Matonatli xalq yaratayotgan tarixiy haqiqat

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyotining huquqiy poydevoriga aylanadi.

    Shu kunlarda xalqimiz Vatanimizning taqdiri va kelajagi, milliy taraqqiyotimiz uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bilan qizgʻin tanishmoqda.

    Konstitutsiya (lot. constitutio — tuzilish, tuzuk) – davlatning asosiy qonuni hioblanib, u davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi.

    Tarixga bir nazar

    “Konstitutsiya” atamasi Qadimgi Rimdayoq maʼlum boʻlgan (imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun). “Temur tuzuklari” Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatini kasb etgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli taʼsir oʻtkazgan.

    Konstitutsiya alohida yuridik xususiyatlarga ega yagona siyosiy-huquqiy hujjat boʻlib, unda shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarning asosiy prinsiplari oʻrnatiladi. Davlat hokimiyati tuzilishi, subyektlari, hokimiyatni amalga oshirish mexanizmi belgilanadi. Jamiyat, inson va fuqarolarning davlat tomonidan qoʻriqlanadigan huquqlari va erkinliklari mustahkamlanadi. Konstitutsiya bu oʻziga xos konsensus, ijtimoiy shartnoma sifatida oʻz taraqqiyot yoʻlini tanlagan millatning ongli tanlovidir.

    Konstitutsiya inson, jamiyat va davlat oʻrtasida erishilgan oʻziga xos konsensus ifodasi, barchamizning roziligimiz asosida oʻz hayotimizni tashkil etish prinsiplari haqida kelishuv, davlat, uning siyosiy institutlari va oddiy odamlar hayoti va faoliyatida amal qiladigan ustuvor qoidalar, deganidir.

    Bu bosh hujjat oʻz mohiyati va yuridik tabiatiga koʻra, boshqa huquqiy hujjatlardan bir qator muhim jihatlari bilan ajralib turadi. Xususan, Konstitutsiya maxsus subyekt tomonidan yoki uning nomidan chiqariladi, konstitutsiyaviy qoidalar taʼsis etuvchi, yoʻnaltiruvchi, birlamchi ahamiyatga ega boʻladi, konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining keng qamrovliligi bilan tavsiflanadi, yaʼni u nihoyatda muhim va keng koʻlamdagi ijtimoiy munosabatlar doirasiga taʼsir koʻrsatadi.

    Insoniyat tarixiga nazar tashlar ekanmiz, farovon jamiyat barpo etishni orzu qilgan, inson qadri aziz boʻlgan adolatli davlat qurishni oʻz oldiga maqsad qilgan har qanday xalq davlat va huquq taraqqiyotining mashaqqatli, shu bilan birga sharafli yoʻlini bosib oʻtganiga guvoh boʻlamiz. Soʻnggi yillarda xalqimiz yangi ulugʻvor marralar sari sobit qadamlar bilan barcha toʻsiq va qiyinchiliklarni yengib oʻtib, mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy sohalardagi izchil islohotlarni amalga oshirmoqda. Bugun Yangi Oʻzbekiston demokratik prinsiplar, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan normalarga asoslangan, bosh maqsadi xalq uchun erkin, obod hamda farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatga aylanmoqda.

    Shunday ezgu maqsadlardan biri aholining keng qatlami va huquqiy layoqatga ega fuqarolar xohish-irodasi boʻlmish konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishdan iborat boʻldi. Negaki, davlat va jamiyatda tub oʻzgarishlar roʻy berayotgan bir paytda tabiiy ravishda Konstitutsiyaga jiddiy oʻzgartirishlar kiritishga ehtiyoj paydo boʻladi. Zero, har qanday demokratik islohotlar chin maʼnoda xalqchil konstitutsiyaviy asosga ega boʻlsagina, bardavomlik kasb etadi, koʻzlangan ezgu maqsadlarga erishadi.

