Matonat timsoli yoxud xalqimiz yuragidagi tuganmas nola

    2021 yilning 9 may kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan tantanali marosimda nutq so'zladi.

    Prezidentimiz 1941- yilda respublikamiz aholisi 6 million 800 mingdan ziyod kishini tashkil etganini, Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan qariyb 2 million yurtdoshimiz frontga otlanganini, har biri tom ma'noda qahramon bo'lgan bu aziz insonlarning 500 mingdan ziyodi shafqatsiz janglarda halok bo'lganini ta'kidlab, shunday dedi:

    “Bu dardu alamlarni hech qanday raqam, hech qanday so'z bilan ifodalab bo'lmaydi, desak, yanglishmagan bo'lamiz. Nega deganda, 500 mingdan ziyod qurbon – bu 500 mingdan ortiq fojia degani. Bu umr yo'ldoshidan ayrilgan ming-minglab ayollar, ota-onasidan judo bo'lgan millionlab etim bolalar degani. Bu – oradan shuncha yillar o'tsa hamki, xalqimiz yuragidagi bitmagan, hech qachon bitmaydigan mudhish yara, tuganmas nola va armon demakdir”.

    Davlatimiz rahbari bu borada nashr etilgan “O'zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan g'alabaga qo'shgan hissasi” kitob-al`bomiga to'xtalib, bu yilgi bayram arafasida uning uzviy davomi bo'lgan “O'zbekiston Ikkinchi jahon urushi davrida” va “G'alaba bog'i falsafasi” nomli kitob-al`bomlar chop etilganini, ushbu nashrlarda xalqimizning urush yillaridagi qahramonligi haqida ilgari bizga noma'lum bo'lgan ko'plab yangi ma'lumotlar keltirilganini qayd etib o'tdi va birinchi o'zbek aktrisalaridan bo'lgan Mas'uma Qorievaning fojiali taqdiriga to'xtalib:

    “Mana shunday qayg'uli voqealar bilan tanishganda, qahramon ajdodlarimizning o'chmas xotirasi oldidagi qarzimiz va burchimizni yanada chuqur his etamiz. Bugungi tinch, erkin va yorug' kunlarning qadriga etish kerakligini yana bir bor anglaymiz.

    O'ylaymanki, tarixchi olimlarimiz, ijodkor ziyolilarimiz, kinochi va rassomlarimiz G'alaba bog'idagi har bir majmua haqida yangi ilmiy tadqiqotlar, badiiy asarlar yaratib, xalqimizga taqdim etsa, nur ustiga nur bo'lardi...” – deb ishonch bildirdi.

    Prezident tilga olib o'tgan taniqli san'at ustasi, iste'dodli aktrisa Mas'uma Qorievaning ijodi o'tgan asrning 20-yillariga, yurtimizning jadidlik deb atalgan o'ta murakkab davriga to'g'ri keladi.

    Davlatimiz rahbari 2021- yil 31- avgustida Shahidlar xiyobonida so'zlagan nutqida jadid ota-bobolarimiz xotirasiga ehtirom ko'rsatib, shunday degan edi:

    “Mustabid tuzum davrida yurtimiz ozodligi uchun kurashgan 100 mingdan ortiq vatandoshlarimiz qatag'onga uchragan. Ularning qanchasi «xalq dushmani» degan tuhmat bilan shafqatsiz otib tashlangan. Yana qanchasi surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilgan. Oilalari parokanda bo'lib, mol-mulklari tortib olingan. Bu mudhish jinoyatdan mushtipar momolarimiz, onalarimiz ham omon qolmagan. Minglab ayollar beva, bolalar etim qolgan.

    Bu nafaqat ularning avlodlari, balki butun xalqimiz yuragidagi og'riqdir. Shu bois oradan shuncha vaqt o'tsa-da, barchamiz o'sha mudhish davrni iztirob bilan eslaymiz”.

    Darhaqiqat, xalqimizning eng sara vakillari bo'lmish jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohalarni rivojlantirishga borini bag'ishlagan. Buning badalini o'z jonlari bilan to'lagan. Chunki mustabid tuzumga millat ko'zini ochadigan, unga o'zligini tanitadigan ziyoli insonlar kerak emas edi. Biz bugungi mustaqillik, tinchlik, erkinlik sharoitida ularni eslashimiz, e'zozlashimiz, albatta, ham qarz, ham farz.

    O'zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sultonning “Mas'uma” romani Prezidentimiz misol qilib keltirgan tarixning “jadidlik” deb atalgan eng murakkab davri hamda birinchi o'zbek aktrisasi Mas'uma Qorievaning fojiali taqdiri haqida hikoya qiladi. Ushbu asarni yurtimiz tarixidagi eng qora kunlarning talqini, o'zbek teatrining badiiy tarixi deb atasa bo'ladi.

