Sessiyada Armaniston, Belarus, Qirg'iziston, Qozog'iston, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston hamda O'zbekiston davlat moliyaviy nazorati oliy audit rahbarlari videokonferentsiya shaklida ishtirok etdi.
Bu yilgi sessiyada “Davlat auditining mustaqilligini ta'minlash” mavzusida ishtirokchi mamlakatlar oliy audit organlari rahbarlari ma'ruzalari tinglandi.
Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisining birinchi o'rinbosari B.Turabov o'z ma'ruzasida Hisob palatasi faoliyatining asosiy printsiplari (qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik va shaffoflik) hamda vakolatlari to'g'risida to'xtalib, uning mustaqilligi INTOSAIning (davlat moliyaviy nazorati oliy organlarining halqaro tashkiloti) Lima (1997-yil) va Meksika (2007-yil) deklaratsiyalarida qayd etilgan tamoyillarga to'liq muvofiqligini bildirdi.
Tadbirda MDH Bosh kotibi o'rinbosari D.Trefilov davlat moliyaviy nazorati organlarining bugungi kundagi ahamiyati yuzasidan chiqish qildi.
Shuningdek, sessiyada davlat moliyaviy nazorati oliy organlarining standartlarini ishlab chiqish bo'yicha Ishchi guruhi hamda Kengash kotibiyati faoliyati, Kengashning ish rejasini tasdiqlashga doir masalalar ko'rib chiqildi.
Kengash tomonidan 2025-yil sentyabrdan boshlab unga raislik qilish vakolati O'zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga berilishi taklif qilindi va bir ovozdan O'zbekiston Hisob palatasiga 2025-2027-yillar davomida Kengashga raislik qilish vazifasi topshirildi. Shu munosabat bilan Kengashning XXI sessiyasini 2025-yil sentyabr oyida O'zbekistonda o'tkazish taklifi ma'qullandi.
Ushbu nufuzli tuzilmaga raislik qilish vazifasining O'zbekiston Hisob palatasiga yuklatilishi, bu, avvalambor, mamlakatimizdagi davlat moliyaviy nazorati sohasidagi islohotlar tufayli xalqaro hamjamiyat bilan konstruktiv muloqotning mahsulidir.
MDHga a'zo davlatlar oliy audit organlari bilan yaqindan hamkorlik qilish mamlakatimizda tashkil qilingan davlat auditi tizimi uchun qator imkoniyatlar beradi, jumladan, uning salohiyati va samaradorligini oshirish, ilg'or xorijiy tajriba almashish, auditning xalqaro professional standartlarini tatbiq etish va xalqaro hamjamiyat doirasida o'z ovoziga ega bo'lish.
Sessiya ishi yakuni bo'yicha davlat moliyaviy nazorati oliy organlarining mustaqilligini ta'minlash, ularning INTOSAI tashkiloti bilan hamkorligini davom ettirish, davlat auditi sohasi vakillarining bilim va ko'nikmalarini, kasbiy mahoratini va salohiyatini oshirish borasida Kengash a'zolarining o'zaro hamkorligini kuchaytirish hamda boshqa masalalar yuzasidan tegishli rezolyutsiya qabul qilindi.
MA'LUMOT UCHUN: Kengash MDH davlatlarining davlat moliyaviy nazorati tizimini takomillashtirish sohasida ish tajribasi almashish, o'zaro hamkorlikni kuchaytirish va faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida 2000-yilda tashkil etilgan. Kengash doirasidagi hamkorlikning asosiy yo'nalishlari – qo'shma ikki tomonlama nazorat-tahlil tadbirlarini o'tkazish, auditorlar bilim va malakasini oshirish sohasida o'zaro hamkorlik qilish hamda oliy audit organlarining MDH makonida sohaga doir qonun hujjatlarini unifikatsiyalashdan iborat.