    Xalqning Bosh qonuni

    Konstitutsiyaning yangi tahrirdagi qiyofasi, mazmun-mohiyati, gʻoya va maqsadi tom maʼnoda xalqimiz ishtirokida shakllandi. Oʻtkazilgan umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod taklif kelib tushdi. Mavjud 128 moddaga yana 27 ta yangisi qoʻshilib, 155 taga yetgani buning yorqin misolidir. Natijada, Konstitutsiya loyihasi deyarli 65 foizga yangilandi.

    Bunday keng qamrovli jarayon butun xalqimiz, ziyolilar, yoshlar, ekspert va mutaxassislar bilan bahamjihat, bamaslahat amalga oshirildi. Natijada faol, yurtimiz taqdiri va taraqqiyotiga befarq boʻlmagan, ertangi kunga katta umid va ishonch bilan qarayotgan, kelajakdan koʻp ijobiy natijalar kutayotgan barcha vatandoshlarimiz takliflari, fikrlari jamlangan hujjat boʻldi, desak mubolagʻa emas.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosi bitta ezgu gʻoya atrofida tubdan qayta yaratilganini koʻrish mumkin. U ham boʻlsa “Davlat – jamiyat – inson” degan tamoyilning “Inson – jamiyat – davlat”ga aylanib, “Inson qadri uchun!” gʻoyasi ustuvorlikka ega boʻlganidir. Yaʼni, yagona shaxsdan tortib, jamiyatning barcha aʼzolari huquqlari va erkinliklari kafolati boʻladigan, barchaga birdek daxldor meʼyorlarni jamlagan huquqiy hujjatni koʻrish mumkin.

    Loyihadagi “Oila” bobida bolalar va yoshlarga eʼtibor kuchaytirilgan. Ayniqsa, 79-modda yosh avlodni oʻylab, uning yashashi, turmush tarzi, taʼlim va tarbiya olishi, sogʻligʻi va ish bilan taʼminlanishi kafolatlari ijtimoiy himoya turlari bilan boyitilgan. Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 50, 51, 52, 53-moddalariga muhim oʻzgartirishlar, yangiliklar kiritilgan.

    Taʼlimdagi islohotlar

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning eng muhim jihatlaridan biri ilm-fanni, taʼlimni rivojlantirishga katta eʼtibor berilgani bilan izohlanadi. Taʼlim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki barobar koʻpaydi.

    Davlat uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlashi, maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlanmoqda. Bunda oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy-madaniy salohiyatini saqlash va boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilayotgani, davlat oʻqituvchilarning shaʼni, qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy-moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi konstitutsiyaviy kafolatlanayotgani taraqqiyotimiz asosini tashkil etadi. Alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim-tarbiya tizimi yoʻlga qoʻyilishi ham gʻoyat eʼtiborlidir.

    Hozirda “bepul umumiy taʼlim olish” belgilangan boʻlsa, endilikda “bepul umumiy oʻrta taʼlim va boshlangʻich professional taʼlim olish” kafolatlanmoqda. Yangilangan Konstitutsiyaning 51-moddasida “Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olish huquqiga ega” kabi ijtimoiy himoyaga yoʻnaltirilgan bandlar oʻrin olgan.

    Bu haqda gap ketganda, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan sifatli qamrab olish darajasi 80 foizga yetkazilib, 600 ming yangi bogʻcha oʻrni yaratilgani, Prezident maktablarida 130 mamlakatda maʼqullangan “A-level” taʼlim dasturi yoʻlga qoʻyilgani, 40 dan ziyod OTMga akademik va moliyaviy mustaqillik berilgani, talabalar uchun imtiyozli taʼlim kreditlariga resurslar ikki barobar koʻpaytirilgani, olimlar ish haqi 4,5 barobar oshirilganini alohida taʼkidlash joiz. Jumladan, fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Oliygohlarda oʻqish uchun davlat grantlari soni 2017-yilgacha faqat qisqarib kelgan boʻlsa, coʻnggi olti yilda grantlar soni 2 barobar koʻpayib, 40 mingga yetdi hamda magistratura uchun 5 barobarga oshdi.