    Romanda tasvirlangan voqealar – hayotda sodir bo'lgan, bir oz badiiy bo'yoq berilgan haqqoniy voqealardir. Mamlakatimiz tarixining jadidlar davri qanday murakkab bo'lganini bir oila misolida ko'rish mumkin. Chunonchi, Abduvohid qori – mashhur ulamo, “Sho'royi islomiya” va “Mahkamai islomiya” jamiyatlari raisi, bosqinchilar Ufaga olib ketgan muqaddas osori atiqa – Usmon Qur'onini yurtimizga qaytirib olib kelishda jonbozlik ko'rsatgan arbob, ya'ni jadidlik davrining”qadimchi”laridan. Uning to'ng'ich o'g'li Bosit Qoriev – Madaniyat vazirligi san'at boshqarmasi boshlig'i, o'rtancha o'g'li Bois Qoriev, ya'ni Oltoy – “yangilikchi” shoir, Maorif vazirligining mas'ul xodimi. Kelini Mas'uma Qorieva esa o'zbek milliy teatrining birinchi ayol aktrisasi. Davr bu kishilarning birontasini ayab o'tirmaydi, birinchi bo'lib shoir Oltoy “Narkompros” ishi bo'yicha hibsga olinib, o'n yilga surgun qilinadi. So'ngra keksa Abduvohid qori va Bosit Qoriev qamoqqa olinadi. Ikkinchi jahon urushi boshlanganida, mamlakat hukumati qamoqxonadagi mahbuslarga avfi umumiy e'lon qiladi va kim agar ixtiyoriy ravishda frontga jo'nab, jasorat ko'rsatsa, aybnomalar olib tashlanishiga va'da beradi. Ayni shu damda Mas'uma Qorievaning farzandlari, tevarakdagilarning malomatlaridan va xo'rlashlaridan tahqirlangan navnihol yigitchalar – Botir va Shavkat Qorievlar ixtiyoriy ravishda frontga jo'nab ketishadi.

    Bir oila boshiga tushgan ko'rgiliklarni ko'ring! Buning sababi esa:

    – Ey voh, agar o'z davlatimiz bo'lganida edi, bu ishlarga hojat qolmas, davlat xalq ravnaqi uchun kerakli bo'lgan barcha ishlarni bajarar, siz bilan biz esa, o'ynab-kulib yashar edik. Afsuski, davlatimiz yo'q, qudratimiz ham yo'q, barcha bu ishlarni yolg'iz boshimiz bilan qilishga majburmiz... – deydi Abduvohid qori...

    “Mas'uma” romanida nafaqat Abduvohid qori va Mas'uma Qorieva xonadoni misolidagi mudhish ko'rgiliklar, balki xalqimizning sara ziyolilari Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Zahiriddin A'lam, Abdurauf Fitrat, Tavallo, Abdulla Qodiriy, G'afur G'ulom, Cho'lpon, Botu kabi ziyolilar nomlari keltirib o'tiladi. Shuningdek, o'zbek teatrining dunyoga kelishi, ilk sahna asarlari, milliy teatr asoschilaridan biri Mannon Uyg'ur bilan bir qatorda, xalq ehtiromiga sazovor bo'lgan artistlar Etim Bobojonov, Abror Hidoyatov, Sora eshonto'raeva, Zaynab Sadrieva, Mariya Kuznetsova siymolariga duch kelasiz. Dunyo teatrlari tarixida eng yaxshi sahna tomoshasi deb topilgan “Gamlet” va “Otello” sahnalarining hayajoniga shohid bo'lasiz.

    Mas'uma Qorievaning taqdiri, darhaqiqat, achchiq va iztiroblidir. “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artist” unvoni sohibasi, ulug' shoir Cho'lpon “O'zbek teatri malikasi” deb nom bergan bu iste'dodli aktrisa siyosat tufayli shunchalar chetga surib tashlanadiki, oxir-oqibat, azbaroyi teatrdagi insofli kishilar tufayli kasaba uyushmasiga ishga tayinlanib, teatr uchun poytaxtning Qorasaroy mavzesidan ajratilgan tomorqa xo'jaligida meva-sabzavot etishtirish ishlariga kirishib, og'ir yillarda teatr jamoasini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlab turadi. Teatrdan ko'ngli soviydi, iste'dodi xazon bo'ladi. Bolalaridan xat-xabar kelmay qo'ygach, ularning taqdirini bilish uchun Moskvaga otlanadi va mash'um haqiqatdan xabar topadi: endilikda dunyoda uning hech kimi qolmagan, qaynotasi va eri 1938- yildayoq otib tashlangan, ko'zining oqu qorasi farzandlari fashizmga qarshi urushda birin-ketin halok bo'lishgan ekan.

