻzaro hurmat va ishonch t amoyillari asosida qurilishi kabi omillarga jiddiy taʼsir koʻrsatgan.

Ikkinchi xususiyat. Markaziy Osiyo mintaqasida davlatchilik asoslari shakllangan va Harappa sivilizatsiyasi, Soʻgʻdiyona, Baqtriya, Xorazm, ahamoniylar davlati, Yunon-Baqtriya va Kushon podsholigi, Turk xoqonligi, T yemuriylar va Boburiylar saltanatlari tarixda chuqur iz qoldirgan.

Uchinchi xususiyat. Rivojlangan infratuzilma mintaqa xalqlariga asrlar davomida Qadimgi Rim, Qadimgi Xitoy (Buyuk ipak yoʻli) bilan muvaffaqiyatli savdo-sotiq olib borish imkonini berdi. Hindiston bilan savdo ishlarini yuritishda eng ommaviy yoʻnalishlardan biri (Buyuk hind yoʻli) Qadimgi Baqtriya orqali oʻtgan. Jadal savdo aloqalari, migratsiya oqimi, ilmiy gʻoyalar va oʻzaro madaniyatlar almashinuvi Markaziy Osiyo bilan qoʻshni Janubiy Osiyo oʻrtasida yaqin hamda koʻp qirrali hamkorlikni shakllantirdi.

Toʻrtinchi xususiyat. Ushbu ikki mintaqaning oʻzaro hamkorligi tarixi umumjahon rivojlanish jarayoniga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Bu ulkan hududni haqli ravishda jahon sivilizatsiyasining eng qadimgi beshigi, deb atash mumkin. Masalan, Markaziy Osiyoning Janubi-gʻarbiy hududidagi eng koʻp oʻrganilgan madaniy yodgorliklar orasida Oltintepa sivilizatsiyasi mavjud. Arxeologlarning topilmalari Oltintepa sivilizatsiyasining Mesopotamiya va Hind vodiysi madaniyatlari, shuningdek, Yaqin Sharqdagi Elam davlati bilan yaqin aloqalaridan dalolat beradi.

Beshinchi xususiyat. Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlari umumiy maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarga ega boʻlib, bu ularning buyuk shoiru allomalari — Yusuf Xos Hojib, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Muhammad Haydar, Maxtumquli, Mirzo Gʻolib, Rabindranat Tagor, Abay, Sadriddin Ayniy va boshqalarning ijodida oʻz ifodasini topgan. Yangi tarixiy davr, yaʼni jahon saltanatlarining “katta oʻyini” davriga kelib esa, asrlar davomida qaror topgan uzviy aloqalar, afsuski, uzilib qoldi.

Oʻzbekiston Prezidentining mintaqaviy oʻzaro munosabatlarni tiklash boʻyicha tashabbuslari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqamizning jadal rivoj lanish istiqbollari va jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini strategik jihatdan teran koʻra bilgani tufayli Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi tarixiy aloqalarni tiklash tashabbusini ilgari surdi.

Ushbu geosiyosiy yondashuv tashqi aloqalarning istiqbolli yoʻnalishlarini rivojlantirish orqali mintaqamizning ulkan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-tranzit, ilmiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun vujudga kelayotgan yangi imkoniyatlarni tushunishga asoslangan.

Hozirgi paytda har ikki mintaqa oʻrtasida oʻzaro aloqalarni tiklash uchun obyektiv omillar mavjud. Bugungi kunda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari izchillik bilan amalga oshirilayotgan milliy strategiyalar va tuzilmaviy islohotlar tufayli iqtisodiy oʻsish va barqaror rivojlanish yoʻlidan izchil harakatlanmoqda. Shu bilan birga, eng avvalo, savdo, sanoat, investitsiyalar, energetika, transport kommunikatsiyalari va infratuzilma, suvdan foydalanish, taʼlim, xavfsizlik, ekologiya, ijtimoiy muhit sifati va aholi turmush sharoitini yaxshilash sohalarida mintaqaviy rivojlanishning dolzarb masalalarini samarali hal qilishga intilmoqda.

AQSHlik ekspert F.Starrning fikricha, “Prezident Shavkat Mirziyoyevning transmintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik tashabbusi xalqaro ahamiyatga ega. Shu maʼnoda, ushbu tashabbusning amalga oshirilishi Oʻzbekistonning global kun tartibini shakllantiruvchi sanoqli davlatlar safidan oʻrin egallashiga olib keladi”.

Bu, oʻz navbatida, Shavkat Mirziyoyevning Prezidentligi davrida Oʻzbekiston nafaqat oʻz atrofida Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtira oladigan mintaqaviy yetakchi maqomini mustahkamlashga, balki qoʻshni mamlakatlar uchun ham ularning manfaatlarini ilgari suruvchi ishonchli yetakchi boʻlishga qodir davlatga aylanganini yaqqol namoyon etadi.