    Inson huquqi – ustuvor

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada insonning eng asosiy huquqlari bilan bogʻliq masalalarni ilgʻor demokratik davlatlardagi kabi faqat sud yoʻli bilangina cheklash mumkinligi toʻgʻrisidagi normalar karrasiga kuchaytirilmoqda, xususan, telefon eshituvlari, tintuv kabi harakatlar faqat sudning qaroriga asosan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

    Shu nuqtayi nazardan, Konstitutsiya loyihasida hozirgi zamon ruhi, Vatanimiz oldida turgan eng muhim muammolar yechimiga qaratilgan quyidagi normalar oʻz ifodasini topmoqda:

    – endi “qora roʻyxatlar”, bankomat oʻrnatmasdan, plastikda yuz foiz oylik maosh va pensiyalarni toʻlab, falon foizga naqdlashtirish, oʻgʻrincha “qora bozor”da valyuta almashtirib, jinoyatchiga aylanish, urib, qiynab boʻyniga ayb qoʻyishlar tarixda qoladi, bu mashʼum kunlar boshqa ortga qaytmaydigan zamon keladi – loyihada inson qadri, shaʼni daxlsiz ekani, hech narsa uni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilanmoqda (26-modda);

    – endi hech kim qonunni buzib, dalil toʻplay olmaydi, fuqaroni nimaga ushlanganini tushuntirmasdan qamab qoʻymaydi, qarindoshingizga nisbatan guvohlik berishga majbur qila olmaydi, qilmagan aybingizni boʻyningga olasan, deb urib-soʻkmaydi, majburlab gapirtirmaydi, sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emas – (27, 28, 29-moddalar);

    – loyiha qabul qilingach, hech kim “qamoqda xoʻrlab muomala qila olmaydi”, qarindoshing sudlangan deb huquqlaringizni cheklay olmaydi (28-modda);

    – birov “propiska” deb boshingizni qotirmaydi – har kim mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga egaligi belgilanmoqda (32-modda);

    – paxtaga yoki koʻcha tozalash va boshqa ishlarga hech kimni majbur qila olmaydi, bolalarni darsdan chiqarib, boshqa ishlarga jalb etishga jurʼat etmaydi – majburiy va bolalar mehnati qatʼiy taqiqlanmoqda (44-modda);

    – hech kim, vallomati boʻlsa ham, birovning uyini oʻzicha buzib tashlay olmaydi, bilganicha noqonuniy qurilishlar qilmaydi – hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazorati, shaharsozlik hujjatlari loyihalari jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi belgilanmoqda (47, 49-moddalar);

    – endi hech kim Oʻzbekiston fuqarosini mamlakatdan chetga chiqmoqchi boʻlsa, taqiqlashga yoki majburan chiqarib yuborishga yoki berib yuborishga, fuqaromiz mamlakatimizga tashqaridan kelganda esa kiritmayman deyishga haqqi yoʻq (23, 32-moddalar). Bu orqali xorijga chiqish uchun har ikki yilda pasportga stiker olishlar endi hech qachon qaytib kelmasligi taʼminlanadi, chegaralar orqali oʻzaro bordi-keldi, qoʻni-qoʻshnichilikka mustahkam zamin yaratiladi;

    – farzandimizga bogʻcha topolmaydigan vaziyat yoki oliy taʼlimga davlat grantlari qisqarib yoki yoʻq boʻlib ketish xavfi ortda qolmoqda — davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat nazoratida ekani, fuqarolar tanlov asosida bepul oliy maʼlumot olishga haqliligi aniq belgilab qoʻyilmoqda (50 va 51-moddalar);

    – har qanday idora yoki hokimlik oliy taʼlim tashkilotlari ishiga aralasha olmaydi – oliy taʼlim tashkilotlari akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga egaligi muhrlanmoqda (51-modda);

    – endilikda shifoxonaga borsak hamma narsa pullik, deb ayta olmaydi – tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi bepulligi belgilanmoqda (48-modda).