    – Mana, bolalarim... Nomimiz ham oqlandi, – deydi Mas'uma.

    Jasur yigitlardan yodgor bo'lib ikki parcha temir – “Qizil yulduz” va “Qizil bayroq” ordeni qoladi, xolos.

    Marhuma jasadi olis yurtlarda sarson bo'lmasin deb borgan kishilar qiyinchiliklarga duch kelishadi: mayitni uchoqda ham, poezdda ham olib ketishga ruxsat berilmaydi. Nihoyat, marhumaning jasadi kuydirilib, kuli solingan kichik bir idish Toshkentga olib kelinib, to'rt kishining nomidan dafn qilinadi.

    – Bosit Qoriev! Mas'uma Qorieva! Botirxon Qoriev! Shavkatxon Qoriev! Qabringizda tinch yoting! – deyishadi dafn marosimiga kelganlar.

    Siyosiy tuzum bir oilaning kulini shu taxlit “ko'klarga sovurib” yuboradi.

    Afsuski, qotil tuzumning qilmishlari shu bilan tugamaydi. 1953- yilda, Stalin vafot etganidan so'ng nohaq qatag'onga uchraganlar nomi oqlana boshlagan bo'lsa-da, o'sha davrning imperialist arboblari turli respublikalar, ayniqsa Markaziy Osiyo o'lkalari xalqlari boshiga yangidan-yangi tuhmatlar yog'dirishda davom etishadi. Saksoninchi yillar boshiga kelib o'zbek xalqi o'z o'g'lonlarini yana bir adolatsiz urush – Afg'on urushida qurbon beradi, asossiz “o'zbek ishi” kampaniyasida yana minglab vatandoshlarimiz tuhmatga uchraydi. Shu o'rinda 1989- yilda Afg'on urushidan temir tobutda kelgan qahramon yigitimiz Sirojiddin To'raxo'jaev xotirasiga bag'ishlangan bir she'rimni eslatib o'tmoq joiz deb o'ylayman:

    Do'stlari kelsa-yu, kelmasa bolam,

    Do'stlari kulsa-yu, kulmasa bolam.

    Bir paytlar sochini to'zg'itgan ellar

    Hovlida elsa-yu, elmasa bolam.

    Yaxshi ko'rgan qizi kelib yig'lasa,

    So'ngra to'y bo'lsa-yu, bilmasa bolam.

    Suratdan chiqolmay mo'ltirab zor-zor

    “To'ylar muborak”ni tinglasa bolam.

    Kuygan kechalarda uyqum kelmayin,

    “Milt-milt” yulduz bo'lib imlasa bolam.

    G'ira-shiralikda daraxt eshikda

    Bolamday tursa-yu, kirmasa bolam.

    Sahar kosalarga qaymoq to'lsa-yu,

    Keksaygan bu ko'nglim to'lmasa, bolam.

    Kecha topshirishdi “Qizil yulduz”ing,

    Ordenni “bolam” deb bo'lmasa, bolam...

    O'zbek xalqi boshiga kelgan sho'rishlar oradan shuncha yil o'tgach ham davom etaverganiga hayron qolasiz, kishi. Shukrki, mamlakatimiz zulmning og'ir kishanlardan mustaqillik tufayli xalos bo'ldi va bu kabi haqsizliklar tag-tugi bilan barham topdi.

    Bugun adiblarimiz oldida jadid bobolarimizning xotirasini tiklash, ularning fidoyiligi va orzu-armonlari haqida yuksak saviyali badiiy asarlar yaratish kabi sharafli vazifalar bor. Nafaqat jadidlik davri, balki dovruqli tariximizdagi yuzlab sarkardalar, olimlar, shoirlar, mutafakkir allomalar avlodlar e'tirofini kutib turibdi.

    * * *

    Prezidentimiz 2020- yilning 31- avgustida SHahidlar xiyobonida so'zlagan nutqida shunday degan edi:

    “Biz shu vaqtgacha tarixning o'zimizga yoqqan joylarini olib, yoqmagan tomonini yashirib o'tdik. Birovga yoqadimi-yoqmaydimi, g'ururimizmi-armonimizmi, muvaffaqiyatmi yo xiyonatmi hammasini haqqoniy yozish kerak”.

    Yozuvchi Isajon Sultonning ushbu asari ana shunday savobli va kerakli ishlarning debochasidir. SHu munosabat bilan, adib do'stimizni yangi kitobi bilan qutlaymiz hamda bugunimizning iste'dodli shoir va yozuvchilaridan shunday mavzularda yangidan-yangi badiiy pishiq asarlar kutib qolamiz.

    Sirojiddin SAYYID,

    O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi,

    O'zbekiston Respublikasi xalq shoiri