Aniqlanishicha, murojaatchining otasi B.J. birinchi turmush oʻrtogʻi vafot etganidan keyin A.U. bilan qonuniy nikohdan oʻtadi. Ularning birgalikdagi turmushidan farzandi boʻlmagan. 1995-yilda B.J, 2010-yilda esa turmush oʻrtogʻi A.U. vafot etadi.
Shundan soʻng Z.J. otasi B.J. va oʻgay onasidan qolgan uy-joyni rasmiylashtirib berishni soʻrab murojaat qiladi. Fuqaroning murojaatiga asosan Forish tumani hokimligi 2015-yil 3-martda Forish tumani Osmonsoy QFY Yarashlov qishlogʻidagi uy-joyni marhuma A.U. nomiga rasmiylashtirish haqida qaror chiqargan.
Shundan soʻng fuqaro Z.J.ning murojaatiga koʻp idoralar shunchaki “javob” berish bilan cheklangan.
Fuqaroning Ombudsmanga murojaatida otasidan qolgan uy-joydan hissa ajratilmagani natijasida farzandlari va nabiralari roʻyxatga olinmagani, shu sababli ijtimoiy yordam va boshqa koʻmaklardan mahrum boʻlayotgani yozilgan va qonuniy asosda yordam berilishi soʻralgan.
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Oila kodeksiga muvofiq, er va xotinning nikoh davomida orttirgan mol-mulki birgalikdagi umumiy mulk hisoblanishi hamda Fuqarolik kodeksida mol-mulkning vasiyat qilinmagan qismi merosxoʻrlar oʻrtasida taqsimlanishi nazarda tutilgan. Murojaatchining uzoq yillar davomida qiynalgani, ijtimoiy sharoiti ogʻirligi sababli Ombudsman fuqaro manfaatida sudga daʼvo ariza kiritdi.
Sud Ombudsmanning fuqaro manfaatida kiritilgan daʼvo arizasini toʻliq qanoatlantirib, fuqaro Z.J.ni B.J.dan qolgan mulkning birinchi navbatdagi vorisi deb topdi va meros mulkdan ulushini belgilab berdi.
Fuqaroning qonuniy huquq va manfaatlari sud tomonidan tiklangani uning koʻplab idoralarga sarson-sargardon boʻlishiga chek qoʻydi, deyiladi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili axborot xizmati xabarida.