    Bundan tashqari yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda:

    – insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi ekanligi;

    – mamlakatimiz tarixida birinchi marta xalqaro shartnomalar xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi;

    – insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etilishi va kafolatlanishi;

    – har kim qonunchilikka va xalqaro shartnomalarga muvofiq, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqliligi;

    – davlat inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratishiga oid normalar mustahkamlanmoqda.

    Muhim yangilanishlar

    Agar yoʻnalishlar kesimida qaraydigan boʻlsak, shaxsiy huquq va erkinliklar, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar borasidagi normalar qariyb 3 barobar koʻpaymoqda. Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlari esa 3,5 barobardan koʻproqqa, oilaga bagʻishlangani esa 2 barobar ortayotganini koʻrishimiz mumkin. Uchta yangi bob (amaldagi Oila bobiga qoʻshimcha bolalar va yoshlar, Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar bobiga qoʻshimcha madaniy va ekologik huquqlar, alohida advokatura bobi) qoʻshilmoqda.

    Konstitutsiya loyihasining 15 normasida davlat shart-sharoitlar yaratishi, 16 normasida davlat kafolatlashi, 4 ta normada davlat qaygʻurishi alohida koʻrsatib oʻtilayotganining oʻziyoq davlatning maqsadi inson huquqlarini taʼminlash ekanini koʻrsatib turibdi.

    Loyihada “inson” soʻzi amaldagi Konstitutsiyaga nisbatan 3 barobar, “bolalar” soʻzi qariyb 3 barobar, “yoshlar” soʻzi 6 barobar, “ayollar, xotin-qizlar” soʻzlari 2 barobar koʻp, “nogironligi bor shaxs”, “aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari”, “intellektual mulk”, “inklyuziv taʼlim” degan soʻzlar esa birinchi marta qoʻllanilgan.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Oʻzbekistonni ijtimoiy davlat, deb eʼlon qilmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar uch barobar ortmoqda.

    Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning burchi ekanligi konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda.

    Loyihada har kim ishsizlikda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga egaligi mustahkamlanyapti. Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyilmoqda. Bu degani, hozirning oʻzida 2 million 200 ming ehtiyojmand oila davlatdan kafolatli moddiy yordam oladi, deganidir. Bu – jami oilalarning 25 foiziga toʻgʻri keladiki, ayni xarajatlar uchun har yili 11 trillion soʻm ajratiladi.

    Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlashi, ularning taʼlim olish, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilanmoqda.

    Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi mustahkamlanmoqda.

    Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida halqaro huquq normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qilishi muhrlanmoqda.

    Har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish huquqi konstitutsiyaviy kafolatlanmoqda.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga asosan davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerak.

    Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi. Har bir inson oʻz shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi mumkin emas.

    Shaxsni ushlab turish chogʻida unga tushunarli tilda oʻz huquqlari va ushlab turilish asoslari tushuntirilishi kerak.

    Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi nazarda tutilmoqda.

    Gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi qayd etilmoqda.

    Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi konstitutsiyaviy kafolatlanmoqda.

    Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada insonning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ekologik hayotdagi huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha davlat majburiyatlari bir necha bor oshayotgani davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimining samaradorligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirishni taqozo etmoqda.

    Parlament faoliyatidagi oʻzgarishlar

    Konstitutsiyaviy qonun loyihasida parlament faoliyati bilan bogʻliq konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlarini qayta koʻrib chiqish, bunda, Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari, har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va masʼuliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda.

    Xususan, Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqish va maʼqullash, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri saylanadigan Qonunchilik palatasiga oʻtkazilmoqda. Bu oʻzgartish quyi palataning vakillik tabiatiga mos keladi hamda uning faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.

    Ikkinchidan, ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, Senatning mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga oshirilmoqda. Parlament nazorati obyektlari boʻlmish ijro hokimiyati organlari ixchamlashtirilayotganidan kelib chiqib, Senat ham ixchamlashmoqda. Shu asnoda, joylardan teng vakillikni saqlab qolgan holda senatorlar soni 65 nafar etib belgilanmoqda.