Markaziy Osiyo — xavfsizlik, izchillik va barqaror rivojlanish mintaqasi

Xorijlik xalqaro ekspertlarning eʼtiroficha, hozirgi paytda buning uchun zarur va qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda olamshumul oʻzgarishlar amalga oshirildi va bularning barchasi siyosiy ishonchning mustahkamlanishi, yaqin qoʻshnichilik aloqalarining izchillik bilan rivojlanishi, koʻp qirrali hamkorlik va strategik sheriklik timsolida oʻz ifodasini topmoqda. Avvalgi tarqoqlik oʻrnini endilikda mintaqa mamlakatlarining oʻzaro ahilligi, qalin doʻstona munosabatlari va yana-da faol hamda manfaatli hamkorligi egallamoqda.

Ushbu ijobiy oʻzgarishlarning zamirida Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan boshlangan tashqi siyosatning “qayta yoʻlga qoʻyilishi” turibdi. Bu muhim jarayon avvalboshdanoq qoʻshni mamlakatlar bilan murakkab masalalar yechimini izlashga yoʻnaltirildi. Bunday toʻgʻri yondashuv mintaqaning yalpi siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar manzarasiga ijobiy taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Ushbu siyosat asosini “Markaziy Osiyoni xavfsizlik, izchillik va barqaror rivojlanish mintaqasiga aylantirish ustuvorligi” tashkil etadi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvini tashkil etish tashabbusining amalga oshirilishi mintaqamizning siyosiy hayotida muhim voqea boʻldi. 2019-yil 29-noyabrda Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo sammiti ishtirokchilarining qoʻshma bayonotida taʼkidlanganidek, “Markaziy Osiyoda shakllangan mintaqaviy yaqinlashuv tendensiyasi — bu tarixan qaror topgan voqelikdir”.

Mintaqaviy hamkorlikka qoʻshimcha turtki berish maqsadida 2020-yilda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Toshkent shahrida Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro institutini tashkil qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ushbu yangi ilmiy-tadqiqot institutining maqsadi mintaqa mamlakatlari oʻzaro hamkorligining siyosiy-huquqiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar va boshqa jihatlarini tahlil etish, Markaziy Osiyoning tarixiy-madaniy merosini tadqiq qilish, milliy madaniy qadriyatlarni asrab-avaylash va mustahkamlash boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.

Hozirgi paytda mintaqamizda, koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qaramay, hamkorlikning chuqurlashuvi boʻyicha barqaror tendensiya kuzatilmoqda. Eʼtiborli jihati shundaki, Jahon banki mintaqada 2021-yilda 3,7 foiz, 2022-yilda 4,3 foizgacha iqtisodiy oʻsish boʻlishini taxmin qilmoqda. 70 milliondan koʻp aholiga ega Markaziy Osiyo keng koʻlamli iqtisodiy, energetik, tranzit-transport, agrar, shuningdek, intellektual resurslarga boydir. “Boston Consulting Group” xalqaro konsalting kompaniyasi maʼlumotlariga koʻra, mintaqa iqtisodiyoti real sektorining investitsiyaviy salohiyati 40-70 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

Umuman, Markaziy Osiyoning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha salohiyati 170 milliard AQSH dollariga teng. Dunyoda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmining global koʻlamda kamayib borishi asnosida Markaziy Osiyo moʻtadil oʻsish surʼatini namoyish etmoqda va xalqaro sarmoya uchun yangi “frontir”ga, yaʼni tarixiy ahamiyat kasb etadigan makonga aylanishi hech gap emas.

Ayni paytda dengizga olib chiqadigan yoʻli boʻlmagan va eng yaqin bandargohlardan uch ming kilometr olisda joylashgan Markaziy Osiyo mamlakatlarining geosiyosiy barqarorligi va moʻtadil iqtisodiy rivojlanishi koʻp jihatdan yalpi maqsadlarga erishish va strategik vazifalarni hal qilish maqsadida yaqindan mintaqaviy hamkorlik qilishga bogʻliq.

Shunday qilib, Markaziy Osiyo mintaqalararo hamkorlik bosqichining tamomila yangi bosqichiga koʻtarilish uchun siyosiy jihatdan har tomonlama muvofiqlashtirilgan xatti- harakatlarni amalga oshirishi juda ham muhim. Shu nuqtayi nazardan, Janubiy Osiyo mintaqasi Markaziy Osiyo uchun tashqi iqtisodiy hamkorlikning oʻta muhim strategik yoʻnalishini taqdim etadi.