    Davlat hokimiyati tizimida oʻzaro tiyib turish va muvozanatni taʼminlash prinsipidan kelib chiqib, vazirliklar va davlat boshqaruvi organlarini tuzish va tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarni tasdiqlash vakolati ham Senatga oʻtmoqda.

    Inqilobiy yangiliklar

    Oʻzbekiston Respublikasida barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan himoya qilinishi taʼminlanishi qatʼiy belgilanmoqda. Bu fuqarolar farovonligini oshirishga yoʻnaltirilgan iqtisodiyot rivojlanishi, mulkdorlar qatlami kengayishiga xizmat qiladi.

    Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlashi boʻyicha qoida mustahkamlanmoqda. Mazkur norma mamlakat iqtisodiyotiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirishga, investorlar ishonchini mustahkamlashga, tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga xizmat qiladi.

    Tadbirkorlarning qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli ekanligi belgilanmoqda. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur qoʻshimchalar erkin bozor iqtisodiyotining eng muhim talabini oʻzida ifoda etib, tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishning asosiy mezonlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlanishi mustahkamlanmoqda. Bu hol tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini noqonuniy cheklashning oldini olishga va mehnat resurslarining erkin harakatiga zamin yaratadi.

    Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi mustahkamlanmoqda. Konstitutsiyaga ushbu norma kiritilishi tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar yaratish orqali tadbirkorlar oʻrtasida halol raqobatni rivojlantirishga hamda ishlab chiqarishga yangiliklarni tezkor joriy etish orqali samaradorlikni yuksaltirishga xizmat qiladi.

    Konstitutsiyada ilk marotaba yer xususiy mulk boʻlishi mumkinligi nazarda tutilmoqda. Ushbu norma yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizdagi haqiqiy inqilobiy yangiliklardan biri sifatida mulkchilik munosabatlaridagi boʻshliqni toʻldirdi.

    Konstitutsiyamizning yangi tahririga tabiiy atrof muhitni muhofaza qilishga doir normalar kiritilgan. Shu jumladan, ekologik huquqlar ham loyihaning IX bobiga kiritilganini alohida qayd etish lozim. Tabiatdagi global iqlim oʻzgarishlari, Orol dengizi qurishi bilan bogʻliq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani, ekologik xavfsizlik gʻoyat dolzarb masalaga aylangani sababli ekologik masalalar Asosiy qonunimizda oʻz aksini topayotganini eʼtirof etish lozim.

    Atrof-muhit inson salomatligi va hayotiga taʼsir qiluvchi muhim omildir. BMT maʼlumotlariga koʻra, inson salomatligining 30–40 foizi atrof-muhit holatiga bogʻliq. Qulay atrof-muhit tabiiy zaxiralar qisqarayotgan, global iqlim oʻzgarishi, ekologiya va tabiat bilan bogʻliq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, koʻpgina rivojlangan davlatlarda ham ushbu muammo keng muhokama etilmoqda hamda ekologiya, atrof-muhit muhofazasiga oid yangi normalar Konstitutsiyaga kiritilmoqda.

    Agar biz, barchamiz millatimiz, dinimiz, tilimiz, yoshimizdan qatʼi nazar, bir tanu bir jon, ahil va hamjihat boʻlib, turli buzgʻunchi kuchlar aldovlariga uchmasdan, jamiyat va davlatning birgalikdagi taraqqiyot yoʻlini belgilab olsak, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz barchamizni birlashtiruvchi chinakam xalq Konstitutsiyasi boʻladi.

    Erkin va farovon, tinch hamda osoyishta hayot osmondan tushmaydi, uning uchun kurashish kerak. Tarixiy haqiqatlar shuki, barcha orzu qilgan buyuk davlatlarni oʻsha yurtning matonatli xalqi barpo etgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya boʻyicha oʻtkaziladigan referendumdagi faol ishtirokimiz bilan oʻzimiz, oilamiz, farzandlarimiz mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun mustahkam poydevor yaratgan boʻlamiz.

    Naim OBLOMURODOV,

    Toshkent moliya instituti professori,

    tarix fanlari doktori.